Toshkent shahar hokimligi tomonidan jurnalist va blogerlarni yangilangan mahallalar, zamonaviy maktablar hamda maktabgacha ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar poytaxtning Shayxontohur tumanidagi yangilangan Shodlik hamda Yangi Kamolon mahallalari, rekonstruksiya qilingan maktab va MTTlar bilan tanishdi.

Shodlik mahallasi bugungi kunda Toshkent shahridagi eng faol ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar maydoniga aylangan. Mahalla hududida amalga oshirilgan keng ko‘lamli infratuzilma va ijtimoiy loyihalar, aholi hayotini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili 1990 yilda qurilgan 588 sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Muassasada 2023 yilda mahalliy byudjet hisobidan to‘liq kapital ta’mirlash ishlari boshlangan. Natijada DMTTning tomi, fasadi, issiqlik, suv va elektr tizimlari, eshik va derazalari hamda pol qoplamalari to‘liq yangilandi. OAV vakillariga barcha o‘zgarishlar va bog‘chaning zamonaviy qiyofasi tanishtirildi.

Shuningdek, press-tur doirasida ishtirokchilar 84 maktab hamda 567 sonli DMTTdagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1990 yilda barpo etilgan 567 sonli DMTT 2024 yilda byudjet mablag‘lari hisobidan to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi. Bino zamonaviy mebel va texnikalar bilan jihozlandi, issiqlik, elektr, suv tizimlari butunlay yangilandi.

Shu bilan birga, tadbir qatnashchilari 1983 yilda qurilgan 846 o‘rinli 84 sonli umumta’lim maktabini ham borib ko‘rdi. Mazkur maskanda “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida hamda tuman hokimligining moliyaviy ko‘magi asosida bino tomlari va derazalari to‘liq yangilangan. Bundan tashqari, maktabning tashqi hududi obodonlashtirilib, tashqi devorlar ham ta’mirlandi.
Maktabning boshlang‘ich sinflarida inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan xona tashkil etildi. Shuningdek, yangi robototexnika sinfi ochilib, zamonaviy kompyuter texnikalari va o‘quv mebellari bilan jihozlandi.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Yangi Kamolon mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi.
Hududda joriy etilgan "Obod mahalla", "Obod xonadon" va "Obod ko‘cha" dasturlarining ijrosi mazkur oy avvalida davlatimiz rahbariga namoyish etilib, yuqori baholandi.
Guvohi bo‘lganimizdek, bu yerda 13 km. uzunlikda piyodalar yo‘laklari qurilib, aholining xavfsiz harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilgan. 10 ta bolalar maydonchasi, mahalla guzari va nuroniylar oromgohi hamda 1 ta sport maydonchasi tashkil etilgan. 20 dan ortiq noqonuniy qurilmalar bartaraf etilib, markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiyasi qayta tiklangan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA