Andijonda viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘llar infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar hamda boshqarma mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, aholining bu boradagi huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Dastlab viloyat YHXB bo‘lim boshlig‘i Saydullo Dadaboyev viloyatning qator hududlarida yo‘l infratuzilmasidagi muammolar, transport vositalari va piyodalar harakatini qiyinlashtirayotgan holatlar, ana shu muammolar natijasida yuzaga kelgan yo‘l-transport hodisalari, oqibatlari haqida, shuningdek, ana shu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif etilayotgan loyihalar haqida press-tur ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng hududlardagi yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar bilan bevosita joylarga borib tanishildi.
Dastlab Andijon shahri, Bobur shohko‘chasida joylashgan “Mumtoz” savdo majmuasi oldidagi chorrahada yuzaga kelayotgan tirbandliklar kuzatildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur chorrahadan bir sutkada 35 mingdan ziyod transport vositasi, 82 ming nafarga yaqin piyoda o‘tadi. Kunning asosiy qismi – ertalab 7.00 dan kech 19.00 gacha tirbandlik juda yuqori bo‘ladi. Birgina o‘tgan 2023-yil davomida mazkur chorrahada piyodalar ishtirokida 23 ta yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelgan. Buning natijasida 5 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, 27 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan mazkur chorrahada yer osti o‘tish yo‘lini qurish bo‘yicha taklif va loyiha ishlab chiqilib, hokimlik hamda tegishli tashkilotlarga taqdim etildi.
[gallery-16611]
Umumiy qiymati 8 milliard 215 million so‘mga teng mazkur loyiha doirasida uzunligi 60 metr, eni 4 metrli yer osti o‘tish yo‘li barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
So‘ng press-tur ishtirokchilari Andijon shahrining “Eski shahar” hududidagi Markaziy dehqon bozori oldida yuzaga kelayotgan tirbandliklar, transport vositalarining avtomobil turarjoyiga kirmayotganligi holatlarini ko‘zdan kechirdi. Aholi o‘rtasida yo‘lning belgilangan joylaridan o‘tish, piyoda madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir ishtirokchilari Andijon shahridagi “Jahon buyum bozori” avtoturargohi hamda Shahrixon tumani Sho‘rqishloq mahallasi hududidagi yo‘l infratuzilmasi holati, shuningdek, mazkur obyektlarda amalga oshirilishi belgilangan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Yakunda press-tur ishtirokchilari Xo‘jaobod tumani “Dehqon bozori” atrofida yuzaga kelayotgan tirbandliklar, mazkur hududda barpo etilayotgan yer osti o‘tish yo‘li qurilishi bilan ham tanishdilar.
Xo‘jaobod “Dehqon bozori” yonidan o‘tuvchi “Andijon – O‘sh” magistral avtomobil yo‘lidan bir sutkada 80 mingdan ortiq piyoda hamda 35 mingdan ortiq transport vositasi o‘tadi. Mazkur yo‘l atrofi va yaqinida 100 ga yaqin savdo, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy soha obyekti faoliyat olib boradi. Yo‘lning bozor hududidagi qismida o‘tgan yili yuz bergan yo‘l-transport hodisalari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan, 12 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Ayni kunda mazkur hududda umumiy qiymati 4 milliard 950 million so‘mga teng loyiha doirasida uzunligi 30 metr, eni 4 metr bo‘lgan yer osti o‘tish yo‘li qurilishi olib borilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari tadbir davomida avtomobil yo‘llari, aholi gavjum bo‘ladigan chorrahalarda piyodalar hamda transport vositalari tirbandligining oldini olish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/bNVslBW6ePk" title="Jurnalistlar tirbandliklarning oldini olish boʻyicha loyihalar bilan tanishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari