O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Media savodxonligi va axborot mustaqilligi – Yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligida matbuot anjumani tashkil etildi. Sohada so‘nggi yillar davomida erishilgan natijalar, joriy etilayotgan yangiliklar xususida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, ishtirokchilar Toshkent davlat agrar universitetining ilmiy-tajriba xo‘jaligi hududida bo‘ldi. Mazkur hududda ishtirokchilar universitetda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlari bilan tanishdi.

Qayd etish lozimki, Toshkent davlat agrar universitetida ta’lim sifatini yaxshilash, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar, xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, AQSH, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Yaponiya, Portugaliya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar ta’lim dasturlari tahlili asosida o‘quv dasturlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tizimi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim sifatini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida professor-o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirishlari tashkil etilgan.

Press-tur ishtirokchilari “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash institutiga tashrif buyurdi va sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan islohotlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent davlat agrar universitetida “Kelajakka qadam” markazi tashkil etilgan. OAV xodimlari mazkur Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

"Kelajakka qadam” markazida talabalarning “StartUp” loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beriladi. Xususan, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovi uchun saralashdan o‘tgan 6 nafar ishtirokchining loyihalari aynan Markazda keng darajada o‘rganib chiqildi, ular g‘olib deb topildi.

Ishtirokchilar Urug‘chilikni rivojlantirish markazida bo‘ldi va mahalliy nav urug‘liklari kolleksiyalari ko‘rgazmasida qatnashdi. Markaz rahbari Sh.Otajonov Markaz faoliyati haqida taqdimot qildi. Press-tur Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida davom ettirildi. Amaliyotda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar va innovatsion yechimlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA