7 oktyabr – Xalqaro paxta kuni
Xalqaro paxta kuni arafasida jurnalistlar uchun Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga press-tur tashkil qilindi. OAV vakillari institut paxta urug‘i banki va noyob paxta navlari bilan tanishtirildi.
Mutaxasislar tomonidan ta’kidlanishicha, bugungi kunda mamlakatimizda paxtachilik sohasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 122 ta paxtachilik-to‘qimachilik klasterida, paxtachilik ilmiy markazlari va institutlarida paxtaning yangi serhosil, ertapishar, qo‘rg‘oqchilik va sho‘ralagan tuproq sharoitlariga chidamli navlarini yaratish bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, mashinasozlik korxonalarida paxtaga ishlov beradigan yangi innovatsion texnologiyalarga asoslangan texnikalar, uskuna va jihozlar ishlab chiqarilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan paxtachilik sohasidagi umumiy qiymati 6,5 milliard so‘mlik 11 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Qator loyihalar ilmiy-texnik kengashlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Paxtachilik O‘zbekiston xalq xo‘jaligining muhim sohasi. Paxta insonni kiyintiradi,undan oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat uchun qimmatli xom ashyolar olinadi. Chorva ozuqasi tayyorlanadi. Sanoatning boshqa ko‘plab sohalari to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, moy-bo‘yoq, qog‘oz ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish, mebel sanoati va boshqa sohalar rivoji ham paxtachilik bilan bevosita bog‘liqdir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2019 yilning 7 oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD), Xalqaro savdo markazi (ITC) va Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) birinchi marta jahon paxta kunini e’lon qildi. Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining taklifiga binoan Jahon savdo tashkiloti har yili 7 oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida nishonlash qarorini qabul qilgan. Shu kunda barcha paxta yetishtiruvchi davlatlarda o‘tkaziladigan tadbirlar paxtachilikni, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada o‘tkaziladigan tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, sohada xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratiladi.
Press-tur davomida paxtachilik sohasidagi olimlar va mutaxasislarning fundamental, amaliy va innovatsion loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurgan jurnalistlar institut issiqxonalaridagi noyob paxta navlari bilan tanishtirildi. Institutning tajriba uchastkasida paxta terimida ishtirok etdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA