Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistlar Beshariqqa nega borishgan edi? (+video)
16:11 / 2026-02-19

Farg‘ona viloyatining bir guruh jurnalistlari hech kimga aytmay, mas’ullarni oldindan ogohlantirmay Beshariq tumaniga borishdi. Maqsad mahalla, xonadonlarda bo‘lib aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishish edi. Dastlab yo‘l yoqasidagi "Uzun" mahalla fuqarolari yig‘ini degan yozuv oldida to‘xtashdi. Rais ikki oiladagi ajrimni yarashtirgani ketgan ekan. Ilk suhbat “mahalla bankiri” bilan bo‘ldi. U "Biznesni rivojlantirish" bankining imtiyozli kreditlarini 18 ta oila olib ish boshlaganini aytdi. Jurnalistlar ro‘yxatdan bir oilani tanlashdi-yu, o‘sha xonadonga yo‘l oldilar. Hovlidagi tomorqaga issiqxona qurilgan ekan. Ichkarida esa barq urib o‘sayotgan qulupnay ko‘chatlari ko‘zni quvnatadi.

– Bu yerda 1500 tupdan ortiq qulupnay ekilgan. Issiqxonani tashkil qilishga 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ibrohimjon Fayzimatov. – Azizaxon juda tadbirkor ayol. Shu kunlarda yana qo‘shimcha kredit ajratilishi masalasida ishlayapmiz. U qo‘shnilari bo‘lgan 10 nafar qiz-ayolni tikuvchilikka jalb qilmoqchi. Buning uchun kichik sex tashkil etadi.  

Xonadon sohibasi Azizaxon Hudoyberdiyeva tikuv mashinalarini ko‘rgani ketgan ekan. Shu yilning o‘zida 30 mln.so‘m kredit olib issiqxona qilgani, qulupnay ko‘chatlari durkunligidan uning g‘ayratli ekani bilinib turardi. Hokim yordamchisi aholi kichik biznes bilan shug‘ullanish uchun davlat yaratgan sharoitdan unumli foydalanayotganini aytdi.

– Mahallamiz bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. Hududimizdagi fermerlarning 200 gektar bog‘i bor, – deydi hokim yordamchisi. –Bog‘dorchilik mahsulotlarini qayta ishlab, qadoqlab, xorijga eksport qiladigan 11 ta oila tadbirkorlik faoliyatini yurityapti.  

Jurnalistlar qo‘shni ko‘chadagi yana bir ogohlantirilmagan xonadonga tasodifan kirib bordilar. Husniddin Sobirov yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekan. O‘n chog‘li ayollar o‘rik bargaklarini saralash, yuvish va quritib qadoqlash bilan band edi. Ularning yarmi oila a’zolari, yarmi qo‘shnilar bo‘lib chiqdi. Oila boshlig‘ining aytishicha, mahsulot paydar-pay xorijga eksport qilinar ekan. Hatto Dubaydagi dukonlarda ham bizning bargak, bodom, yong‘oqlar sotilyapti, dedi ular bir oz maqtangan bo‘lib. Keyin aslida ham shunday ekanini rasmiy xujjatlardan aniqlab bildik.

– Quritilgan o‘riklarni bargak holatida xorijga jo‘natish bilan shug‘ullanamiz, – deydi oila bekasi Muattar Uzoqova. – Bu yerda o‘g‘il qizlarim, kelinlarim, turmush o‘rtog‘im boshchiligida ishlaymiz. Bundan tashqari, yon qo‘shnilarimizdan 10 ta ayolni ham ish bilan ta’minlaganmiz.  

Uzun mahallasi ko‘chalaridan borilar ekan, toshliq adirlar bag‘ridagi issiqxona ko‘rindi. Yo‘lni o‘sha tomonga burishdi. “Ziyonur parranda” ko‘p tarmoqli klaster issiqxonasi ekan. 50 sotixga ekilgan pomidor mevasi olataram bo‘lib qolibdi. Ko‘chatlar baquvvat, qatori tekis, mevasi bo‘lali. Pushtalar toza va tortilgan ipdek. Toshli adirda shunday manzara yaratish juda mushaqqatli mehnat talab qiladi. Lekin Otamurod Saidahmedov shunga erishgan.

– Bugun tadbirkor bo‘laman, deganlarga hamma eshiklar ochiq. Chunki barcha tadbirkor ortida Prezident turibdi, – deydi “Ziyonur parranda” klasteri rahbari Otamurod Saidahmedov. – Bizga yaratilgan imkoniyatlar juda ko‘p. Masalan, issiqxona uchun yer solig‘idan ozodmiz. Parrandachilik uchun ham soliq imtiyozi bor. Chorvachilik ham bir qancha soliq turlaridan ozod qilingan. Biz yetishtirgan bitta tuxum uchun davlat 100 so‘m subsidiya beryapti. Bunday sharoit qayerda bor? Men o‘zim 17 yil Rossiyada ishlab keldim. Prezidentimiz yaratgan imkoniyatlarni ko‘rib O‘zbekistonga qaytdim va qisqa vaqt ichida shunday natijalarga erishdim.  

[gallery-27756]

2025-yilda 50 sotix yerdan jami 90 tonna hosil olinibdi: ikki marta pomidor 30 tonnadan va oraliqda bir marta 30 tonna bodring.

Otamurod Saidahmedov issiqxona yonida parrandachilik sexini tashkil etibdi. Hozir 60 ming bosh Ispaniyaning zotli tovuqlari boqilyapti. Har kuni kamida 40 mingdan ziyod sara tuxumni xalq dasturxoniga yetkazib beryapti.

– Buni qarang, zotli tovuqning sara tuxumi mana bunaqa bo‘ladi, – dedi-yu konverdan bir necha tuxumni olib chaqib ko‘rsatdi. Ularning har birida ikkitadan sarig‘i bor edi.

Ha, tadbirkor haq gapni aytdi. Ishlash, daromad olish uchun barcha sharoit bor. Shundan rejalari ham katta.

– Hozirgi kunning eng dolzarb masalasi suvdan tejab- tergab foydalanish. Uning samarador usuli esa tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yishdir, – deydi Otamurod Saidahmedov. – Yaqinda Xitoyga borib keldim. Shartnoma tuzdik. Mahallamda tomchilatib sug‘orish uskunalari ishlab chiqaradigan zavod qurilishiga kirishdim. Qolaversa, bu yil 100 bosh zotli qoramol boqiladigan chorvachilik fermasini ham tashkil etaman.  

Xullas, shu kuni   jurnalistlar Beshariqning Uzun mahallasidagi o‘zlari tanlab tasodifan kirib borgan  xonadonlarda islohotlarning amaldagi holatini ko‘rdilar. Ijodiy safar tuman hokimligida davom etdi. Avvaliga hokim Rasuljon Jo‘rayev kelishlaring haqida bir og‘iz xabardor qilib qo‘ymabsizlar,  kutib olar edik, deya o‘pkalagan bo‘ldi. Lekin suhbat, savol-javob amaliy o‘tdi.

– 2025-yilda 1 trillion 668 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqardik. Bu avvalgi yilga nisbatan 9 foiz o‘sishdir. Bu yil bu raqamni 2,5 trillion so‘mga yetkazamiz, – deydi Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev. –Viloyat quruq meva eksportining 30 foizi Beshariq tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Endi uni 50 foizga chiqaramiz. Tumanga jalb etiladigan xorijiy investitsiya hajmi 201 million dollardan oshadi.  

Beshariqda faqat sanoat korxonalarigina rivojlanib qolmagan. Qishloq xo‘jaligidagi yutuqlar ham salmoqli. Tumanda 2025-yil yakuni bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 trillion 250 milliard so‘mni, o‘sish sur’ati esa 102 foizni tashkil qildi.  

Xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etishga Beshariq jozibador hududlardan biri sifatida qaralmoqda.

– Viloyatimizga har kuni xorijiy investorlar kelib turibdi, – deydi hokim.  – Beshariqda birgina xitoyliklar “Yasin” sement zavodini qurdilar, 1000 gektarda quyosh panellari qo‘yish boshlandi, 500 gektar maydonga esa jaydari pista – semichka ekishmoqda. Unga 20 million dollar sarflab yer qaridan suv chiqarib tomchilatib sug‘orish usulini joriy etgan holda o‘zlashtirishmoqchi.

Uy-joy qurilishi Beshariq markazinigina emas, qishloqlar qiyofasini ham o‘zgartirib yubordi. Rasuljon Jo‘rayev bu boradagi raqamlarni ham tilga oldi:

– 2025-yilda 185 xonadonli 9 ta ko‘pqavatli uy qurgan edik. 100 foiz sotildi. Bu yil hatto 16 qavatligacha bo‘lgan 24 ta uy quryapmiz.  

Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi Rapqon va Yakkatut mahallalarida qariyb 300 milliard so‘mlik loyihalar o‘zlashtirilmoqda.

Maqsad yaqin vaqt ichida tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish edi. Bunga erishyaptilar ham.

2025-yilda aholi 31 598 nafarining bandligi ta’minlandi. Ishsizlik darajasi 5 foizgacha tushirildi.

Beshariq safari chog‘i “chaqirilmagan mehmon” – jurnalistlar yon daftari muhim fakt va raqam, ism,  mulohazalarga to‘ldi. Endi ulardan tahliliy maqolalar kutish qoldi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gy5eaudvvjA" title="Jurnalistlar Beshariqqa nega borishgan edi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA