Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalistik faoliyatning huquqiy himoyasi: qonunchilikni qo‘llash va islohotlar
14:07 / 2023-12-05

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Jurnalistik faoliyatning huquqiy himoyasi: qonunchilikni qo‘llash va islohotlar” mavzusida seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu seminarda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, huquqshunoslar qatnashdi.  

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov  yurtimizda media sohasi rivojini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.    

Yangilangan Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi kabi yangi norma va moddalarning mustahkamlab qo‘yilishi tarixiy voqea bo‘lganini alohida  ta’kidladi.  

Darhaqiqat, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi  inson huquq va erkinliklarining mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi. Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, ular soni 128 tadan 155 taga oshdi, normalar soni 275 tadan 434 taga ko‘paydi, ya’ni Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilandi.  

Mamlakatimizda keyingi yetti yilda jurnalistika sohasiga qaratilgan alohida e’tibor, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli ommaviy axborot vositalari soni 1 ming 514 tadan 2 ming 140 taga ko‘paygani, ularning 65 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelishi,  birgina internet nashrlar soni 395 tadan 745 taga ortgani ham e’tirofga molik.  

Har bir sohada, jumladan, jurnalistik faoliyat olib borishda ham huquqiy savodxonlik muhim ahamiyatga ega. Shu bois O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida tuzilgan memorandumga ko‘ra jurnalist va blogerlarga huquqiy maslahatlar berib borilmoqda.  

Seminarda OAV vakillarini huquqiy qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning manfaatini himoyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.  

Erkin muloqot tarzida o‘tgan seminarda jurnalistik faoliyatning huquqiy asoslari, sohada axborot olish hamda tarqatish bilan bog‘liq muammolar uchrayotgani, ularni bartaraf etish yo‘llari xususida fikr-mulohazalar  bildirildi.  

Seminar ishtirokchilari zamonaviy jurnalistikaning rivojlanish tamoyillari, bugungi kunda muhim vazifalar, mavjud muammolar, OAV xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, bosma va internet nashrlarda xolis va haqqoniy axborot tarqatishni ta’minlash singari muhim masalalarni muhokama qildi.  

Jurnalist va blogerlarning huquqiy savodxonligini oshirish  zarurligi, ayrim OAV vakillari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga insonning shaxsiy ma’lumotlari, uning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qiladigan, ba’zan ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik va haqorat ko‘rinishidagi post va izohlarni joylashtirish, ayrim joylarda esa jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilish holatlari ham uchrayotganiga e’tibor qaratildi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA