Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi
18:59 / 2021-10-04

Andijon viloyati hokimligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir qatnashchilari viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish, xususan, keyingi yillarda yangi-yangi loyihalar doirasida ishga tushirilgan ishlab chiqarish ob’ektlari, ularning imkoniyatlari, aholi bandligini ta’minlash, umuman, qurilish, bunyodkorlik borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Izboskan tumanidagi “And GOLD” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi.

Tumanining chekka qishloqlaridan birida «Sohib omad barakasi» klaster korxonasi tomonidan umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollariga teng loyiha asosida qurilib, ishga turshirilgan mazkur tikuv trikotaj korxonasi yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona sexlari eng zamonaviy, ilg‘or texnologiya va jihozlar bilan ta’minlangan.

Umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida qurilib, ishga tushirilgan «And gold» tikuv trikotaj korxonasi yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona sexlari eng zamonaviy, ilg‘or texnologiya va jihozlar bilan ta’minlangan.

Ayni paytda 600 nafardan ziyod qiz-ayol mehnat qilayotgan korxonada 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, ko‘plab xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Tadbir ishtirokchilari “Asr-form elektronics“ brendi ostida Oltinko‘l tumani Uyg‘ur mahallasida “Vodiy oltin kuz” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy turdagi yarim avtomat kir yuvish mashinalarini ishlab chiqarish, shuningdek, JM – O‘zbekiston korxonasi avtomobillari uchun 60 dan ortiq turdagi butlovchi qismlar tayyorlash jarayonlari bilan tanishdi.

– Korxonamizda yiliga 20 ming dona yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi, – deydi korxona rahbari Otabek Usmonov. – Mahsulotlarimiz sifat jihatdan belgilangan talablarga to‘la javob beradi. Ishonamanki, qisqa muddat ichida mahsulotimiz ichki bozordagi xaridorgir mahsulotlar qatoridan o‘rin oladi.

[gallery-4154]

Hozirda korxonada ikki smenada 100 nafar kishi mehnat qilmoqda.

Shuningdek, press-tur qatnashchilari “Saxovat teks”, Asaka tumanidagi “Asaka Silk”, Marhamat tumanidagi “O‘qchi metangaz” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati, korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Ishtirokchilar Marhamat tumani Alitepa mahallasida joylashgan zamonaviy, o‘ziga xos qiyofaga hamda 100 ming nusxa kitob fondiga ega kutubxonada bo‘lib, bu yerda kitobxonlarga yaratilgan shart-sharoitlar, elektron xizmat turlari bilan yaqindan tanishdi.

– Yoshlar bizning kelajagimiz, ular bizdanda dono, bilimli bo‘lishlari kerak, – deydi tadbirkor Qobiljon Obidov. – Chekka qishloqlarda yashayotgan yoshlarning iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish, ularni o‘qib, puxta bilim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish asosiy maqsadlarimizdan biri. Shuning uchun ham kutubxonani qishloq yoshlari ixtiyoriga to‘la topshirib qo‘yganmiz.

Kutubxona noodatiy, o‘ziga xos dizayn asosida qad rostlagan. Gumbaz shaklidagi mahobatli kutubxonaning baland gumbazlarida go‘yo yulduzlarni o‘rganayotgan ulug‘ bobokalonlarimiz Ulug‘bek, Ali Qushchilar gavdalanganday bo‘ladi.

Birinchi qavat elektron kutubxona bo‘lib, 50 dan ortiq katta monitorli kompyuterlar o‘rnatilgan. Bu yerda istalgan kitobingizni elektron nusxada o‘qishingiz mumkin. 2-qavat o‘quv zali, 3-qavatda esa kitoblar saqlanadi. Xullas, ushbu maskan kutubxona-muzey. Bu yerga kirsangiz, o‘zingizni go‘yo boshqa olamga tushib qolganday his etasiz. Kutubxonada o‘qib-o‘rganish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Eng asosiysi, foydalanuvchi hech kimga biror so‘m pul to‘lamaydi.

Shuningdek, mazkur mahallada tadbirkor Ozodbek Madumarov tomonidan tashkil etilgan “Mingtepa Logistika” logistika markazi faoliyati, markazning ish jarayonlari, xorijiy, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yuk tashish faoliyatini yuritish borasida olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

Xo‘jaobod tumanidagi “Nil granit” mas’uliyati cheklangan jamiyatining trikotaj mahsulotlarini bo‘yash korxonasi faoliyatini ishtirokchilar katta qiziqish bilan kuzatdi. Mazkur korxonada bir kecha kunduzda 40 tonna mato bo‘yaladi, 680 nafar ishchi uch smenada mehnat qiladi.

– Press-tur doirasida viloyatimizdagi qator korxonalar, ayniqsa, trikotaj ishlab chiqarish korxonalari salohiyati, imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdik, – deydi “Andijon tongi” gazetasi muharriri Maxpuraxon Ortiqova. – Biz jurnalistlar yurtimizdagi ana shu jarayonlar, islohotlar natijalarini, shu orqali iqtisodiyotimiz, xalqimizning turmush farovonligi yuksalib borayotganligini keng jamoatchilikka yetkazib berishimiz lozim. Ana shu o‘zgarishlarni ko‘rib, anglagan har bir yurtdoshimiz mazkur jarayonlarda faol ishtirok etishga, o‘zining munosib hissasini qo‘shishga intilishi shubhasiz.

Press-tur davomida mutaxassis va mutasaddilar tomonidan ishtirokchilarga korxonalar, olib borilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA