FOTOREPORTAJ
Bir guruh jurnalistlar, blogerlar va axborot xizmati xodimlari ishtirokida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga press-tur uyushtirildi.
Press-tur davomida ishtirokchilarga “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i tomonidan bojxona posti va u yerda olib boriladigan xizmat faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Mazkur bojxona posti tomonidan viloyatning yirik sanoat korxonalari hisoblangan “O‘zkimyoimpeks”, “Farg‘onaazot”, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” va “Sanoat energetika guruhi” kabi korxonalarning eksport va import qilinayotgan tovarlari bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda.
[gallery-7603]
Bojxona posti tomonidan joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 47 ta korxonaning eksportga yo‘naltirilgan 18,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mineral o‘g‘itlar, neft mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va sanoat mahsulotlari bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Mazkur tovarlar asosan Rossiya, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilingan.
Hozirda tadbirkorlar tomonidan eksport yoki import qilinayotgan tovarlar bo‘yicha taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyalarini bojxona tizimida qo‘llanilayotgan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining xavfni boshqarish dasturlari bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” yo‘laklarga yo‘naltirilishi tushuntirib o‘tildi. Xavf profillari bo‘yicha yo‘laklarga taqsimlangan bojxona yuk deklaratsiyalarining elektron dasturlarda ko‘rinishi va mazkur bojxona yuk deklaratsiyalari bo‘yicha bojxona ko‘rigi dalolatnomalarini tuzish jarayonlari bilan ishtirokchilar tanishtirib o‘tildi.
Shuningdek, jurnalistlar bojxona postida xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan post kutubxonasi bilan tanishdi.
Tadbir davomida bojxona postida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining eksport hamda import qilinayotgan tovarlarini bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartiblari, shuningdek, tadbirkorlarga bojxona sohasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida berilayotgan imtiyozlar haqida ishtirokchilarga tushuntirish berib o‘tildi.
Press-tur qatnashchilari shuningdek, Marg‘ilon shahrida “UZWOOLENTEX” korxonasiga tashrif buyurdi.
Mazkur korxona asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda maxsus kiyim-bosh bilan faoliyat yurituvchi korxonalarga kiyim-boshlarni tikish bilan shug‘ullanadi. Korxonaga xorijdan eng so‘ngi rusumdagi bichish-to‘qish, bezak berish hamda tikuv mashinalari import qilingan. Hozirda Xitoy, Turkiya va Hindiston kabi davlatlardan import qilinayotgan ip kalava va boshqa zaruriy xomashyo tovarlari aynan “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan sifatli va tezkorlik bilan korxonaning o‘zida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorning vaqtini tejalishiga hamda ishlab chiqarish jarayonlarining sababsiz to‘xtab qolishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan sara mahsulotlarga ichki bozorda talab katta bo‘lishiga qaramay, Qozog‘iston va Rossiyaga eksport qilinishi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda korxona tomonidan ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 90 ming AQSH dollarlik maxsus kiyimlarning dastlabki partiyasi Armaniston davlatiga eksport qilindi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar hamda ularga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, eksportni qo‘llab-quvvatlanishi bevosita viloyat eksport salohiyatiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan umumiy qiymati 303,5 million AQSH dollarlik tovarlar eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Eksport tarkibining 255,9 million AQSH dollarga teng qismini sanoat mahsulotlari hamda 47,5 million AQSH dollarga teng qismini meva-sabzavot mahsulotlari tashkil etgan.
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA