Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar ma’rifat maskaniga sayohat uyushtirdi
17:05 / 2025-12-01

Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Dehqonobod mahallasida yaqinda ochilgan Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasiga Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlari ommaviy axborot vositalari vakillarining sayohati uyushtirildi.

Bu tadbirning O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan amalga oshirilgani e’tiborga molikdir.  Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist va yoshlar murabiysi, taniqli ijodkor ustoz Abdusaid Ko‘chimovning shaxsiy kutubxonasida 20 mingdan ortiq kitob joy olgan bo‘lib, ularning elektron nusxalaridan ham keng jamoatchilik bemalol foydalanishi mumkin.

— Men bir qishloq farzandi sifatida bu tashabbusni chin yurakdan qo‘llab-quvvatlayman, – deydi ushbu uy- kutubxona mudirasi Manzura Xoliqova. – Madaniyat institutining  kutubxonachilik bo‘limida o‘qishimga, aynan kutubxonachi kasbini tanlashimga  ham aynan shu kishi rag‘bat berganlar. Abdusaid aka bu joyda hashamatli uy qurishi ham mumkin edi, ammo yoshlar kitob o‘qisin, adabiyotdan uzoqlashib ketmasin deb aynan shu yo‘lni tanladilar. Ushbu kutubxona qishlog‘imiz uchun katta boylik, eng ajoyib, nurli maskan bo‘ldi. Darhaqiqat, bunday ijod maskanlari doim e’tiborda bo‘ladi. 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bu joyni o‘z tarmog‘iga qo‘shib, yoshlar uchun onlayn kitobxonlik imkoniyatlarini ochdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy kompyuterlar taqdim etdi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi esa zarur jihozlar bilan yordam ko‘rsatdi. Endilikda Dehqonobod yoshlari mamlakatdagi eng yirik kitob fondlaridan bemalol foydalana oladilar.

Sayohat davomida Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydan kelgan jurnalistlar ham qo‘llaridan kelgancha kitob hadya etib, kutubxona fondini  boyitishga hissa qo‘shdilar.  

Bugungi kunda ushbu uy kutubxonasi nafaqat Dehqonobod mahallasining, balki butun Urgut tumanining yangi ma’naviy markaziga aylanib ulgurdi. Bu yerda yoshlar adabiyotlar bilan tanishmoqda, ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishmoqda, boshqacha aytganda, kitob o‘qish madaniyati yanada kuchaymoqda. 

Ma’rifat maskaniga qilingan bu sayohat bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: yaxshilik qilish uchun katta-katta binolar qurish shart emas, shunchaki, insonda pok niyat, bilimga sadoqat va xalqqa  mehr-muhabbat bo‘lsa kifoya ekan.  Buni yangi qurilgan ushbu kutubxona ham isbotlab turibdi.

A.Qayumov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari