Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar gaz qazib olish konlari faoliyati bilan tanishdi
16:23 / 2020-12-25

Buxoroda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan press-tur tshkil etildi. Unda Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

“O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “Gazli neft gaz qazib chiqarish" boshqarmasi tasarrufida 25 ta kon mavjud. Shundan 20 tasi qazib chiqarishda foydalaniladi. 1 tasi (Xakkul) konservatsiyadagi va 4 tasi qidiruv ishlari olib borilayotgan konlardir.

Foydalanilayotgan 20 ta konning 2 tasi (Kalta-Qir va Tashquduq) gaz konlari. 18 tasi (Kulbeshkak, Dayaxatin, Xodjikazgan, Tayloq, Qumli, Qo‘shimcha, Uchkir, Yorqin, Yangiqazgan, G‘arbiy Xakkul, Shimoliy Suzma, Mirkomilquduq, Savatli, Chakkaqum, Andakli, Janubiy Kulbeshkak,G‘arbi va To‘maris) gaz kondensati konlari hisoblanadi.

Boshqarma tasarrufidagi ushbu konlarda jami 502 ta quduq mavjud bo‘lib, shundan 228 tasida gaz va gaz kondensati qazib chiqarilmoqda. Bir kunda 12,5 million m3 gaz, 140 tonna gaz kondensati qazib olinayotir.

Ushbu ishlatilayotgan konlardan biri “Andakli” bo‘lib press-tur ishtirokchilari dastlab mazkur konda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Kondan yillik 81 million kub metr tabiiy gaz va 0,5 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan. Kon ishchi xodimlari vaxta rejimida faoliyat yuritadi.

[gallery-584]

Viloyatning Qorako‘l tumani hududida joylashgan “Andakli” konida ham ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Mazkur kon 2018 yilda ishlatishga qo‘shilgan.

– Joriy yilning 1 dekabr holatida kondagi quduqlar majmuasi 6 ta, – deydi “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “Gazli neft gaz qazib chiqarish" boshqarmasi Uglevodorodlar qazib chiqarish departamenti boshlig‘i Aziz Rahmonov. – Shundan ishlayotgan quduqlar 4 ta, 1 ta quduq to‘la ta’mirlashda va 1 ta quduqda burg‘ulash ishlari tugatilib o‘zlashtirilgan. “Andakli” konidagi 5-sonli qidiruv qudug‘ida yura qatlamining neft va gazga bo‘lgan istiqbolligini o‘rganish maqsadida burg‘ulash ishlari boshlangan edi. Quduqni sinash jarayonida 2464–2459 metr oralig‘idan (yura davri terrigen yotqiziqlarining XVII qatlami) perforatsiya ishlari natijasida tabiiy gazning kunlik debiti 16 mm shtutserda 426,5 ming kub metrni va 34,1 kub metr gaz kondensatini tashkil etadi.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida ushbu kondan 48,8 million m3 tabiiy gaz, 0,43 ming tonna gaz kondensati qazib olindi. Ushbu konda 2 ta quduq burg‘ulanib ishlatishga topshirildi. Natijada 22 million m3 qazib chiqarildi. Qazib olishni oshirish maqsadida 2 ta quduqda to‘la ta’mirlash ishlari olib borildi. Qo‘shimcha 1,3 million m3 tabiiy gaz qazib chiqarishga erishildi. 

“Andakli” konidan qazib chiqarilgan tabiiy gaz, quvurlar tarmoq majmuasida yig‘ilib, 10,2 kilometr diametri 273 mmli gaz kollektori orqali 700 mm Qumli-Uchqir gaz quvuri orqali Gazli gazni qayta ishlash zavodiga yetkazib beriladi. Zavodda tabiiy gaz oltingugurt birikmalaridan tozalangandan keyin “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga yetkazib beriladi.
Press-tur ishtirokchilari soha mutaxassislari ishtirokida “Hojikazg‘on” konida bo‘lishdi. 

“Hojiqazg‘on” koni viloyatning Qorako‘l tumanida joylashgan. Kon 2006 yilda ishga tushirilgan. “Hojiqazg‘on” konida tabiiy gaz qazib olish uchun quduqlar fondi 23 tani tashkil etadi. bugungi kunda kondan 1,1 million kub metr tabiiy gaz qazib olinadi. 6 ta quduqlardan oltingugurtsiz qazib olinayotgan gaz 8,4 kilometr d-426 mm gaz quvuri orqali “Kulbeshkak” gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga uzatiladi. Uzatilgan gaz suyuqliklardan tozalanib, d-426, uzunligi 31 kilometr bo‘lgan gaz quvuri orqali Magistral gaz quvurlariga yetkazib beriladi.

