Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limiga yangi rais saylandi
Samarqand viloyati Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining navbatdagi umumiy yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda uyushma viloyat bo‘limining 2022 yildagi faoliyati sarhisob qilindi. Uyushma viloyat bo‘limi boshqaruvi a’zolari “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari – Zarnews.uz veb-sayti muharriri Akram Haydarovni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi etib sayladi.
Yig‘ilishda bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining, jurnalistlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, jumladan, samarqandlik ijodkorlarning faolligi e’tirof etildi. Shu bilan birga ayni paytdagi shiddatkor zamonda yanada jasorat bilan, fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilish, xalq orzu-istaklari, muammo va dardlarini olib chiqishda ijodkorlardan professionallik talab etilishi ta’kidlandi.
G‘.HASANOV, O‘zA