Mamlakatimizda jurnalistlarni sportga keng jalb etish, ular ishtirokida turli musobaqalar tashkil etish va g‘oliblarni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar ommaviy axborot vositalari xodimlariga doim ko‘tarinki kayfiyat, ijodiy jo‘shqinlik baxsh etadi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan joriy yilning 28 yanvar kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida OAV vakillari va blogerlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi musobaqasi ham ayni shunday jo‘shqin kayfiyatda o‘tdi, murosasiz bahslarga bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, oltmish to‘rt katak ichida kechadigan shaxmat o‘yinlarida nafaqat sport va san’at, balki falsafa, mantiq, hisob ilmlari o‘zaro jamlanib, ajib uyg‘unlik kasb etadi. Davomli mantiqiy fikrlashni rivojlantiruvchi intellektual o‘yinlar ichida eng asosiysi va murakkabi, mukammali bo‘lgan shaxmat bilan taniqli jurnalistlar, qalami o‘tkir ijodkorlar muntazam shug‘ullanib kelgani bejiz emas. bugungi kunda ommaviy axborot vositalari xodimlari orasida ham shaxmat ishqibozlari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Mamlakatimizda OAV vakillari va blogerlar orasida shaxmat sportini yanada ommalashtirish, ularga o‘z iqtidorini namoyon etishiga imkon yaratish maqsadida tashkil etilgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi musobaqasida har bir viloyatdan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahridan jurnalistlar qatnashdi.

Hakamlar ishtirokchilarning har bir partiya bo‘yicha erishgan natijalarini, bahslar murosasiz o‘tayotganini qayd etib borishdi. Qizg‘in bellashuvlar yakuniga ko‘ra, ayollar o‘rtasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi Yoqutxon Erkaboyeva birinchi, Surxondaryo viloyati vakili Dinora Xursandova ikkinchi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Dilobar Mamatova uchinchi o‘rinni egalladi. Erkaklar o‘rtasida “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ matbuot kotibi Otabek Haylayev birinchi, «Buxoronoma» gazetasining muxbiri Rustam Ibragimov ikkinchi, «O‘zbekiston» telekanali xodimi Davron G‘ulomov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-5597]
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov mamlakatimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, «aql gimnastikasi»ni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani, OAV vakillari va blogerlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi musobaqasining ahamiyati xususida so‘z yuritdi, jurnalistlarni jipslashtiradigan bunday musobaqalar an’anaviy ko‘rinish olishi lozimligini ta’kidladi.
Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining diplom, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi va ular Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlari o‘rtasida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan shaxmat bo‘yicha Markaziy Osiyo birinchiligida ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Axborot xizmati