–Har ertalab tongda turib, masterimiz tomonidan berilgan vazifalarni olib, yo‘riqnomalardan o‘tamiz, – deydi operator Tolmas Fatullayev. – Kuzatuvchilarimiz bilan guruhlarga bo‘linib, quduqlarda qilinadigan ishlarni yo‘riqnoma asosida bajaramiz. Hozirgi vaqtda “Hojiqazg‘on” konining 40-qudug‘idamiz. Bir oyda 15 kun davomida ish faoliyatini olib boramiz. 15 kun dam olamiz. Boshqarma tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. 

“2020 yil – Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da tizimda bajarilishi rejalashtirilgan ishlar bosqichma-bosqich yakuniga yetkazilmoqda.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Qulbeshkak” konidagi quduqlardan

tabiiy gaz qazib olish jarayonlarini raqamlashtirish va qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilgan. 
Qulbeshkak gaz-kondensat koni viloyatning Qorako‘l tumanida joylashgan. 2008 yil mart oyida foydalanishga topshirilgan. “Kulbeshkak” konida tabiiy gaz qazib olish uchun quduqlar fondi 25 tani tashkil etadi. bugungi kunda kondan 1,1 million kub metr tabiiy gaz qazib olinmoqda. Quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz mavjud. 1- va 2-sonli Kirish tarmoqlari bloklarida yig‘ilib, gaz kollektor quvurlari orqali “Qulbeshkak – Uchqir” gazni oltingugurt birkmalaridan tozalash kompleksining gaz uzatish tizimiga uzatiladi. So‘ngra 21,5 kilometr gaz quvurlari orqali “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga yetkazib beriladi.

Ushbu kondan qazib olinayotgan tabiiy gaz miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniq yuritish hamda quvurlardagi gaz o‘tkazish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida kondagi 2-sonli Kirish tarmoqlar bloki hududida gorizontal separator montaj qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. 

“Savatli” gazkondensat koni 2019 yilda ishlatishga topshirilgan. 2020 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z kuchi bilan ushbu konda 20 ta quduqni burg‘ulab ishga tushirishi ko‘zda tutgan. Hozirda konda quduqlar fondi 7 tani tashkil etadi. Bir kunda 602 ming kub metr tabiiy gaz va 6 tonna gaz kondensati qazib olinadi. Ushbu kondan qazib olingan gaz miqdorlari 24,2 kilometr gaz quvurlari orqali “Kulbeshkak – Uchqir” kompleksiga oltingugurt birikmalaridan tozalash uchun yuboriladi. 

Viloyatining Qorako‘l tumani hududida joylashgan “Doyaxotin” konida ish vaxta rejimi, karantin qoidalariga to‘liq amal qilingan holda davom ettiriladi.

Hozirda kondagi quduqlar soni 62 tadan iborat. Shundan ishlatilayotgan quduqlar soni 50 tani, mukammal tamirlashdagilari esa 2 tani, burg‘ulash ishlari bajarilayotganlari ham 2 tani tashkil etadi.

Ushbu kondan joriy yilning birinchi yarim yilligi davrida 664 million kub metr tabiiy gaz va 6,4 ming tonna gaz kondensati qazib olingan. 1 ta quduq burg‘ulanib ishga topshirilgan. Qo‘shimcha 3 million kub metr tabiiy gaz va 0,042 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishilgan. 

Tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish uchun 3 ta quduq mukammal tamirlanib ishga topshirilgan. “Doyaxotin” konidagi quduqlardan qazib olingan tabiiy gaz mavjud 4 ta gazni yig‘ish joylarida yig‘iladi. Uzunligi 50 kilomter 426 mm bo‘lgan gaz quvuri orqali “Uchqir” Gazni oltingugurtdan tozalash kompleksiga yetkazib beriladi.

2020 yilda “Doyaxotin” konidan 1,415 milliard kub metr tabiiy gaz va 12,3 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan. Yana 6 ta quduq burg‘ulanib ishga topshirilishi kutilmoqda. Bu quduqlardan esa qo‘shimcha 38,3 million kub metr tabiiy gaz va 0,96 ming tonna gaz kondensati qazib chiqariladi. 5 ta quduqda mukammal tamirlash ishlari olib boriladi. 

“Doyaxotin” konidagi tabiiy gaz hajmlarini oshirish hamda Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalarigacha belgilangan bosimlarda barqaror yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida, Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi va siquv kompressor stansiyasi qurilishi yuzasidan texnologik jarayonlar o‘rganilmoqda.

Press-tur davomida ommaviy axborot vosilari xodimlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi. 
Jurnalistlar ishtirokidagi press-tur tadbiri davom etmoqda.

 

Zarif Komilov, Tohir Istatov, (surat), O‘zA