Sirdaryo viloyatida Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan Respublika va mahalliy nashrlarning jurnalistlari, ijtimoiy tarmoqlar vakillari hamda blogerlar uchun press-tur o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ikki kun davomida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezidentimizning hududga tashriflari davomida mutasaddilar zimmasiga yuklagan topshiriqlar, farmon, qaror va farmoyishlarining ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Koronavirus pandemiyasi hamda “Sardoba” suv ombori toshqinidan yuzaga kelgan texnogen holat viloyat iqtisodiyotiga sezilarli darajada o‘z ta’sirini o‘tkazgani shubhasiz. Shuning natijasida yuzaga kelgan qator muammolarga qaramay viloyatda bir qator yangi korxonalar yaratildi, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholiga qulaylik yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish borasida yuqori darajadagi vazifalar bajarildi. Tan olish lozim, bu borada, mahalliy va xorij sarmoyasini jalb etgan holda bir qator yangi loyihalar amalga oshirildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Nosirov hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Aziz Esanov boshchiligida Sirdaryo tumanida “NOVUGEN” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilgan ishlar, ishchi-xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi, sifat va miqdori, mahsulotning ichki va tashqi bozorda sotilishi holatlari bilan tanishdi.
– 2019 yilda ish faoliyatini boshlagan korxonamiz dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi MCHJ ijrochi direktori Jaloliddin Nasriddinov. –5 million AQSH dollarilik loyiha qiymatiga ega ushbu korxonamiz Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan eng so‘ngi rusumdagi ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlangan. Yillik quvvati 770 ming dona dori vositalari ishlab chiqarilib qadoqlanadi.
Bir yil avvavl o‘z faoliyatini boshlagan korxonada 100 ta yangi ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lib, ayni payta 57 turdagi, import o‘rnini bosuvchi, ulardan 10 xili shu paytgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan, og‘riq qoldiruvchi dori vositalari tayyyorlanadi. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinishi yo‘lida shartnomalar imzolanayotgan ekan.

Press-tur ishtirokchilarining keyingi tashrif manzili, 2005 yildan buyon faoliyat olib borayotgan, infuzion eritmali dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “REKA-MED FARM” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Kanada qo‘shma korxonasiga bo‘ldi.
– Korxonaning loyiha qiymati 1 million 200 ming AQSH dollarini tashkil etib, 300 ga yaqin mahalliy yoshlar doimiy ish o‘rniga ega, – deydi korxona direktorining ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mahmud Quduzov. – Korxonamizda 170 turdagi inuzion va inoksion dori vositalari ishlab chiqariladi Joriy yilning o‘zida qo‘shimcha 35 turdagi dori vositalari ro‘yxatdan o‘tkazildi.Quvonarlisi, biz ishlab chiqargan dorilar nafaqat ichki bozorga sotiladi. Bu bilan Xitoy, Hindiston va boshqa bir qator xorijiy davlatlardan olib kelinayotgan shu dorilar importi to‘xtaydi. Keyingi 10 turdagi ko‘zga tomchilagich dorilarni ishlab chiqarsak, bu boradagi eng yuqori sanalgan Chexiya, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan shu dori vositalarining importi ham to‘xtaydi.
Yangi yildan boshlab korxona eksport salohiyati geografiyasini kengaytirish niyatida. Kelgusi yildan boshlab, Afg‘oniston, Rossiya, Gruziya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlar bilan shartnomalar imzolandi. Endi bu o‘lkalarga ham ushbu korxonada ishlab chiqarilgan dori vositalari “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi bilan eksport qilinadi.

Qatnashchilar “Bekzod Sher” birlashmasiga qarashli tumandagi “Metall-beton sanoat” MCHJda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Gaza-blok” qurilish mahsuloti ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi loyiha bilan ham tanishdi.
Joriy yilning birinchi choragida ish faoliyatini boshlagan ushbu korxonaning loyiha qiymati 22 milliard 500 million so‘mni tashkil etib, bu yerda qurilish sanoatida muhim hisoblangan 20 turdagi mahsulot kafil yelimi, shpaklyovka va shunga o‘xshash kukun tipidagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ayni chog‘da korxonada 40 nafardan ortiq mahalliy yoshlar mehnat qilmoqda.
Korxonaning yillik quvvati 80 ming tonna. Uskunalar Xitoy davlatidan keltirilgan. Xomashyo esa mamlakatimiz hududlaridan olib kelinar ekan. Ohak – Qashqadaryodan, sement – Bekoboddan, qum – Sirdaryodan va boshqa xom ashyolar qo‘shni viloyatlardan olib kelib, qayta ishlanadi va yarim tayyor mahsulotga aylantirib ichki bozorga chiqarilayapti. Kelgusi yildan boshlab, ushbu ishlab chiqarilayotgan yarim tayyor qurilish materiallarini qo‘shni davlatlarga eksport qilish ishlari borasida kelishuvlar amalga oshirilmoqda.

– Xudo xohlasa, kirib keladigan yangi 2021 yilda qiymati 18 million AQSH dollarini tashkil etuvchi yangi loyihamizni ishga tushiramiz, – deydi korxona direktori Jasur Tilakov. – Bu loyihamiz ishga tushsa, qurilish sanoatida juda katta o‘zgarish yuzaga keladi. Bugun jahondagi eng rivojlangan davlatlar barcha ob’ektlarni aynan gazo- blok g‘ishtlaridan barpo etmoqda.
Turli zil-zila, dovul, nurlanish, issiqni saqlash, sovuqni o‘tkazmaslik borasida har qanday boshqa mahsulotdan 5 va hatto 10 karra mustahkamroq. Qavatlar borasida ham juda katta yuqorilashga erishiladi. Eng muhimi, tez, sifatli, mahsulot mustahkamligi juda qattiq bo‘lishi bilan, bir dona gaza-blok 17-18 g‘ishtni hajmini egallashi bilan, vazni bor-yo‘g‘i 17 kiloni tashkil etadi. Ushbu loyihamiz ishga tushgach 120 nafar mahalliy yoshlarimiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi
“Wanga Da Group” Xitoy – O‘zbekiston qo‘shma korxonasi press-tur ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi. Sirdaryo tumanidan 40 gektardan ortiq yer maydoniga ega ushbu korxonaning loyiha qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona metall mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan.

– Korxonamizda metall konstruksiyalar, 6 turdagi 55 xil o‘lchamdagi samarezlar, har-xil turdagi po‘lat quvurlar va titan qorishmali elektrod mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi korxona rahbari, yosh tadbirkor Go‘zal Tojimirzayeva. – Ayni paytda, korxonamizda 400 nafar yoshlar mehnat qilayapti. Yangi loyihamiz ishga tushgach, yana 1 ming nafar kishi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotimiz nafaqat ichki bozorimizda, balki, qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlaridan ham mijozlar yetarli.
Quvonarlisi, biydek dashtda bu yerda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning dam olishi, ovqatlanishi, yechinib-kiyinishi, yuvinishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Olisroqdan kelib ishlaydigan ishchilar uchun ajoyib yotoqxona xizmatidan mamnun.
Press-turning birinchi kunidagi yakuniy tashrif – Sayxunobod tumanida bunyod etilgan va yangi yil arafasida o‘z faoliyatini boshlashga hozirlik ko‘rayotgan “Sallar un-don-non mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bo‘ldi. Ishtirokchilar u yerdagi shart –sharoit, un mahsulotlari ishlab chiqarish, tozalash, qadoqlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

– Loyihaning umumiy qiymati 3 million AQSH dollarini tashkil etib, shu mablag‘ning 1 million 560 ming AQSH dollari xorij investitsiyasi, 1 million 450 ming dollari esa korxona ta’sischilarining mablag‘i hisobiga barpo etildi,. – deydi MCHJ ijrochi direktori Muxtor Nazarov. – Korxonamiz bir kunda 200 tonna bug‘doyning 75 foizini toza, oliy sifatli un, 25 foizini kepak mahsuloti sifatida qayta ishlash quvvatiga egna. Ishlab chiqarish texnologiyasi ham asbob-uskunalar ham eng so‘nggi rusumdagi Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan.
Ayni paytda ushbu energiya tejamkor uskunalarning ish sifati turkiyalik mutaxassislar tomonidan so‘ngi bosqichdagi ishlar olib boryapti. Ishlab chiqarish jarayoni markaziy xonada, kompyuterda boshqariladi. Xom ashyo esa qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan keltiriladi. Mahsulotni ichki bozordan tashqari, Afg‘oniston va Tojikiston davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Korxona ishga tushgach 50 nafar mahalliy yosh ish bilan ta’minlanadi.
Pres-turning ikkinchi kunida ishtirokchilar Sirdaryo viloyatidagi mahalliy, qo‘shma va xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat, qurilish, maishiy, madaniy va boshqa mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ko‘rgazmada o‘z mahsulotlari bilan qatnashgan “Sayxun bunyodkor qurilish” xususiy korxonasi rahbarini suhbatga tortdik.
– 2019 yilda “Mikrokredit” tijorat bankidan 1 milliard so‘m miqdorida 3 yillik imtiyozli kredit olib, qolgan 800 million so‘mini o‘z hisobimizdan xarajat qilib, xorijdan mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 4 ta eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatdik, – deydi “Sayxun bunyodkor qurilish” xususiy korxonasi rahbari Oybek Niyozov. – Ushbu seximizda yaratilgan yangi 20 ish o‘rnida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarimiz uy, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv muassasalari va ofislar uchun buyurtmaga qarab turli xildagi va hajmdagi Yevropa va jahon andozalariga mos mahsulotlarni ishlab chiqariayapmiz. Import o‘rnini bosuvchi ushbu mahsulotlarimiz ichki bozorimizda xaridorgirligini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Kelajakdagi rejalarimiz jahon bozoriga chiqish.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining 6 chaqiriq 15-sessiyasida ishtirok etdi.
Sessiyadan so‘ng viloyat hokimi G‘.Mirzayev jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA