Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar press-turda: ham ziyorat ham sayohat
17:21 / 2021-06-11

Surxondaryo viloyati hokimligi, “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Boysun tumaniga press-tur uyushtirildi.

Tadbirda ishtirok etgan jurnalist va blogerlar tog‘li tuman xonadonlariga o‘rnatilayotgan “aqlli” gaz hisoblagichlar va olis hududlarga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonlari bilan tanishdi.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali 2020-2021 yillarda tabiiy gaz iste’molchilariga tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish uchun vohada 107 ming 833 ta tabiiy gaz iste’molchilariga “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatning tuman va shahar aholi xonadonlariga zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasini o‘rnatish tegishli tartibda olib borilmoqda. Tog‘li Boysun tumanida ham bu jarayon allaqachon boshlangan.  

– Viloyatdagi tabiiy gaz iste’molchilarga uning qulayligi, afzalliklari haqida yetarli ma’lumot berilmoqda, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktori Mirzabek Mansurov.–Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish orqali qarzdorlik bilan bog‘liq muammo va uzilishlarning oldi olinadi. Yo‘qotishlar hamda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari to‘g‘risida ta’minotchini vaqtida ogohlantirishga erishiladi. “Aqlli” hisoblagichlar iste’molchining yoqilg‘i sarfini yuqori aniqlik bilan o‘lchab, real vaqt rejimida markazga ma’lumotlarni uzatadi.

Hisoblagich xuddi mobil telefon kabi sim karta va akkumulyator-batareyada ishlaydi, Dispetcherlik xizmatiga simsiz aloqa yordamida ulanadi. Dispetcher o‘z monitorida qaysi xonadonga ayni daqiqada qancha miqdordagi gaz berilmoqda? Qaysi biriga umuman berilmayapti, qayerda qanday nosozlik bor? Barchasini nazorat qilib turadi va hisoblagichda qarz yuzaga kelishi bilanoq, inson aralashuvisiz gaz berish iste’molchi tomonidan pul to‘langunga qadar to‘xtatiladi.

“Aqlli” gaz hisoblagichning yana bir afzalligi shundaki, bu holatda iste’molchilarning gaz hisoblagichlari tarmoqdan darhol uzilmaydi. Qarzdorlik paydo bo‘lishiga yaqin qolganda hisoblagich pul to‘lash lozimligi to‘g‘risida mobil telefonga qisqa xabar (SMS) yuboradi va dam olish hamda bayram kunlaridan boshqa vaqtdagina qarzdorga gaz berishni avtomatik to‘xtatadi. 

Qarzdorlik tufayli gaz berish to‘xtatilgach, iste’molchi tomonidan pul to‘lab qarzni yopgach, hisoblagich toki iste’molchi uydagi barcha ochiq qolgan gaz uskunalarini berkitmagunicha gazni o‘tkazmay turadi.

Agar iste’molchi uyida qo‘shimcha o‘choq, tandir yoki issiqxonani tabiiy gaz tarmog‘iga ulasa, iste’mol qilinayotgan tabiiy gaz ehtiyoji oshib ketishi sababli hisoblagich gaz yetkazib berishni to‘xtatadi.

Press-tur ishtirokchilariga zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasining qulayliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ularning “aqlli” gaz hisoblagich to‘g‘risidagi tasavvurlari boyitildi.

Boysun tumani “Inkabot” mahallasida olti yil muqaddam oylik quvvati 650 tonnaga teng bo‘lgan suyultirilgan gaz to‘ldirish shohobchasi (GTSH) qurib ishga tushirilgan edi. Mazkur shohobcha viloyatning Boysun va Sherabod tumanlari aholisiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, gaz to‘ldirish shohobchasi hududida maishiy gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazish xamda ta’mirlash markazi ish olib bormoqda.

Shohobchada 16 nafar malakali muhandis va texnik xodimlar faoliyat yuritadi. Ishchi-xodimlarga qulay ish sharoiti yaratilib, shu yerning o‘zida ovqatlanish, dam olish va yuvinish xonalari barpo etilgan.  

Jurnalist va blogerlar shohobcha faoliyatini kuzatdi.

Ma’lumki, yurtimizning barcha hududlarini o‘z vaqtida tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga e’tibor kuchaymoqda. Biroq, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda yetarli qiyinchiliklar ham bor. Masalan, tog‘li mahallalarga suyultirilgan gazni faqatgina maxsus yo‘l tanlamas – “Kamaz” avtotransporti bilan olib borish imkoniyati mavjud. Jumladan, “Boysuntumangaz” bo‘limi xizmat ko‘rsatadigan hududda 19 ming 745 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, tog‘oldi mahallalarida 1 ming 52 xonadon istiqomat qiladi. Aholi xonadonlariga bir oyda 12 ming 635 kilogramm suyultirilgan gaz fondi ajratilgan bo‘lib, ularga 40-45 kunda yoqilg‘i muntazam yetkazib berilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tog‘li hududlardagi iste’molchilar bilan suhbatlashib, ularning yaratilayotgan bu qulayliklar xususidagi fikrlari bilan qiziqdi.

– Uzoq yillar tumanda aholining haqli e’tirozlaridan biriga sabab bo‘lgan holat bu – olis va chekka hududlarga o‘z vaqtida gaz yetib bormasligida edi, – deydi boysunlik Xolmat Nematullayev. – Hozir bu muammo bartaraf etilgan va chekka hududlarga o‘z vaqtida suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Avvallari aholidan maishiy gaz ballonlari yig‘ib olinib, bir-ikki kun ichida to‘ldirib olib kelib berilar edi. Endilikda gaz idorasining zaxira gaz ballonlari to‘ldirilgan holda olib kelinib, aholining tugagan gaz ballonlari peshma-pesh almashtirilayotir. Bu bilan bizga katta qulaylik yaratildi. Endi bir-ikki kun gazsiz o‘tirmaymiz. Soha xodimlariga katta rahmat.

Boysun tumani viloyat markazidan 150 kilometr uzoqda joylashgan. Tumandagi Dug‘oba, O‘rmoncha, Xo‘jaydod va Dehbola qishloqlari viloyat markazidan qariyb 260 kilometr olisda joylashgan. Aholi xonadonlari qishning qirovli kunlarida ham suyultirilgan gaz ballonlari bilan uzluksiz ta’minlanmoqda.  

Press-turda qatnashgan jurnalist va blogerlar shu kuni olis Do‘g‘oba qishlog‘ida bo‘lib, iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish jarayoni bilan tanishdi. So‘lim tog‘ning salqin havosidan bahramand bo‘lib qaytdi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA