French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar hamkorligi davom etadi
13:11 / 2025-10-24

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi ommaviy axborot vositalari xodimlari kasb malakasini oshirishga hamisha ustuvor masala sifatida yondashib kelgan.

Buning uchun turli ko‘rinishdagi seminar, forum, konferensiyalar o‘tkazadi, O‘zbekiston viloyatlari va xorijiy mamlakatlarga ijodiy safarlar tashkil etadi. 

Bu gal farg‘onalik jurnalistlar Qirg‘iz Respublikasining Botken viloyatidagi hamkasblari huzurida bo‘lishdi. Muloqotlar avvalida Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Aybek Shamenov Farg‘ona jurnalistlar delegatsiyasini qabul qildi.

– Davlatlararo siyosatning shakllanishida jurnalistikaning ta’siri katta, – dedi Aybek Shamenov. – Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev stoli ustida gazetalar turgan suratni ko‘rganimda bu fikrga yana bir bor amin bo‘ldim. Shuning uchun ham Botkenda gazeta, televideniye, ijtimoiy tarmoq rivojiga, xolis axborot tarqatilishiga e’tiborimiz katta.

Uchrashuv chog‘ida farg‘onalik jurnalistlar ikki viloyat ijodkorlari hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan amaliy takliflar bildirdilar. Botken viloyati rahbari qo‘shni viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediaturlar tashkil etishda uzviylik bo‘lishini aytdi.

Shundan so‘ng ijodiy muloqotlar “Botken tani” gazetasi tahririyatiga ko‘chdi. Gazeta Botken viloyati tashkil topgan 2000 yildan buyon chiqishi, u viloyatning eng ommaviy minbari ekani qayd etildi. 500 ming aholi yashayotgan viloyatda gazeta qariyb 5 ming nusxada chop etilar ekan. Uning ayrim sonlari esa 8 rangli sifatli qog‘ozda jurnal shaklida chiqarilishi o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortadi.

– Biz farg‘onalik hamkasblarimizdan o‘rganadigan jihatlarimiz anchagina ekan. “Farg‘ona haqiqati” gazetasida tahliliy–tanqidiy maqolalar, amaldorlar bilan ochiq muloqotlar, gazetaga quar kod qo‘yib maqolaning videotasvirlarini ham joylash biz uchun ibratli bo‘ldi, – deydi “Botken tani” gazetasi bosh muharriri Adilbek Akmatov. – Biz har yili bir necha bor bu tahririyat bilan gazetalarning qo‘shma sonlarini chop etib kelamiz. Kelgusida bunday hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldik. 

Farg‘onalik jurnalistlar tahririyat muammolari va yutuqlari sabablarini ochiq, oshkora suhbatlarda muhokama qildilar. O‘zaro tajriba almashdilar.

– Gazetaning faoliyati ancha jonli. Xodimlar universal faoliyat olib borar ekan. Ya’ni ham yozishadi, ham tasvirga tushirishadi, shuningdek, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylashadi, – deydi “Yangi Farg‘ona”–“Novaya Fergana” gazetalari bosh muharriri Shohid Aslonov. – Bugun biz davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida imzolangan hujjatlarni kengroq tinglovchi, o‘quvchi, tomoshabinlarga yetkazish, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga barcha ijodiy imkoniyatlarimizni safarbar etishga kelishib oldik. Bundan tashqari, “Yangi Farg‘ona”–“Novaya Fergana” va “Botken tani” gazetalarining qo‘shma sonlarini muntazam ravishda chiqarib borayapmiz. 

Shundan so‘ng, muloqotlar Qirg‘iz Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasining Botken telekanalida davom etdi. Uning rahbari va telejurnalistlari kundalik faoliyatlari bilan tanishtirdi.
– Kuniga 18 soat ko‘rsatuv efirga beramiz, – deydi qirg‘iz jurnalistlari. Viloyat hududi katta. Laylak rayonidan Qizilqiya shahrigacha 200 kilometrdan ziyod. Lekin davlat tegishli texnik vositalar bilan ta’minlagan.

Studiya va tahririyatlar faoliyati bilan tanishgan Farg‘ona jurnalistlari bundan buyon o‘zaro teleko‘rsatuvlar va axborot almashishga kelishib oldilar.

– Biz yoz oylarida Farg‘onada bo‘lib “Farg‘ona haqiqati” gazetasi tahririyati, “Ruxsor” televideniyesi hamda jurnalistlar uyushmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Mana endi farg‘onalik jurnalistlar Botkenga kelishdi, – deydi Qirg‘iz Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi Botken telekanali direktori Sabur Abdumo‘minov. 

– Bu birinchidan, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, turistik maskanlar haqida ikki viloyat aholisi tanishtiriladi. Natijada qo‘ni-qo‘shni xalqlar munosabatlari mustahkamlanib, bordi-keldisi quyuqlashadi. Ikki davlat prezidentlari tuzgan yo‘l xaritasi amalga oshishiga hissamizni qo‘shamiz. 

Ikki viloyat jurnalistlarining muloqoti Botken telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.
Shu kuni jurnalistlar delegatsiyasi Botkenning sayyohlik manzillari bilan ham tanishtirildi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HyW11fugeSI" title="Jurnalistlar hamkorligi davom etadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov,

Elyor Olimov( surat, video), O‘zA