English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi
13:07 / 2020-12-12

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab Navoiy shahridagi “Baht-Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.

Press-tur ishtirokchilari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish bilan birga korxona ishchi-xodimlari bilan yaratilgan sharoitlar haqida suhbatlashishdi.

Mazkur korxona 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda viloyatdagi paxtachilik bo‘yicha yirik klaster sub’ekti hisoblanadi. 1300 nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat olib borayotgan korxonada Shveysariya davlatidan ilg‘or yetakchi yengil sanoat dastgohlari ishlab chiqaruvchi “RIETER” kompaniyasidan ip-yigiruv dastgohlari o‘rnatilgan bo‘lib, 2019 yilda jamiyatning ishlab chiqarish quvvati yiliga 27 ming tonnaga yetkazildi. Korxona Navoiy viloyatida yetishtirilayotgan paxta tolasining 70 foizini qayta ishlab, yarim tayyor hamda tayyor mahsulot ko‘rinishiga olib kelmoqda.

Navoiy shahridagi Navoiy-Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktabi matematika, fizika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, 360 o‘ringa mo‘ljallangan. Ta’lim muassasasi 2,8 milliard so‘mga mukammal ta’mirlanib 1,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy moddiy-texnika bazasi bilan to‘liq jihozlandi. Joriy o‘quv yil avvalida ish boshlagan maktab-internatiga o‘quvchilar saralab olinadi

– Ta’lim jarayoni bilan tanishar ekanmiz, viloyatda ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bizni quvontirdi, – deydi taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova. – Eng muhimi, olib borilayotgan bunday sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Joriy yilda viloyatdagi umumta’lim maktablarini tugatgan o‘quvchilarning respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatgichlari bo‘yicha birinchi o‘rinda ekanligi fikrimiz isbotidir. Bu albatta, Alisher Navoiy bobomiz nomi bilan ataluvchi viloyatda zalvorli nomga munosib avlodlar tarbiyalanayotganidan darak beradi.

Press-tur ishtirokchilari Navoiy shahrida qad rostlab, mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan megako‘prikni ham ko‘zdan kechirishdi.

Shu kuni Navoiy shahridagi “Tinchlik plaza” mehmonxonasida mediatur doirasida “Zamonaviy professional jurnalistikani rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda so‘zga chiqqan jurnalistlar bugungi kunda professional jurnalistika, sohadagi muammo va kamchiliklar, ularning yechimlari, bosma matbuot nashrlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

– Yetuk jurnalistlarni tayyorlash, ularning bilim va mahoratini oshirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozim, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov. – Bunda albatta “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, soha uchun kadrlar yetkazib beruvchi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan yigit-qizlarni amaliyotga ko‘proq jalb etish, yosh jurnalistlarimizni munosib rag‘batlantirib borish muhimdir.

Tadbirda bir guruh navoiylik faol jurnalistlarga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng uyushmaning Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan nashrga tayyorlanib, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Bunyodkorlik simfoniyasi” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur kitobda Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xususida so‘z yuritilgan bo‘lib, unda 50 nafarga yaqin quruvchi-bunyodkorlar faoliyati haqida ocherklar o‘rin olgan.

Mediaturning ikkinchi kunida ishtirokchilar dastlab G‘ozg‘on shahriga tashrif buyurdi. Ular hududdagi eng yirik korxona “Marmarobod” klaster korxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan faoliyatini boshlagan mazkur klasterning umumiy qiymati 52 million dollar bo‘lib, 14 ta loyiha amaliyotga tadbiq etiladi. Natijada konlardagi ishchilar bilan birga 850 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

O‘tgan qisqa davr ichida korxona hududidagi maydoni 11000 kv.m. bo‘lgan asosiy bino va yana 10 ta kichik loyiha binolari qurilishi yakunlandi. Bankning 4 million dollarlik imtiyozli mablag‘lari hisobiga Xitoy davlatidan zamonaviy uskunalar keltirildi. Shuningdek, Xitoydan 4 nafar malakali injener-mutaxassislar jalb qilinib, ular tomonidan yangi uskunalar montaj qilindi hamda mahalliy yoshlar uskunalarda ishlashga o‘rgatildi.

Korxona rahbari Mahmud Sharofatovning ta’kidlashicha, yiliga 70 ming kub tosh qazib olish va 1,2 million metr kvadrat toshni qayta ishlash quvvatiga ega korxona tomonidan yangi uskunalarda zamonaviy usullarda Pashshot, Parg‘at karerlaridan granit toshlarni qazish ishlari olib borilmoqda. bugungi kunda korxonada 400 nafar mahalliy yoshlar uch smenada ish olib bormoqda.

– G‘ozg‘on hududidan qazib olinayotgan marmar toshlar shuhrati butun dunyoga mashhur, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist Norqobil Jalil. – G‘ozg‘on marmaridan poytaxtimizdagi qator metro bekatlarini bezatishda, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz shaharlaridagi bino va maqbaralarda, shuningdek, Hindistondagi Tojmahal ansamblida, Moskvadagi bir qancha muzeylar, Vetnamdagi Xo Shi Min mavzoleyida foydalanilganligini yaxshi bilamiz. Bugun esa aynan o‘sha mashhur toshlarga sayqal berish jarayonlari bilan tanishdik.

Nurotadagi “Chashma” me’moriy majmuasida Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bu yerdagi madaniy meros ob’ektlari qayta ta’mirlandi, 80 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona foydalanishga topshirildi, yana bitta mehmonxona, amfiteatr qurilishi tugallanish arafasida. Yaqinda hunarmandlar markazi faoliyat boshladi.

Press-tur ishtirokchilari Navbahor tumanidagi “Qalqonota” mahallasida tashkil etilgan “Navbahor kasaba chevarlari” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi. Loyiha qiymati 6 milliard so‘m, 10 turdan ortiq trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqirishga mo‘ljallangan mazkur tikuv sexida 400 nafarga yaqin xotin-qizlar ishlaydi.

– Men o‘rta ma’lumotga egaman, o‘zim tikuvchilikka qiziqaman, – deydi “Yangiobod” MFYda istiqomat qiluvchi Gulnoza Amonova. – Ushbu tikuvchilik sexining ishga tushirilishi ayni muddao bo‘ldi. Dastlab 3 oy o‘quv kurslarida o‘qib, kasb-hunar o‘rgandik. Ayni paytda korxonada ishlab, 15 nafar qizga boshchilik qilmoqdaman.

– Yaqin kunlarda tumanimizda yana 900 ish o‘rniga ega 2 ta ana shunday trikotaj fabrikasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan ikki yil oldin tumanda umuman issiqxona mavjud emas edi. Hozir esa 20 gektarlik issiqxonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. 200 kishi ish bilan ta’minlangan, – deydi tuman hokimi Lochin Obloqulov

Press-tur yakunida viloyat hokimi Qobul Tursunov jurnalistlar bilan uchrashib, viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, poytaxtdan kelgan mehmonlar viloyatning bugungi hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratib berilganligi uchun o‘z minnatdorligini bildirishdi.

[gallery-401]

Abduvali BO‘RIEV, Siroj ASLONOV (foto), O‘zA