Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar yadro tibbiyotining ichki sirlariga guvoh bo‘lishdi (+video)
10:07 / 2025-12-19

Yadro tibbiyoti sohasining bugungi kundagi yutuqlarini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida jurnalistlar uchun Yadro fizikasi institutiga qarashli “Radiopreparat” davlat muassasasida press-tur tashkil etildi.

O‘zR FA tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda media vakillari nafaqat ishlab chiqarish jarayonlari, balki yadro tibbiyoti sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarning real amaliyotini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shu bilan bir qatorda ularga radioaktiv izotoplar yaratishdan tortib, ularni tayyor dori shakliga keltirishgacha bo‘lgan jarayon — to‘liq ilmiy va ishlab chiqarish sikli ko‘rsatib berildi.

Korxona faoliyati, avvalo, onkologiya, endokrinologiya va yurak-qon tomir kasalliklarini tashxislash hamda davolashda qo‘llaniladigan radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Aynan shu mahsulotlar bugun mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining juda muhim qismiga aylangan. 

Bundan tashqari, diagnostika uchun immunoferment test-tizimlar, shuningdek, texnetsiy-99m generatorlarining tayyorlanish jarayoni ham jurnalistlarga namoyish etildi. Ishlab chiqarishda xalqaro GMP, ISO hamda IAEA standartlariga to‘liq amal qilinishi — bu yerda xavfsizlik va sifatning eng ustuvor vazifa ekanini ko‘rsatadi. 

“Radiopreparat” muassasasi bugungi kunda mamlakat ichki ehtiyojini to‘liq qondiribgina qolmay, eksport bozorida ham faol ishtirok etmoqda. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yaponiya va Yevropaning qator davlatlari bilan doimiy hamkorlik — mahalliy texnologiyalar raqobatbardoshligini yaqqol isbotlaydi.

Birgina joriy yilning o‘zida o‘ttizdan ortiq eksport bitimlarining amalga oshirilgani ham bunga misol. 

Press-tur davomida ilmiy xodimlar, ekspertlar va jurnalistlar ochiq muloqot qildilar. Yadro tibbiyotining kelajagi, yangi tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi va xalqaro loyihalar keng muhokama qilindi. 

Shu tariqa “Radiopreparat” muassasasining nafaqat ishlab chiqarish korxonasi, balki milliy yadro tibbiyot infratuzilmasida strategik markaz sifatidagi o‘rni muhimligiga OAV yana bir bor guvoh bo‘lishdi. Bu yerda yaratilayotgan mahsulotlar — milliy davolash muassasalarining samaradorligini oshirib, bemorlar uchun aniqlik va xavfsizlikni kafolatlaydi. 

Yuqori texnologiyali jarayonlar, ilmiy izlanishlar va amaliy ishlab chiqarish uyg‘unligi esa — O‘zbekistonning ilmiy-texnik taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KfGmteATl_A" title="Jurnalistlar yadro tibbiyotining ichki sirlariga guvoh bo`lishdi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov (video), O‘zA