Jizzax viloyati Baxmal tumanida “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ishtirokida “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Tuman tibbiyot birlashmasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda tuman tibbiyot birlashmasi tizimida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha batafsil axborot berildi. Taʼkidlanganidek, Baxmalda istiqomat qiluvchi 163 ming nafardan ziyod aholiga tuman tibbiyot birlashmasining 2 ta 260 oʻrinli hamda 185 oʻrinli shifoxonalar, har biri 25 oʻrinli “Sangzor” “Gulbuloq” “Baxmal” filiallari namunali tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Shuningdek, tumandagi 100 qatnovga moʻljallangan 5 ta oilaviy poliklinika, 50 qatnovga moʻljallangan 10 ta oilaviy shifokorlik punkti va 725 qatnovga moʻljallangan koʻp tarmoqli markaziy poliklinika aholiga ambulator-poliklinika xizmatini koʻrsatayotir. Ayni paytda, tuman tibbiyot birlashmasida jami 137 nafar shifokor boʻlib, shundan 38 nafari oliy, 5 nafari 1-, 12 nafari 2-toifaga ega mutaxassis hisoblanadi. 668 nafar oʻrta tibbiyot xodimlarining 236 nafari oliy, 61 nafari 1-, 46 nafari 2-toifaga ega.
Tibbiyot birlashmasi kadrlar zaxirasini yaxshilash maqsadida Samarqand tibbiyot instituti bilan shartnoma imzolangan. Unga koʻra bitiruvchi bakalavr va magistrlar tibbiyot birlashmasidagi vakant oʻrinlarga ishga jalb etiladi.
[gallery-6832]
Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash va tibbiyot sohasini raqamlashtirish xamda dori vositalari bilan taʼminlashni yanada yaxshilash uchun joriy yilning aprel oyida tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda va birlamchi tizimdagi davolash profilaktika muassasalari hududdagi aholini 120 turdagi dori-darmonlar bilan taʼminlash maqsadida byudjetdan 1 milliard 888 million 516 ming soʻm mablagʻ ajratilgan.
– Tuman aholisiga 4 ta brigadadan iborat tez tibbiy yordam boʻlimi va 9 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi xizmat koʻrsatmoqda, – deydi Baxmal tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Faxriddin Gaffarov. – Tez tibbiy yordam boʻlimi va shoxobchalarda 61 nafar navbatchi shifokor, 122 nafar oʻrta tibbiyot xodimi va 62 nafar texnik xodimlar ajratilgan.
Tez tibbiy yordam boʻlimlari 25 turdagi tibbiy asbob-uskunalar va 71 turdagi dori-darmon vositalari bilan taʼminlangan.
– Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordam muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoni ijrosi doirasida 2020-yil sentyabr oyida “Oyqor” MFYda “Tangatopdi” oilaviy shifokorlik punkti ochildi. 2020-yilda davlat byudjetidan 3 milliard 195 million soʻm mablagʻ ajratilib tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʻlimi yangitdan qurildi, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Goʻzal Haydarova. – Tumanda oilaviy shifokorlik punktlari tarmogʻini yanada kengaytirish maqsadida joriy yilning ikkinchi choragida “Novqa” MFYda joylashgan oilaviy shifokorlik punkti oʻz faoliyatini boshlaydi.
Darvoqe, tumandagi koʻp tarmoqli markaziy, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida joriy yilning birinchi choragida 125 ming 156 nafar fuqaroga ambulatoriya, 13 ming 517 nafar fuqaroga uy sharoitida tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Tuman aholisining 39 ming 525 nafarini tugʻish yoshidagi ayollar tashkil qiladi. Joriy yilning birinchi choragida ularning 8 ming 673 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida tibbiyot birlashmasi tugʻruq majmuasida chaqaloqlar reanimatsiyasi posti faoliyatini yoʻlga koʻrish uchun talab etiladigan shtatlarga boʻlgan ehtiyoj shakllantirilgan.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, bolalarda uchraydigan kasalliklar va mikronutriyentlar yetishmovchiligining oldini olish maqsadida 6 oydan 9 oylikkacha boʻlgan 8 ming 687 nafar bolaga 781 ming 830 dona “Mikronutriyent” tabletkalari tarqatilgan. Joriy yilning mart oyida oʻtkazilgan “Bolalar salomatlik haftaligi” tadbiri doirasida 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga “Vitamin A saplementatsiyasi”ning 38-turi oʻtkazilgan. Shu yoshdagi 2 ming 523 nafar bolaga 100 dozalik “Vitamin A”, 19 ming bolaga 200 dozalik “Vitamin A” preparatlari tarqatilgan.
Matbuot anjumanida bildirilgan maʼlumotlar tumanda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligi yildan-yilga yaxshilanib borayotganligini koʻrish mumkin. Tadbir soʻngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga soha xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) OʻzA