Mamlakatimiz qurilish sanoatida zamonaviy materiallar ishlab chiqarishga, shu yo‘nalishdagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor ortmoqda. Bu yurtimizda bunyodkorlik ishlarining jadal o‘sishi, yangi qurilayotgan ob’ektlarning nisbatan arzon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
«Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki bugungi kunda o‘zining xorijiy kredit liniyalari orqali jalb qilingan mablag‘lari bilan iqtisodiyotning real sektori korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga doir investitsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Mazkur bank tomonidan joriy yil boshidan beri tadbirkorlik sub’ektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 83 ta loyihaga 641 milliard so‘m ekvivalentida mablag‘ ajratildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida ishlar davom etadi.
Shu o‘rinda bankning Sirdaryo tumanidagi «Eurasia Gaz Beton» mas’uliyati cheklangan jamiyatining gazobeton ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganiga ham e’tibor qaratish o‘rinli. Bank tomonidan bir guruh markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ushbu korxonaga press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar korxonada gazobeton ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishdi. Qurilish sanoatida bu mahsulotning nechog‘lik ahamiyatli ekani haqida mutaxassislardan ma’lumotlar oldi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda zamonaviy, import o‘rnini bosa oladigan, jahon bozorida talabgir bu kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish tadbirkorlarimiz tomonidan yaxshi o‘zlashtirilgani ta’kidlandi.
Mazkur korxona loyihasining umumiy qiymati 28,9 million dollarni tashkil etadi. Bu mablag‘ning 15,4 million yevrosi hamda 928 ming dollari “Mikrokreditbank” tomonidan ajratilgan kredit summasiga to‘g‘ri keladi.
Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada Niderlandiya texnologiyasi asosida yiliga 430 ming kubdan ortiq gazobeton ishlab chiqarish quvvati mavjud. Ta’kidlash kerakki, korxonada ayni damda 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, zavod o‘ziga xos gorizontal kesish texnologiyasi asosida tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda o‘tgan yil davomida investitsiya dasturi bo‘yicha jami 117 ta ob’ekt qurib bitkazilgan. Shuningdek, 20 ta besh qavatli 400 xonadondan iborat turar joy majmuasi foydalanishga topshirilgan. “Obod qishloq” dasturi doirasida esa 67 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. Bu kabi qurilish, obodonlashtirish ishlarining ko‘lami joriy yilda katta.
Yuqoridagi statistik raqamlardan ko‘rinadiki, viloyatning o‘zida ham qurilish materiallariga talab yuqori.
Doston Umarov, O‘zA