26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni
Surxondaryo viloyati Bojxona boshqarmasi tomonidan “Daryo porti” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga media-tur tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Soha mutaxassislari bojxona postiga kelayotgan yuklarni qabul qilish tartibi va import tovarlarini saqlash omborxonalari faoliyati bilan ishtirokchilarni batafsil tanishtirdi.
“Daryo porti” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti O‘zbekiston Respublikasining daryo sohilida joylashgan yagona bojxona maskani hisoblanib, 1991 yil 26 oktyabrda tashkil etilgan. Bojxona posti Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida Amudaryo orqali yuk tashuvida suv transporti va ularda tashilayotgan tovarlarni bojxona xodimlari va chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida tekshiruvdan o‘tkazadi. Media-tur davomida jurnalist va blogerlar ushbu jarayonning bevosita guvohi bo‘ldi.
[gallery-10373]
O‘tgan 2022 yil davomida mazkur bojxona posti xodimlari tomonidan jami 474 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan. Ushbu bojxona yuk deklaratsiyalarining 198 tasi qizil, 266 tasi sariq va 95 tasi yashil yo‘laklarda rasmiylashtirilgan. 16 million AQSH dollarlik tovarlar xorijga eksport qilingan bo‘lsa 9,7 million AQSH dollarlik tovarlar import qilingan.
2022 yilda post orqali jami 1986 ta suv transporti harakatlangan bo‘lib, kirish va chiqish yo‘nalishlarida suv transport vositalari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Shu bilan birga, post orqali jami 9930 nafar fuqaro (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar) harakatlangan.
Media-tur davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar va yuk tashish borasida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob berildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA