Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar sulolasiga ehtirom
11:03 / 2025-02-01

Jurnalistika fidoyilaridan biri, uzoq yillar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limiga rahbarlik qilgan Baxtiyor Asadov xotirasiga bag‘ishlangan “Mudom qalbimizda yashaysiz, ustoz” nomli xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar fidoyi jurnalist, samimiy inson Baxtiyor Asadovning hayot yo‘li va ijodi, sermazmun faoliyatini yuksak ehtirom bilan esga oldi.

Baxtiyor Asadov o‘z mehnat faoliyatini 1980 yilda “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida musahhih sifatida boshlagan. Yillar davomida turli nashrlar va televideniyeda faoliyat yuritib, o‘zining tajribasi, mahorati va sadoqati bilan el e’tiborini qozondi. Uning jurnalistikaga bag‘ishlangan yillari yosh avlod uchun ibrat namunasi bo‘lib qoldi.

“Buxoro sporti” gazetasi viloyatda ilk bor ijodkor tomonidan tashkil etilgan xususiy nashrlardan biri sifatida tarixda qoldi. Uning mahorati va o‘ziga xos yozish uslubi minglab mushtariylarning qalbidan joy oldi. Baxtiyor Asadov “Buxoro sporti” gazetasini nafaqat nashr sifatida, balki yosh ijodkorlarning mahorat maktabiga aylantirdi. Uning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh jurnalistlar maktabi” ko‘plab yosh qalam ahlining kamol topishida muhim rol o‘ynadi.  

Baxtiyor Asadov nafaqat matbuotda, balki o‘z oilasida ham jurnalistlar sulolasining asoschisi bo‘ldi. Uning turmush o‘rtog‘i Orzugul Mo‘minova uzoq yillar matbuot sohasida faoliyat yuritdi. O‘g‘li, marhum Feruz Asadov “Yoshlar” telekanalining Buxoro viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlagan. Yo‘lchibek Asadov “Ishonch” gazetasida faoliyat yuritmoqda, Suhrob Asadov faoliyati matbaa sohasi bilan bog‘liq, qizi Zuhro Asadova “Buxoro sporti” gazetasiga muharrirlik qilmoqda. Oilaning kelini Muattar Asadova Buxoro viloyati teleradiokompaniyasida katta muharrir, yana bir kelini Nodirabegim Ibrohimova yozuvchi va tarjimon.

Tadbir davomida jurnalistning do‘stlari, hamkasblari va shogirdlari uning insoniy fazilatlari, ustozlik mehri va jurnalistikaga qo‘shgan beqiyos hissasiga to‘xtaldi.  

Xotira tadbiri davomida marhum jurnalist haqida tayyorlangan videorolik namoyish etildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri