Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni” arafasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Termiz xalqaro savdo markazi” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga press-tur tashkil etdi.
Jurnalistlar Afg‘oniston-O‘zbekiston chegarasidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida faoliyat yuritayotgan bojxona postida bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati jarayonlarini kuzatdi. Bojxona posti mutasaddilari bojxona omborlariga tovarlarning tushirilishi, ularni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish hamda belgilangan tartibda rasmiylashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirdi.

Prezidentimizning 2025 yil 17 dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tadbirkorlar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga berilayotgan imtiyozlar yuzasidan ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari eksportyorlar bilan suhbatlashdi.

– Afg‘onistondan turli quritilgan meva olib kelib, Yevropaga eksport qilamiz, – deydi “SabzibargOsiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Salohiddin Eshmamatov. – Bojxona omborlarida barcha sharoit yaratilgan. Mahsulotlarni omborga joylashtirishda imtiyozlar berilgan. O‘tgan yili pista, bodom, o‘rik, anjir, tut qoqi kabi yigirma turga yaqin yuz tonnadan ortiq mahsulotni Germaniya, Buyuk Britaniya singari davlatlarga yetkazib berdik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasining tashqi savdo aylanmasi 430,4 million dollarni tashkil etdi. Uning 318,6 million dollari eksport hissasiga to‘g‘ri kelib, oltin, zargarlik buyumlari, loviya, to‘qilgan gilamlar, bug‘doy uni, farmatsevtika mahsulotlari asosiy o‘rinni egalladi. 81,6 ming tonna mahsulot tashqi bozorlarga yo‘naltirildi.

– Shuningdek, import operatsiyalari hajmi 111,8 million dollarni tashkil etib, ichki bozorni ta’minlash va ishlab chiqarish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda, – deydi bojxona posti katta inspektori Oybek Rahimov. – Markaz orqali amalga oshirilgan tranzit operatsiyalari qiymati 24,1 million dollarga yetib, xalqaro logistika zanjirlaridagi o‘rni mustahkamlanmoqda. O‘tgan yil markaz orqali 1 million 646,2 ming fuqaro, 8 ming 661 ta transport vositasi harakatlanib, erkin savdo zonasi infratuzilmasining yuqori yuklamalarga moslashganini amalda ko‘rsatdi.

Jurnalistlar qish chillasida oppoq qorga burkanayotgan erkin savdo zonasidan boy taassurotlar bilan qaytdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri