French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Andijon viloyat bo‘limiga yangi rais saylandi
20:28 / 2021-12-10

Andijonda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, uyushma a’zolari, viloyat hokimligi, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi «O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori uyushma faoliyatini yangi bosqichga ko‘targanligi, uyushmaning milliy media muhitdagi o‘rnini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratganligi, bugungi kunda jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida jurnalistlarning ishtiroki, o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etayotganligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish avvalida uyushmaning Andijon viloyat bo‘limiga ko‘p yillar davomida rahbarlik qilib kelgan, ustoz jurnalist Nazirjon Saidovning samarali faoliyati alohida e’tirof etilib, unga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

[gallery-5029]

«Andijon tongi» gazetasi muharriri vazifasida ishlab kelayotgan Maxpuraxon Artiqova uyushma viloyat bo‘limiga rais etib saylandi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov yangi saylangan rais rahbarligida andijonlik jurnalistlar oldida turgan qator vazifalarga to‘xtalib, viloyatda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar hamkorligini mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, faol jurnalistlarni ham moddiy, ham ma’naviy rag‘batlantirish, faxriy jurnalistlar holidan xabar olish, umuman, barcha OAV vakillarini ezgu maqsad yo‘lida jipslashtirish va boshqa qator yo‘nalishlarda olib borilishi zarur vazifalar haqida gapirdi.

Viloyat hokimligi Kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdumutal Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mukarrama Xolmatova tomonidan Andijonda matbuot, jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, tadbir doirasida bir guruh jurnalistlarga uyushma a’zoligiga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar, qator gazetalar tahririyatlariga gazetani lotin alifbosida chiqarishda ko‘mak beruvchi maxsus elektron dastur topshirildi.

F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA