Guliston shahridagi viloyat bolalar kutubxonasida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining Sirdaryo viloyat bo‘limi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda hududiy bo‘limning 2025 yildagi faoliyati tahlil qilinib, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishni uyushmaning Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z ma’ruzasida o‘tgan yil davomida viloyat jurnalistlari tomonidan amalga oshirilgan ijodiy ishlar, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni, axborot siyosatida xolislik va professionallik tamoyillariga amal qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, faxriylar tajribasidan samarali foydalanish hamda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar borasida gapirdi.

Muzokaralarda so‘zga chiqqan “Universitet ovozi” gazetasi bosh muharriri Munavvar Pardayev, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva, O‘JU Sirdaryo viloyat bo‘limi “Faxriylar kengashi” raisi, Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Maxmudov, “Ishonch” gazetasining viloyat muxbiri Bahor Xolbekova hamda faxriy jurnalist To‘xtamish Boqiyevlar hududiy bo‘limning o‘tgan yilgi faoliyatini ijobiy baholadilar. Ular jurnalistikaning jamiyatni isloh qilish jarayonlaridagi roli, aholi bilan muloqotni kuchaytirish va tahliliy materiallar salmog‘ini oshirish zarurligini ta’kidladilar.

Yig‘ilishda 2026 yilga mo‘ljallangan ish rejasi ham ko‘rib chiqildi. U bilan uyushma viloyat bo‘limining mutaxassisi Dilorom Ismadiyorova tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, ish rejasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, hay’at a’zolarining takliflariga muvofiq qo‘shimchalar bilan qabul qilindi.
Yig‘ilish doirasida uyushmaning an’anaviy ichki tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Jumladan, “Yilning eng faol jurnalisti” nominatsiyasiga Xolida Pardaboyeva va Muhammadali Ahmad (“Yangi Sirdaryo”), “Yilning eng mas’uliyatli mas’ul kotibi” — Xasan Abduvohidov (“Yangi Sirdaryo”), “Yilning eng yaxshi dizayner-operatori” — Lena Kulshina (“Yangi Sirdaryo”), “Yilning eng sermahsul ijodkori” — G‘ulom Primov (O‘zA Sirdaryo viloyat muxbiri) munosib deb topildi.

Shuningdek, “Yilning eng yaxshi tuman gazetasi” — “Sharafli yo‘l”, “Yilning eng yaxshi tarmoq gazetasi” — “Huquq va ong”, “Yilning eng yaxshi fotomuxbiri” — Muhammad Karim (MINTAQA media markazi rahbari), “Uyushmaning eng yaqin hamkori” nominatsiyalari bo‘yicha Shoiraxon Shukurova (viloyat bolalar kutubxonasi rahbari) va Mohira Yo‘ldosheva (“Ziyo” nashriyoti muharriri) taqdirlandilar.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi Dilnoz Umrzoqova, faxriy jurnalist Mavludaxon Siddiqova, “Adabiyot va zamon” gazetasi bosh muharriri Alisher Nurboyev hamda faxriy jurnalist To‘xtamish Boqiyevlar faol va tashabbuskor ijodkorlar sifatida uyushmaning esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandilar.

Yig‘ilish kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusi davrda jurnalistlar oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA