Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar “Top Quality Brand” MCHJ faoliyati bilan tanishdi (+video)
11:04 / 2023-12-30

Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Angor tumanida faoliyat yuritayotgan “Top Quality Brand” mas’uliyati cheklangan jamiyatining teri xomashyosini qayta ishlovchi korxonasiga press-tur tashkil etildi. Unda ishtirok etgan jurnalist va blogerlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan ushbu korxonaning umumiy loyiha qiymati 23 million AQSH dollari bo‘lib, yiliga 1,2 million kv. metr tayyor charm, 450 ming juft poyabzal, 250 ming dona charm-attorlik mahsulotlari, 5 ming tonna jelatin ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu degani, shu paytgacha chiqindiga chiqarilgan yoki kam miqdorda, arzon narxda boshqa hududlarga sotib yuborilgan chorva mollari terisi endilikda o‘zimizda qayta ishlanmoqda. Shu bilan birga, aholi chorva mollari terisini sotib, daromad topish imkoniga ham ega bo‘ldi.

Loyihaning birinchi bosqichida 210 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Ishchi xodimlar uchun yotoqxona, 20 o‘rinli o‘quv markazi, oshxona va boshqa sharoitlarga ega yordamchi binolar zamon talablari asosida tashkil etildi.

[gallery-15277]

Tadbirda qayd etilishicha, mazkur korxonada qayta ishlangan teri mahsulotlari Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Portugaliya, Germaniya kabi davlatlarga eksport qilinadi. Yillik eksport hajmi 15 million AQSH dollari, byudjetga tushum miqdori esa 4 milliard so‘mdan iborat.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng sifatli va oyoq kiyim uchun mos teri aynan Surxondaryo viloyatida parvarishlangan chorva mollarining terisi hisoblanar ekan.

2024 yilda mazkur korxonaning o‘zida brend mahsulotlar – toza charm poyabzal, sumka, mebel jihozlari, samolyot uchun o‘rindiqlar, kiyim-kechaklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.  

Press-tur ishtirokchilari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishchilar bilan suhbat qurdi. Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollariga soha xodimlari batafsil javob qaytardi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ZC9F6_9XuLU?si=l_fZ3ztQ6fDWI4Cm" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA