Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi
10:57 / 2020-11-04

Tadbir ishtirokchilari viloyatning yetakchi sanoat korxonalari, fermer xoʻjaliklari hamda oʻquv muassasalari bilan tanishdi.


Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan tashkil etilgan press-turda OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi, viloyat, shahar, tumanlar kengashlari xodimlari mahalliy deputatlar, hamkor tashkilot hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari viloyatning yetakchi sanoat korxonalari, fermer xoʻjaliklari hamda oʻquv muassasalari bilan tanishdi.

Press-tur davomida qatnashchilar dastlab Mirzaobod tumanidagi “Sirdaryo agro cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurib ishchi-xizmatchilar bilan suhbatlashdi, gidroponika usulidagi mazkur 31 gektarlik issiqxonada baqlajon, bulgʻor qalampiri va pomidor kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib eksport qilish jarayonlari bilan tanishishdi.

– Baqlajonning har gektaridan 120 tonna hosil olindi, – deydi korxona rahbari Nodirbek Qoʻchqorov. – Mahsulotlarimizni Rossiya, Qozogʻiston, Germaniya davlatlariga eksport qilayapmiz. Shuningdek, biz yetishtirayotgan bulgʻor qalampiriga ham chet elda ehtiyoj katta. Bulgʻor qalampirining har gektaridan bir terimda 200 tonnagacha hosil olish mumkin.

“Sirdaryo agro cluster”da boshlangʻich partiya tashkiloti tashkil qilinib, ularga aʼzolik guvohnomalari va partiyaning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Issiqxonaning ilgʻor ishchilari Behzod Ashirboyev, Lolaxon Temirovalar partiya safiga qabul qilinganliklaridan mamnunliklarini, ish joylarida samarali mehnat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilganligini aytdi.

“Sirdaryo momiq quyonlari” fermer xoʻjaligida bugungi kunda 2 ming boshdan ziyod “Yangi Zelandiya”, “Kaliforniya” quyonlari parvarish qilinmoqda. Fermer xoʻjaligi rahbari Ravshan Bazarbayevning maʼlumot berishicha, quyonlar bir yilda 6-7 marotaba va har bolalaganda 15 tagacha quyonchalarni dunyoga keltirar ekan.

Aholiga parhezbop goʻsht yetishtirib berayotgan fermer xoʻjaligi, mahsulot tannarxini arzonlashtirish maqsadida quyonlarga berilayotgan ozuqani oʻzlarida yetishtirmoqda. Fermer xoʻjaligining 48 gektarlik yerida makka, arpa, bugʻdoy kabi ozuqabop ekinlar yetishtirilayotir. Bu mahsulotlar maxsus uskunalarda yanchilib, maydalanib omuxta yem tayyorlanayotgani natijasida bozordagidan ancha arzon ozuqa tayyorlashga erishilayotir.

OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi boʻlim mudiri Baxtiyor Ruhiddinov mazkur fermer xoʻjaligida zamonaviy qushxona tashkil qilish hamda moʻynachilikni rivojlantirish barobarida quyon terisidan bozorbop kiyim-kechaklar tikishni yoʻlga qoʻyish taklifini berdi hamda bu faoliyatni yoʻlga qoʻyishda amaliy koʻmakka tayyor ekanligini bildirib oʻtdi.

– Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining yorqin samarasini berib, tadbirkor, fermer, oilaviy biznes vakillari uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi OʻzLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash boʻlimi mudiri Elyor Joʻrayev. – Hududdagi “Mirzachoʻl-Donald-Duk” MCHJdagi amalga oshirilgan ishlar ushbu islohotlar va eʼtiborning yorqin namnasidir.

Bu yerga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Jizzax viloyatlaridan olib kelingan 78 bosh tuya parvarish qilinayapti. Davlat ahamiyatiga molik katta trassa yoqasida tashkil qilingan mazkur MCHJda oʻziga xos maxsus sihatgoh tashkil qilingan boʻlib, 16 ta oʻtov va 5 ta lyuks xonalar bu yerga tashrif buyuruvchilarga namunali xizmat koʻrsatmoqda.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – ushbu maskanda ekoturizmni rivojlantirishdir. Shu sababdan aholi salomatligini tiklash, turistlarni qabul qilish va dam oluvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng asosiysi esa bemorlarning tuya sutidan shifo topayotganida.

– Mehnat faoliyatimizni 8 bosh tuya bilan boshlaganmiz, – deydi “Mirzachoʻl-Donald-Duk” MCHJ rahbari Muhitdin Mahkamov. – Bugungi kunda jamoamizda 12 nafar ishchi faoliyat olib bormoqda. Kelajakda 100 ga yaqin ish oʻrinlarini yaratish barobarida, bu yerda maxsus tibbiyot muassasasi, mehmonxona, savdo doʻkonlari, aholiga maishiy va texnik xizmat koʻrsatish kompleksi qurishni rejalashtirayapmiz.

Buxorolik sinfdosh dugonalar – Jumagul Halimova, Marziya Hafizova, Roʻzixon Rahmatovalarning taʼkidlashicha, 2 yildan buyon mazkur dam olish maskaniga kelib dardlariga shifo topganlar. Buning uchun ular jamoaga oʻz minnatdorchiliklarini bildirib, “Fikrlar daftari”ga oʻzlarining samimiy istaklarini ham bitibdi.

“FINIBA WOOD” korxonasining ochilganiga 3 yil boʻldi. Korxona rahbari, yosh tadbirkor Baxtiyor Normurodov rahbarlik qilayotgan tikuvchilik sexida 40 nafar mahalliy xotin-qizlarning doimiy bandligi taʼminlangan. Korxonada tashkilotlar, davlat muassasalari uchun maxsus kiyim-boshlar asosan buyurtma asosida tikilmoqda.

Oʻtgan 2019-yilda korxona chevarlari tikkan maxsus kiyim-boshlar buyurtma asosida Singapur davlatiga eksport qilindi.

Korxonaning mebel sexida 20 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Mazkur sexda ham jihozlar asosan buyurtma asosida davlat tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tayyorlab beriladi.

Eʼtiborlisi, uchrashuv chogʻida tadbirkor Baxtiyor Normurodov Mirzaobod tumanida Xitoy va Rossiya davlatlari bilan hamkorlikda korxona tashkil qilib, 400 ta yangi ish oʻrni yaratish niyatidaligini bildirdi. Ayni paytda, tadbirkorning saʼyi harakati bilan “Bahoriston” mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan tikuvchilik sexida 150 nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan.

2018-yilda Guliston shahrida faoliyatini boshlagan “Rekordteks” MCHJ mahsulotlari Rossiyaning Ivanovo, Moskva, Ryazan, Sankt-Peterburg shaharlariga eksport qilinyapti. Ushbu korxonada matoni boʻyash va mingdan ziyod turdagi gul bosish ishlari bilan shugʻullaniladi. Loyiha qiymati 3,5 million AQSH dollarini tashkil qilgan mazkur korxonada 70 nafar ishchi xizmatchi mehnat qilmoqda. Ishchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etgani yana-da quvonarli.

Tadbir davomidagi soʻngi uchrashuv manzili Guliston shahridagi “IT RARK" boʻldi. Bu yer yoshlarning iqtidorini rivojlantirish maqsadida ochilgan boʻlib, u 50 dan ziyod yoshlarni qamrab olgan. Internet veb sahifalar tashkil qilish, ingliz tili, matematika toʻgaraklarida fanlar chuqur oʻrgatilmoqda. Oʻqituvchilarning barchasi oliy maʼlumotli mutaxassislardir.

Masalan Javohir Zokirjonov 14 yoshda. Guliston shahrida istiqomat qiladi. U internetda veb dasturlar yaratishni mustaqil oʻrgangan. Bu yerda u oʻz bilimini oshirmoqda. Javohir insonlarni avtohalokatdan asrash boʻyicha yaratgan dasturini press-tur ishtirokchilariga namoyish etdi. U bundan tashqari bolalarni har xil salbiy oʻyinlardan saqlagan holda ularning dunyoqarishini toʻgʻri shakllantirish, salohiyatini oshirish boʻyicha yangi dastur ustida ish olib bormoqda. Javohir “Yosh dasurchilar – 2020” forumining viloyat bosqichida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

“IT RARK”da ham BPT tashkil qilinib, yosh murabbiylar partiya safiga qabul qilindi hamda ularga partiya aʼzolik guvohnomalari topshirildi.

OʻzLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan tashkil etilgan press-tur ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.