Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistikada xabar – voqeaning nusxasi, teatr sahnasi emas
12:02 / 2025-08-26

Bugungi kunda axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashdi. Har bir inson smartfoni orqali istalgan vaqtda minglab xabarlarga duch keladi. Shu sababli auditoriya e’tiborini jalb etish, ularni xabarga bog‘lab turish, ishonchli ma’lumot yetkazish jurnalist va ommaviy axborot vositalari oldida turgan muhim vazifadir. Shu bilan birga, xabarning mohiyati va jurnalistik mezonlarga muvofiqligi masalasi har doim dolzarb bo‘lib qoladi.

An’anaviy jurnalistika nazariyasida xabar quyidagi asosiy tamoyillarga amal qilishi kerak: Aniqlik, ya’ni har bir ma’lumot faktlarga asoslangan bo‘lishi va ishonchli manbalarga ega bo‘lishi kerak va albatta xolislik ham talab etadi. Jurnalist xabarda shaxsiy fikr yoki hissiyotlarini aralashtirmasligi lozim. Dolzarblik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, xabar hozirgi vaqt uchun ahamiyatli va jamiyatda muhokama qilinayotgan mavzularga taalluqli bo‘lishi kerak. Auditoriyaning vaqtini tejab, zaruriy asosiy ma’lumotlar bilan xabarlar qisqa va lo‘nda yetkazilishi kerak. Axborot manbasi aniq ko‘rsatilishi jurnalistikaning asosiy etik talabi hisoblanadi.

Yuqoridagilar klassik jurnalistika talablaridir. Ammo zamonaviy media muhitida bu mezonlarga raqobatbardoshlik, kreativlik va psixologik ta’sir ko‘rsatish uslublari qo‘shildi. Hozirgi kunda ko‘plab xabarlar “shou-element”lar bilan boyitilgan. Ayniqsa, televideniye yoki internet-telekanallar, YouTubye, TikTokkabi platformalarda ma’lumotni berishda ta’sirchanlikka tayanmoqda. Masalan, “Millar”ga o‘xshash dasturlar aktyorlik mahoratini ishga soladi, sahnalashtirilgan dramatik holatlar orqali insonni hissiyotga olib kiradi. Shu orqali tomoshabinni video oxirigacha ushlab turishga intiladi.

Bunday usullar, bir tomondan, auditoriyani axborotga jalb etish vositasi sifatida samarali. Biroq, bu xabarning mohiyatini buzmasligi kerak. Jurnalistikada xabar voqeaning nusxasi, teatr sahnasi emas.

Bugungi kunda informatsiyaning ko‘ngilochar yo‘nalishi ham kuchaygan. Ayniqsa, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan kontent yaratuvchilarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ular o‘z auditoriyasini asosan emotsiya, va sub’ektiv tahlil bilan o‘ziga jalb etadi. Bunday shakllar ma’lumot yetkazishdan ko‘ra, hissiy ta’sir qilishga mo‘ljallangan. 

Ammo jurnalistikaning asosiy maqsadi – bo‘lgan voqeani xolis yoritish. Shuning uchun ko‘ngilochar kontent bilan haqiqiy xabar o‘rtasidagi chegara saqlanishi zarur. 

Axborotni jozibali yetkazish – jurnalistik san’at, ammo bu san’at haqiqatni niqoblash emas, balki uni yanada tushunarli va qabul qilinadigan shaklda berishga xizmat qilishi kerak. “Millar” yoki blogerlar uslubidagi hissiy, dramatik yondashuvlar ayrim hollarda o‘rinli bo‘lishi mumkin. Ammo har qanday holatda ham jurnalist o‘z vazifasini unutmasligi lozim. Haqiqatni aniqlash va uni xolis, aniq, tezkor shaklda jamiyatga yetkazish asosiy vazifa.

Jurnalistika faqat axborot yetkazish emas, balki ijtimoiy mas’uliyatdir. Xabarlar jamiyat ongini shakllantiradi, fikrlar yo‘nalishini belgilaydi. Shuning uchun har bir xabarning sifat darajasi nafaqat jurnalist, balki butun jamiyat taraqqiyotining o‘lchovi.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA