Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Jurnalistlar nafaqat endokrinolog, balki filialning kardiolog, okulist, nevropatolog singari mutaxassislari ko‘rigidan o‘tib, salomatligi to‘g‘risida ma’lumotga, diabet va boshqa xastaliklar bo‘yicha tushunchaga ega bo‘ldi. Sog‘lom turmush tarzining asoslari tushuntirildi.
Tadbirdan so‘ng matbuot anjumani tashkil etilib, noyabr oyida o‘tkazilgan “Qandli diabet oyligi” yakunlari haqida ma’lumot berildi.

– Bugungi kunda dunyoda 1,9 milliard kishi ortiqcha vazn muammosiga duch kelgan, 450 million nafarga yaqin kishi qandli diabetga chalingan, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali vrach-endokrinologi Yulduz Abduroziqova. – So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz aholisining 46 foizida ham ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammo bor. Ularning 18 foizi semizlik, 8,7 foizi esa qandli diabet bilan kasallangan. Ha, semizlik ham bugun xastalik darajasiga chiqmoqda. Chunki buning oqibatida ko‘plab kasalliklar kelib chiqyapti va odamlar sog‘lom turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni paytda viloyatimizda qandli diabetga chalingan 42 ming 300 nafar bemor dispanser nazoratiga olingan. Ulardan 509 nafarini bolalar tashkil etmoqda. Kasallikning ko‘p uchrayotgani va yosharib borayotgani sababli qirq yoshdan oshgan aholini har yili skrining tekshiruvidan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Keng omma o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollikning targ‘iboti kuchaytirildi. Jumladan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 793 ming nafardan ortiq 40 yoshdan oshgan, xavf guruhidagi aholi skriningdan o‘tkazildi. Buning natijasida 15 mingga yaqin kishida diabetoldi xastaligi, 31 ming fuqaroda semizlik, 3 ming 600 nafardan ortiq yurtdoshimizda qandli diabet erta aniqlandi. Har yilgi an’anaga ko‘ra, noyabr oyida o‘tkazilgan diabet oyligida filialimiz mutaxassislari tomonidan viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida, yirik korxona va tashkilotlar, muassasalarda bepul tibbiy ko‘rik hamda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri