Andijon viloyati bojxona boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida “Bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi” mavzusida press-tur o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari qatnashgan press-tur avvalida bojxona organlari tomonidan bugungi kunda sohani rivojlantirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish orqali korrupsion holatlarning oldini olish va bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddi hamda mutaxassislar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.
– Keyingi yillarda bojxona tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, – deydi viloyat Bojxona boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari, podpolkovnik Bekzod Shukurov. – Ayniqsa, bojxona organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, ushbu illatga qarshi kurashish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Muloqotda bojxona xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar, ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi. Jumladan, xodimlarga uy-joy uchun ijara kompensatsiyalari, davolash xarajatlari uchun moddiy yordam, uy-joy sotib olish uchun ssudalar ajratish, shuningdek, xodim faoliyati natijadorligiga qarab alohida rag‘batlantirish tartiblari joriy etilganligi aytib o‘tildi.
Keyingi yillarda tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlariga keng qulayliklar yaratilganligi, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirilganligi, bojxona protseduralarining soddalashtirilganligi, dasturiy ta’minotlar, bularning barchasi tadbirkorlar manfaatiga xizmat qilayotganligi alohida qayd etildi.
Ishtirokchilar yuqoridagi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar aks ettirilgan, shuningdek, korrupsion holatlarning yuzaga kelish omillarini ochib beruvchi videolavha bilan tanishdi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Andijon shahrida joylashgan bojxona omborida bo‘ldi.
Bugungi kunda Andijon viloyati bo‘yicha bojxona organlari tomonidan berilgan litsenziyaga asosan jami 28 ta bojxona ombori faoliyat yuritmoqda. Shundan 15 tasi yopiq, 12 tasi ochiq turdagi bojxona ombori bo‘lib, 1 ta boj olinmaydigan savdo do‘koni mavjud.
Avvallari chegaradan kirib keladigan har bir transport TIF bojxona postlariga yetkazilishi va bojxona xodimlari tomonidan har bir hujjatga shtamp va muhr bosish bilan tasdiqlanishi lozim edi. Bunda, yukni tushirish talab etilganda, bojxona xodimining ishtiroki majburiy bo‘lib, har bir holatda postga kelib, bojxona organidan ruxsat olishiga to‘g‘ri kelgan. Hozirda ushbu jarayonlar raqamlashtirilib, qator yengilliklar yaratilgan. Jumladan, dastur orqali har bir tovar va transport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar onlayn kuzatish, tashuvchilardan hujjatlarni bojxona organlariga taqdim etmasdan omborlar tomonidan qabul qilish, transportdan yukni tushirishda bojxona xodimi qatnashishi yoki qatnashmasligi xavfni boshqarish tizimi tomonidan belgilanganligi shular jumlasidandir. Bu bilan TIF sub’ektlarining vaqt sarfi hamda moliyaviy xarajatlari tejaladi.
[gallery-26670]
Bojxona omborida press-tur ishtirokchilariga bojxona ko‘rigi jarayonlarining tartibi ko‘rsatildi. Markazlashtirilgan tarzda rasmiylashtiruv va ko‘rikni amalga oshirishda texnik vositalar, raqamli texnologiyalar imkoniyatlari namoyish etildi. Bojxona ko‘rigida harakatini nazorat qilishga asoslangan maxsus kuzatuv uskunalari bilan tanishtirildi.
Press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari