“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qish mavsumida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi”da press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari bundan besh yil avval Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida ishga tushirilgan, bugungi kunda Farg‘ona vodiysida iste’molchilar uchun elektr ta’minoti bo‘yicha asosiy manba hisoblangan, ikkita zamonaviy bug‘-gaz qurilmalariga ega bo‘lgan mazkur korxonada elektr energiyasi generatsiyasi jarayonini kuzatdi.

– Stansiyamiz tomonidan o‘tgan 2024 yilda 6,4 milliard kVt. soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Qurilmalarning ishonchli ishlashi natijasida rejaga nisbatan 54 million kubometr tabiiy gaz resurslarining tejalishiga erishildi, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” korxonasi mas’ul xodimi Ravshan Mirsaidov. – Bu o‘z navbatida, yurtimizdagi an’anaviy issiqlik elektr stansiyalaridagi shunday ko‘rsatkichlardan ikki barobar samarali hisoblanadi. 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish va mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida stansiyaning birinchi va ikkinchi energobloklari “O‘zbekenergota’mir” aksiyadorlik jamiyati hamda Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries”, “Mitsubishi Generator” kompaniyalari muhandislari ishtirokida navbatdagi inspeksiya jarayonidan o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilda ishlab chiqarish tannarxi rejalashtirilgan ko‘rsatkichga nisbatan ikki karradan ortiq, ya’ni 910 milliard so‘mga pasayishiga erishildi. Yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilishning samaradorligini oshirish va energiya sarfini kamaytirish hisobiga 596,3 million kubometr tabiiy gaz, 16,1 million kVt. soat elektr energiyasi tejaldi.

Jurnalistlar korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish, energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA