Jurnalistika antologiyasi yaratilmoqda
Karantin davom etayotgan ayni kunda yurtimizdagi aksariyat korxona va tashkilotlar, jumladan, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ham masofadan turib ishlash tartibiga oʻtgan.
Karantin davom etayotgan ayni kunda yurtimizdagi aksariyat korxona va tashkilotlar, jumladan, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ham masofadan turib ishlash tartibiga oʻtgan. Biz mazkur uyushma raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov bilan onlayn bogʻlandik.
– Texnika rivojlangan hozirgi kunda uyda bir qator, jumladan, yozuv-chizuv bilan bogʻliq ishlarni bemalol bajarish imkoniyati mavjud, – deydi X. Salimov. – Biz shu paytgacha bu imkoniyatdan faol foydalanmaganmiz. Har kuni ishda boʻlganmiz, bunga hojat ham boʻlmagan. Xullas, hozir uyda ishlashga toʻgʻri kelmoqda. Buning uchun birinchi navbatda internet, planshet, netbuk yoki noutbuk boʻlishi zarur. Muhimi, shu imkoniyatlarga egamiz. Mana shu kabi texnik imkoniyatlar tufayli bugun bemalol onlayn yigʻilishlar oʻtkazish, muayyan mavzularni muhokama qilish mumkin. Bu borada oʻziga xos tajriba ham toʻplanmoqda, deyish mumkin.
X. Salimovning aytishicha, ayni kunlarda uyushma tomonidan muayyan, jumladan, “Yosh yuraklar sadosi” turkumidagi yangi kitobni nashr etishga hozirlik koʻrilmoqda. Kitobni bugungi kunda butun dunyo miqyosida oʻta dolzarb mavzu — koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash boʻyicha mamlakatimizda Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonda mehr-oqibat, sabr-toqat, birdamlik, hamjihatlik, saxovatpeshalik kabi xalqimizga xos boʻlgan qadriyatlarning oʻrni va ahamiyati, global dunyoda hayot mohiyati, umr mazmuni, inson qadr-qimmati, jismoniy va maʼnaviy salomatlik qadrini anglash, bugungi kunning qahramonlari – shifokorlar va xalqimiz manfaatlari yoʻlida murakkab karantin sharoitida ham oʻz faoliyatini toʻxtatmayotgan fidoyi insonlar haqidagi maqolalar, koʻrsatuv va eshittirishlar asosida tayyorlash koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Internet jahon axborot tarmogʻida milliy kontentni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va ushbu hujjatga ilova qilingan “2019-2021-yillarda Internet jahon axborot tarmogʻida milliy kontentni yana-da rivojlantirish boʻyicha kompleks dastur”ning 22-bandi ijrosi doirasida oʻzbek jurnalistikasi rivojlanish bosqichlari antologiyasini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar masofaviy tartibda davom ettirilmoqda.
Katta mehnat va izlanish talab qiladigan ushbu ijodiy jarayonga Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʻzbekiston Milliy universitetining Jurnalistika hamda Oʻzbekiston jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetlari, shuningdek, yurtimiz yetakchi OAVlari hamda boshqa bir qator tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan (jurnalistika sohasiga aloqador) ilmiy xodimlar, olimlar, tajribali oʻqituvchilar, ustoz jurnalistlar jalb etilgan. Ular koʻmagida ishchi guruhlar konsepsiyasi ishlab chiqilib, antologiyaga asarlari kiritilishi koʻzda tutilayotgan mualliflar roʻyxati shakllantirildi. Kelishilganidek, oʻzbek milliy jurnalistika antologiyasini muayyan yillarni oʻz ichiga olgan davrlarga boʻlgan holda yaratishga bel bogʻlangan.
Hozirgi vaqtda ishchi guruhlar ish rejasi asosida mutaxassis va olimlar bilan onlayn hamkorlikda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va “Maʼnaviyat” nashriyotida saqlanayotgan umumiy fonddan jurnalistikaning rivojlanish bosqichlariga oid zaruriy (turli mualliflarning asarlari) maʼlumot va materiallarning elektron variantlarini olish, mualliflar materiallarini tanlash va ularni uyushma veb-saytiga joylashtirishga tayyorlash jarayoni kechmoqda.