Bo‘stonliq tumanida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirga faxriy jurnalistlar, matbuot, axborot agentliklari, televideniye va radio, internet nashrlarida faoliyat ko‘rsatayotgan soha xodimlari, blogerlar va yosh ijodkorlar taklif etildi.


Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev barcha jurnalistlarni tabrikladi. E’tirof etilganidek, viloyat matbuoti o‘zining ko‘p yillik tarixiga ega. Hozir viloyatida 50 ga yaqin bosma ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritadi, yuzaga kelgan internet platformalarining umumiy auditoriyasi yil sayin ortmoqda. Barcha tuman va shaharlarda hududiy nashrlar uzluksiz chop etilmoqda. Xususan, hududiy telekanallarning samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilgani viloyat ijtimoiy hayotini yoritishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Umuman olganda, joriy yil hudud jurnalistlarining ijodiy faoliyatlarida barakali va samarali yil bo‘ldi. Ularning zahmatli mehnatlari alohida e’tirof etilmoqda.


Jumladan, Prezidentimiz farmoniga asosan sohadagi samarali faoliyati uchun Zangiota tumani “Istiqbol” gazetasi muxbiri Jamila Arslonova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bunday yutuqlarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Bayram tadbirida viloyat qalam ahli vakillari, faxriylar, sohaning yetuk namoyandalari, ustoz jurnalistlarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. San’at ustalari va ijodkor yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
A.Musayev,O‘zA.