FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan Farg‘ona viloyatida ham tomorqa va dehqonchilik yerlaridan samarali foydalanish, yuqori daromadli hamda eksportbop ekinlar yetishtirish, ularni hisobga olish va moliyalashtirishga doir qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda aholini o‘qitish, urug‘ va ko‘chat yetkazib berish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarishni qamrab olgan to‘liq zanjir yaratilmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimligi, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi hamda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari milliy brendini yaratish – eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam” mavzusida o‘tgan press-turda respublika va mahalliy OAV vakillari hamda blogerlar mazkur yo‘nalishdagi ishlar bilan tanishtirildi. Uzumning “Rizamat”, “Husayni”, “Kelinbarmoq” va “Qorakishmish” navlariga ixtisoslashgan “Oltiariq agrostar” ixtisoslashgan kompaniyasi, o‘rik va turshakka ixtisoslashgan “Fargʻona agro star” loyiha ofisi hamda shaftoli, gilos, gullar, ko‘chatlarga ixtisoslashgan “Quva – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Dastlab Oltiariq tumanidagi uzumchilik o‘quv markaziga borildi. Tumandagi quyosh panellari yordamida ishlaydigan, 2 ming tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, Farg‘ona tumanidagi o‘rikni qayta ishlash va qadoqlash loyihasi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda hozirda o‘rik mag‘izlari Turkiya va Xitoyga eksportga tayyorlanmoqda. Korxonada 40 nafardan ziyod fuqaro ish bilan band.
Quva tumanida atirgul parvarishi bilan shug‘ullanayotgan dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar tajribasi ham tadbir davomida tanishtirib o‘tildi. Xususan, “Qaqir” MFYda istiqomat qiluvchi To‘lqin Dehqonov tomonidan 5 sotix maydonda tashkil etilgan zamonaviy issiqxona mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-24007]
Joriy yilda qurilgan bu issiqxonada 4 ming 500 dona atirgul ko‘chati tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarishlanmoqda. Sovuq kunlarda issiqlikni ushlab turish, issiq kunlarda esa sovutish tizimi ishlaydi.
“Quva – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi ko‘chat tanlashdan to eksportgacha bo‘lgan jarayonlarda tadbirkorlarga ko‘mak bermoqda. Bu yerda ishtirokchilar qilingan ishlar bilan tanishish barobarida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA