Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar, joriy yildagi rejalar hamda mavsumiy yuqumli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tizimi mas’ullari, mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida boshqarma hamda uning quyi tizimlari tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
- O‘tgan yili belgilangan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha zarur ishlar olib borildi, - deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yusufjon Ortiqov. – Faoliyatimiz davomida, ayniqsa, yuqumli kasalliklar kelib chiqishi hamda tarqalishining oldini olish, aholining salomatlikka oid bilim va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjumanda yuqumli kasalliklar, xususan, virusli gepatit, uning turlari bilan bog‘liq holat bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2022 yil mobaynida fuqarolarning virusli gepatit bilan kasallanish ko‘rsatkichi avvalgi yilga nisbatan ortgan. Kasallikning 85,4 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qayd etilgan.
Mazkur yo‘nalishda belgilangan kompleks chora-tadbirlar doirasida viloyatdagi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar reja asosida virusli gepatitning “A” turiga qarshi emlandi.
Shuningdek, anjumanda gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarining tarqalishiga qarshi kurashish, pnevmoniya kasalligining oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar ham aytib o‘tildi. Jumladan, barcha viloyat shifoxonalari, shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida ushbu xastaliklarning kunlik monitoringi olib borildi.
Yil davomida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglari, tarbiyalanuvchilari, tibbiyot xodimlari, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillari belgilangan tartibda ushbu xastaliklarga qarshi emlandi.
Mutaxassislar tomonidan viloyatda o‘tkir ichak, ich terlama, salmonellyoz hamda teri-tanosil kasalliklari bo‘yicha holat, ushbu xastaliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish, bu boradagi profilaktik tadbirlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Ushbu kasalliklar kelib chiqishi, yuqishi hamda tarqalishining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, fuqarolarning bu boradagi bilim va tushunchalarini oshirish zarurligi alohida qayd etildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA