Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar qurilish ishlari bilan tanishdi
11:26 / 2026-02-14

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan press-tur tashkil etilib, unda ommaviy axborot vositalari vakillariga Nukus shahridagi bir qator yirik qurilish ob’ektlari va infratuzilma loyihalari tanishtirildi.

Ishtirokchilar dastlab “Naupir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida olib borilayotgan ko‘p qavatli uylar qurilishi bilan tanishdi. Ushbu hududda “Max elit stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 135 ta xonadonli 3 ta ko‘p qavatli turar joy binosi, “Fayz magnat” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 150 xonadonli ko‘p qavatli turar joyning qurilish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. 

“Fayz magnat” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Botirboy Seydabullayevning ta’kidlashicha, har bir ob’ekt bo‘yicha alohida texnik nazorat xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ishlarning loyiha-smeta hujjatlari asosida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. 90 nafar quruvchi-xodim kunni kun, tunni tun demay mehnat qilmoqda. Shuningdek, turli rusumdagi 10 ta texnika ishchilar mehnatini yengillashtirishga xizmat qilmoqda. Maydoni 47 va 53 kvadrat metrni tashkil qilgan ikki xonali xonadonlar yosh oilalar uchun mo‘ljallangan. Har bir xonadon markazlashgan isitish tizimi orqali isitiladi.

Keyingi manzil “Ko‘k-o‘zak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilgan markazlashgan issiqlik tizimi ob’ekti bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va resurs tejamkor uskunalardan foydalangan holda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlarini issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash vazifasi belgilandi. 

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Nukus shahrida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi mavjud ko‘p qavatli uy-joylarga zamonaviy isitish qozonxonasi o‘rnatilib, markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta’minlanmoqda.

“Kommunal issiqlik ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli Qonliko‘l, Kegeyli, Qorao‘zak, Amudaryo, Ellikqal’a tumanlarida hamda Nukus shahrida 9 ta qozonxona, jami quvvati 48,3 Gkal/soat bo‘lgan har xil markadagi 24 dona qozon hamda har xil diametrdagi uzunligi 19,1 kilometr issiqlik tarmog‘i mavjud. Shundan bugungi kunda 69 ta ko‘p qavatli uy (1 ming 298 ta xonadon) va 29 ta ulgurji iste’molchi issiqlik energiyasi bilan ta’minlangan. Nukus shahrida esa, 4 qozonxona va har xil diametrdagi 12,2 kilometr issiqlik tarmog‘i orqali 23 ta ulgurji iste’molchi hamda 44 ko‘p qavatli turar joyga issiqlik ta’minoti yetkazib berilmoqda.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili Nukus shahri “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi markaziy “Turon” stadioni bo‘ldi. Ushbu manzilda asosiy e’tibor zamonaviy uslubda barpo etilayotgan stadionda amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari va kelgusidagi rejalarga qaratildi. 

Umumiy qiymati 101 milliard 846 million so‘m bo‘lgan loyiha natijasida stadion 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, xalqaro standartlarga mos, zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘ladi. Bugungi kunda “Nasaf mega stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 59,5 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

Tadbir ishtirokchilari respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialida bo‘lib, ushbu davolash muassasasining yangi binosini qurish loyihasi bilan tanishdi. Bu yerda 45,2 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib, “Tuproqqal’a maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 27,2 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan.

Tadbir ishtirokchilari shahar hududida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan muhim ob’ektlarda qurilish ishlarining bugungi holati, quruvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.