Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar turnirida chorak finalchilar aniqlandi
16:26 / 2019-06-25

ular safida O‘zA jamoasi ham g‘oliblik uchun kurashni davom ettirmoqda


Xabar berganimizdek, bugun Chilonzor tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida mini-futbol bo‘yicha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi sovrini uchun o‘tkazilayotgan turnir bahslariga start berildi.

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu musobaqada 10ta jamoa 3ta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.
A guruhida “Xalq so‘zi” jamoasi “O‘zbekiston-24” telekanali xodimlarini 2-0 hisobi bilan dog‘da qoldirdi. Ushbu natija “Xalq so‘zi” jamoasini guruh g‘olibi sifatida keyingi bosqichga olib chiqdi, negaki mazkur kvartetdan joy olgan “Sevimli” va “Toshkent” telekanali jamoalari musobaqaga yetib kelmadi. Qizig‘i, bitta mag‘lubiyat va ikkita texnik g‘alaba bilan “O‘zbekiston-24” telekanali jamoasi ham keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Eng shiddatli va murosasiz o‘yinlar V guruhida kuzatildi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Boisi, ushbu kvartetdan bir-biriga munosib jamoalar o‘rin olishgandi. Buni natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Ushbu guruhda futbolning haqiqiy zavqi va tarovatini namoyon etuvchi barcha jihatlar kuzatildi – bir-biridan chiroyli gollar, shiddatli to‘qnashuvlar, ajoyib kambeklar va hattoki qizil kartochkalar...


Jurnalistlar-koptok-tepmoqda (2).jpg

Jurnalistlar-koptok-tepmoqda (4).jpg

V guruhi o‘yinlarini O‘zA va “Yoshlar ovozi” jamoalari boshlab berishdi. O‘yinni dadil boshlagan jamoamiz Nurg‘isa Dusetovning aniq zarbasidan keyin hisobda oldinga chiqib oldi. Ammo, keyinchalik O‘zA futbolchilari biroz xotirjamlikka berildi chog‘i o‘z darvozalaridan ikkita to‘p o‘tkazib yubordi va imkoniyatni boy berdi.

2-turda yigitlarimiz ushbu guruhda o‘yin sifati borasida barcha jamoalardan ajralib turgan bo‘lsa-da, biroq hujumlar samaradorligi borasida oqsagan “Mening yurtim” telekanali jamoasi darvozasiga javobsiz uchta gol kiritdi va chorak final sari muhim qadam tashlashdi. O‘zA jamoasiga g‘alaba keltirgan gollarga Shohruh No‘monov (ikkita) hamda Obid Ochilovlar mualliflik qildi.

Nihoyat 3-turda “Sport” telekanali jamoasi bilan kechgan qiziqarli o‘yinda tomonlar murosaga kelishdi – 1:1. Qizig‘i, sportchilar chin ma’noda o‘z nomiga munosib harakat qilishdi, ya’ni hech kimni ranjitmadi va o‘zlari ham xafa bo‘lmadi. “Sport – do‘stlik elchisi” iborasi shu o‘rinda o‘zini oqladi. Guruhdagi barcha o‘yinlarda durangga erishgan va 3 ochko bilan chorak finalga yo‘l olgan jamoa “Yoshlar ovozi”ga qarshi kechgan bahsda o‘yin tugashiga atigi 2 daqiqa qolganida mag‘lubiyatdan qutilib qolgani ham tahsinga loyiq.

Jurnalistlar-koptok-tepmoqda (6).jpg

Jurnalistlar-koptok-tepmoqda (15).jpg

Ushbu guruhda “Yoshlar ovozi” jamoasi 7 ochko bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, O‘zA jamoasi 4 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi.

S guruhida kutilganidek MTRK jamoasi barcha o‘yinlarda ishonchli g‘alabaga erishdi va yuz foizlik natija bilan guruh g‘olibiga aylandi. Ushbu kvartetdan o‘rin olgan qolgan uchta jamoa esa 2-o‘rin uchun kurashdi va unda omad kun.uz jamoasiga nasib etdi. Ular “Ma’rifat” jamoasi bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, “Mahalla” gazetasiga qarshi o‘yinda irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘z navbatida “Mahalla” jamoasi ham “Ma’rifat”chilarni ayab o‘tirmadi va 3:0 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa bu guruhda keyingi bosqichga MTRK jamoasi bilan birga kun.uz va “Mahalla” jamoalari yo‘l olishdi.

O‘yinlarda qayd etilgan natijalar:

25 iyun, A guruhi
1-tur
“Xalq so‘zi” – “O‘zbekiston-24” – 2:0
“Toshkent-TV” va “Sevimli” jamoalari o‘yinlarga yetib kelmadi.

V guruhi
1-tur
O‘zA – “Yoshlar ovozi” – 1:2
“Sport-TV” – “Mening yurtim” – 2:2
2-tur
“Sport-TV” – “Yoshlar ovozi” – 2:2
“Mening yurtim” – O‘zA – 0:3
3-tur
O‘zA – “Sport-TV” – 1:1
“Yoshlar ovozi” – “Mening yurtim” – 3:1

S guruhi
1-tur
MTRK – “Mahalla” – 6:1
“Ma’rifat” – kun.uz – 2:2
2-tur
“Mahalla” – “Ma’rifat” – 3:0
kun.uz – MTRK – 0:2
3-tur
MTRK – “Ma’rifat” – 4:0
“Mahalla” – kun.uz – 2:3

26 iyun, ¼ final
1) 7:00-7:35 “Xalq so‘zi” – “Sport-TV”
2) 7:00-7:35 “Yoshlar ovozi” – “Mahalla”
3) 7:40-8:15 MTRK – “O‘zbekiston-24”
4) 7:40-8:15 O‘zA – kun.uz
Musobaqa g‘oliblari ertaga aniqlanadi.