Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar e’tirof etildi
09:29 / 2022-06-25

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida "27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh faol jurnalistlarni rag‘batlantirish maqsadida bayram tadbiri o‘tkazildi.

 

Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ochib berib, ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

"Barchangizga yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarni keng ommaga tezkorlik va holislik bilan targ‘ib qilayotganingiz uchun tashakkur aytamiz. Murakkab va mas’uliyatli kasbingizning asosiy mohiyati so‘z orqali jamoatchilik aloqalariga ta’sir o‘tkazish imkoniyati, adolatni qaror toptirish, nafaqat insonlar, balki xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvga xizmat qiladi. Bugun nafaqat shu yerdagi balki mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha jurnalistlarni "Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni" bilan tabriklayman!" 
dedi M.Hojimatov.

     Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida chop etilgan “Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar lug‘ati” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur kitobga ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga oid 1000 dan ortiq atama va tushunchalar izohi kiritilgan bo‘lib, lug‘atni tuzish va unga tartib berishda, so‘z, atama va iboralarni sharhlashda konseptual-nazariy fikrlar, ta’rif va xulosalar asos qilib olingan. Kitobda ma’naviyat hodisasi tarix va bugungi kun, Yangi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish va Uchinchi Renessans poydevorini barpo yetish jarayonida inson, xalq va jamiyat taraqqiyoti, milliy hamda umumbashariy qadriyatlar tahlil qilinib, zamonaviy bilimlar asoslangan holda yoritilgan. Kitob 15 ming nusxada “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilib, barcha ta’lim muassasalari, kutubxonalar, vazirlik va idorlarga bepul tarqatilmoqda.

    Tadbirda davomida falsafa fanlari doktori, professor Qiyomiddin Nazarov so‘zga chiqib, ushbu kitob haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.

Badiiy kecha yakunida faol jurnalistlar hamda soha fidoyilari bo‘lgan faxriy jurnalistlarga mehnatlarining e’tirofi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi.

 N.Usmonova,
   O‘zA