Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar Yangiyo‘l tumanidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi
12:44 / 2021-05-11

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun tumandagi ishlab chiqarish korxonalari va turizm majmualariga media-tur tashkil etildi.

Dastlab media-tur ishtirokchilari "Yangiyoʼl tekstil" korxonasi faoliyati, mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Korxona 2019 yilda ishga tushgan bo‘lib, ayni paytda 500 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Bu yerda o‘zimizning dalalarda yetishtiriladigan oliy nav paxtadan ip-yigiruv mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Kalava-ip mahsulotlari tayyor bo‘lgunga qadar to‘rt bosqichdan o‘tadi.

Ayni paytda kalava-iplar Xitoy, Turkiya va Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Korxonada kuniga 17-17,5 tonna ip ishlab chiqariladi. Korxonaning yillik quvvati 6 ming 300 tonnani tashkil etadi. Bir yilda 12 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

– Korxonada ikki yarim yildan buyon stanok operatori vazifasida ishlab kelmoqdaman, – deydi Sevara Ortiqaliyeva. – Biz uchun kerakli sharoitlar yaratilgan. Uch mahal ovqat beriladi. Ishchilar qatnashi uchun avtobus yo‘lga qo‘yilgan. 1,5 millionga yaqin ish haqi olaman. Muhimi, oilamga nafim tegyapti.

Korxona o‘z oldiga aniq rejalar qo‘ygan. Ya’ni kelajakda xomashyodan mato va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ommaviy axborot vositalari, shuningdek, sifatli mato ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Dinamix» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘ldi.

– Oldin ham ushbu bino bor edi, – dedi korxona rahbari Otabek Asadullayev. – Lekin bu yerdagi dastgohlar juda eskirgan edi. Biz tadbirkorlarga yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, o‘z loyihamizni ishlab chiqdik. Bu loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Dastlab mazkur korxonani 2019 yil tashkil etdik. Ip-kalava mahsulotlaridan xom mato ishlab chiqarib, bo‘yayapmiz. Hozir mazkur matolarni Italiyaga eksport qilyapmiz. Ayni damda korxonada 370 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Yangi sexlarimiz ham ishga tushgan. Shu kunlarda yana 100 ta ishchi o‘rni yaratilmoqda. Avgust oyigacha sochiq ishlab chiqarish va bo‘yashni rejalashtiryapmiz. Bular ham Yevropaga eksport qilinadi. Shunda yana 250-300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezident tashabbusi bilan yoshlarga yer ajratib berish orqali ular ishga jalb qilinib, yigit-qizlar bandligini ta’minlashning yangi tizimi joriy etildi. Ishlab chiqilgan manzilli dasturga ko‘ra, joylarda bu tadbirga jiddiy kirishilmoqda.

[gallery-2362]

Navbatdagi manzil tumandagi «Niyozbosh» MFY hududidagi yoshlarga ajratilgan ekin yer maydoni bo‘ldi. Yer maydoni umumiy 10 gektarni tashkil etib, «Har bir yoshga bir gektar» loyihasi doirasida 34 nafar yoshga kooperatsiya shaklida ajratib berilgan. Buning afzalligi shundaki, yoshlarga yer haydashidan tortib, to ekin ekib olishgacha subsidiya mablag‘lari ajratiladi. Hozir yoshlar bilan kooperatsiya shaklida 10 yilga shartnoma tuzilgan.

Niyozbosh hududi asosan ko‘katchilikka ixtisoslashgan. Ya’ni hududda 7-8 xil turdagi ko‘kat yetishtiriladi. Tumanning asosiy eksport mahsuloti ham aynan shu ko‘katlar. Shu jihatdan yoshlar bu yerda asosan ko‘kat ekib, hosil olmoqda. Ko‘kat yetishtirishning yana bir afzallik tomoni shundaki, bir marta ekib, 3-4 marta hosil o‘rib olish imkoni mavjud. Bu degani bir marta xarajat qilib, 4 marta daromad olishdir.

Niyozbosh qishlog‘idagi 27-maktab bitiruvchisi Nigina Abduxalilovaga ham 20 sotix yer maydoni ajratilgan. Nigina bu yerga ko‘kat hamda piyoz ekib, birinchi hosilini olish arafasida. Uning kelajakda rejalari ko‘p.

Hududdagi «Niyozbosh Ozod omadi» MCHJga qarashli issiqxona faoliyati ham jurnalistlarni befarq qoldirmadi. Issiqxonada asosan bulg‘or qalampiri, pomidor, qo‘ziqorin yetishtirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanilmoqda. Bu esa ancha suvni tejashga xizmat qiladi.

Jurnalistlar tumandagi «Xorazm baliq sanoat agro» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda yuqori sifatli chavoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan to‘liq tizimli naslchilik xo‘jaligini tashkil etish loyihasi bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.Loyiha doirasida tarmoqni intensiv rivojlantirishda muhim bo‘g‘in hisoblangan yuqori sifatli chavoq ishlab chiqarish, seleksiya va naslchilik ishlarini olib borish, ilm-fan integratsiyasini ta’minlash, baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutidagi mavjud sun’iy suv havzalarini to‘liq qayta ta’mirlash, zamonaviy, jahon andozalariga mos keladigan laboratoriya tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda samarasiz foydalanilayotgan 264 gektar sun’iy suv havzalari davlat xususiy sheriklik shartlari asosida «Xorazm baliq sanoat agro» MCHJga 20 yil muddatga foydalanishga beriladi.

Loyiha doirasida 2021-2023 yillarda 50 milliard so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilib, 264 gektar sun’iy suv havzasi va 24 kilometr zovurlarni kapital ta’mirlash, 300 tonna baliqni saqlash va qayta ishlash sexi va kuniga 50 tonna yem ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish belgilangan.

Loyiha yakuniga qadar 100 nafar fuqaro, birinchi navbatda, Yangiyo‘l tumanidagi «Temir daftar»ga kiritilgan oila a’zolari doimiy ish bilan ta’minlanadi. Baliqchilik institutidan ilmiy hamkorlik doirasida 10 nafar xalqaro konsultantlar jalb etiladi. Kelgusi ikki yilda xorijdan yuqori sifatli, tez o‘suvchi 1 ming dona naslli baliq olib keltiriladi. Baliq yetishtirish hajmi 1 ming tonnaga, lichinka ishlab chiqarish 100 million donaga yetkaziladi. 20 gektar suv havzasida havaskor-sport baliq ovi va ekoturizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Jurnalistlarning navbatdagi manzili “Aladdin” xizmat ko‘rsatish va turizm majmuasi bo‘ldi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, xostel, dala hovlilari, yozgi ko‘ngilochar majmua, karaoke bar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Oilaviy hordiq chiqarish uchun maxsus suv havzasi va dala hovlilari ham mavjud.

 

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA