Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar “Greencoode Lazer” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi
06:32 / 2022-03-15

FOTOREPORTAJ

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidenti “Greencoode Lazer” korxonasiga ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
“Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidentlari o‘z innovatsion loyihalari bilan kimyo texnologiyalari, biotexnologiyalar, farmatsevtika va tibbiyot biotexnologiyalari, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari kabi  yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda. 

Hozirgi kunga qadar rezidentlar tomonidan 710 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shu bilan birga, 407 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, mamlakatimiz ichki bozoriga sotilgan. 3,8 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlariga eksport qilingan. 
“Greencode Lazer” korxonasi tekis shtansformalar va rotatsion shtansformalar ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimizdagi yetakchi sub’ektlardan. 

[gallery-6142]

Press-turda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda tekis shtansforma ishlab chiqaruvchi 5-6 ta korxona mavjud, xolos. Boisi, u soha juda katta mas’uliyatni talab qiladi. Ya’ni, mahsulotning bahosi uni noto‘g‘ri yasash orqali keladigan zarar summasidan bir necha barobar kichik. Bu degani, bitta shtansforma bilan 10-15 million so‘mlik mahsulot brak ham bo‘lishi mumkin. Shtansforma bahosi esa 1 million so‘m. Ushbu bozorga kirishga ko‘pchilikning qo‘rqishi ham shundan. 
Rotatsion shtansformalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi esa mamlakatimizda 10-20 foizni tashkil qilmoqda. 
Jurnalistlar tashrif buyurgan korxona ushbu loyiha bilan 7 yildan buyon shug‘ullanadi. Korxonaning yetarlicha mijozlar bazasi va amaldagi shartnomalari mavjud. Ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni jalb etgan holda faoliyat miqyosini oshirish va eksportga ishlash imkoniyatini kengaytirish esa kelgusi rejalardan.

Loyiha doirasida hali O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan rotatsion shtansformalarga ishlov beruvchi Janubiy Koreyaning R-Pro Easy-Bender uskunasini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ushbu uskunaning afzalligi shundan iboratki, bunda gofralistni gofraqutiga aylantirish jarayoni 10 martagacha tezlashadi. Hozirda mahsulotni tayyorlash jarayoni yarim avtomat usulda, ya’ni qo‘l mehnati yordamida bajarilayotgan bo‘lsa, yangi texnologiya ushbu jarayonning to‘liq avtomatlashtirish, shu bilan birga sifat ko‘rsatkichining yaxshilanishi imkonini beradi. 

Ta’kidlanganidek, korxona nafaqat yangi mahsulotda, balki ishlab chiqarishni tashkil etishda masofadan nazorat qilinadigan yuqori texnologik sexni tashkil qilishni rejalashtirgan. Bunda buyurtmalarni qabul qilish, yetkazib berish onlayn va avtomatik tarzda bo‘ladi. Shuningdek, har xil turdagi datchiklar va sensorlar yordamida ishlab chiqarish jarayoni samaradorligi oshiriladi.

Ushbu rotatsion shtansformalarni ishlab chiqarilishi natijasida, o‘z-o‘zidan mahsulotga bo‘lgan talab ham ortadi. Undan foydalanish mablag‘ni yetarli darajada iqtisod qilishini hisobga olib, korxonalar o‘z uskunalar bazasini yangilaydi. 
Press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.

 

Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA