Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalist va blogerlar gazchilar faoliyati bilan tanishdi
13:27 / 2022-07-27

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etgan press-turda ishtirokchilar vohada iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish hamda ularga yaratilayotgan qulayliklar bilan tanishdi.

Tadbirda jurnalist va blogerlar, “Hududgaz” aksiyadorlik jamiyati, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarining gaz ta’minoti filiallari axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2 ming 115 ta ulgurji va 556 ming 858 ta aholi tabiiy hamda suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Aholi iste’molchilarining 107 ming 230 nafari tabiiy, 462 ming 310 nafari suyultirilgan gazdan bahramand bo‘lmoqda. Ikki kunlik tadbir Termiz shahridagi Guliston mahallasidan boshlandi. Bu yerda ishtirokchilar yangidan tortilgan gaz quvuridan 260 xonadonni tabiiy gaz bilan ta’minlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.  

Iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda yuz bergan muammolarni bartaraf etish uchun mahalla hududiga 1 ming 100 pogon-metrga yaqin gaz quvuri tortilgani joriy yilda gulistonliklar uchun o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Endilikda mavjud 860 xonadonning har biriga uzluksiz tabiiy gaz yetkaziladi. Hozirgacha “Fidokor” ko‘chasidagi 260 xonadon gaz quvurlariga ulandi. Press-tur qatnashchilarida Termiz shahridagi Bog‘ishamol mahallasida tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham yaxshi taassurot qoldirdi. 

Mahallada bo‘lgan mehmonlar xonadonlarga o‘rnatilgan “aqlli” gaz hisoblagichlarning qulayliklari bilan qiziqdi. Mazkur loyiha doirasida viloyatdagi xonadonlarga “aqlli” gaz hisoblagichlarni o‘rnatish yaqin kunlarda nihoyasiga yetadi. Hozirgacha 107 mingdan ortiq xonadon zamonaviy gaz hisoblagich bilan ta’minlanib, uning birinchi bosqichi yakunlandi. Ikkinchi bosqichda yana qo‘shimcha aniqlangan xonadonlarga 9 ming 643 dona “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatiladi. Navbatdagi manzilda ommaviy axborot vositalari xodimlari, axborot xizmatlari rahbarlari va blogerlar Prezidentimizning 2021 yil 30 apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasini tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, davlatimiz rahbarining 2021 yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahri iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun Angor tumani Bahor mahallasi hududidagi “Qoraqir” AGRSdan 38,9 kilometrga kesimi 219 millimetrli yuqori bosimli gaz tarmog‘ini barpo etish loyihasi bilan tanishdi. Quvurlarni montaj qilayotgan ishchilar bilan suhbatlashdi.  

Mutaxassislarning aytishicha, yangi loyiha to‘liq foydalanishga topshirilgach, Termiz shahridagi Guliston, Kattabog‘, Gulira’no, Surxon Sohili, Majnuntol, Yulduz, Bog‘ishamol, Manguzar, Chegara, Kokildorota, Namuna kabi 16 ta mahalla barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlanadi. Hovli uylar, 10 mingtaga yaqin ko‘p qavatli xonadonlar, hududlardagi ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot korxonalarida “zangori olov” ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Shu kuni tadbir qatnashchilari tog‘li Boysun tumani markazi aholisi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor bilan ham yaqindan tanishtirildi. Kuzgi-qishki mavsumga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yumushlari haqida ma’lumot berildi. 

– Gaz ta’minotidan iste’molchilar rozi bo‘lishi kerak, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari A.Bozorov. – Mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar bizni ana shunday xayrli yo‘lda mehnat qilishga undamoqda. Shu maqsadda bu yil 5,5 kilometr gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish, 10 dona gaz taqsimlash qurilmasini mukammal ta’mirlash, 2 ming 125 dona gaz taqsimlash qurilmasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Gaz quvurlari bosim ostida sinovdan o‘tkazilib, havo bosimi yordamida tozalanadi. 70,26 kilometr gaz quvurlarining yer osti gaz quvurlari holati asboblar yordamida tekshiriladi. Hozirgacha 1 ming 276 dona gaz taqsimlash qurilmasi texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. 36,5 kilometr quvur sinovdan o‘tkazilib, tozalandi. 70,26 kilometr yer osti gaz quvurining holati tekshirildi. 143,4 kilometr gaz quvuri bo‘yaldi. Bu ishlar viloyatdagi 30 ta mahallada 13 mingdan ortiq iste’molchi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minotini yanada yaxshilaydi.  

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlari doirasida viloyatdagi 30 ta mahallada gaz ta’minoti sifatini oshirish va suyultirilgan gaz yetkazib berish yuzasidan ham tegishli ishlar olib borilmoqda. Tog‘li Boysun tumanida ham tabiiy gaz ta’minoti va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash samaradorligini oshirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Denov tumanidagi “Denov-Xayrabod” gaz to‘ldirish stansiyasi Denov shahri, Denov, Oltinsoy tumanlari iste’molchilari va qator tumanlardagi gaz to‘ldirish punktlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlaydi.  

Press-tur qatnashchilari mazkur inshoot bilan yaqindan tanishib, bu yerga temir yo‘l orqali suyultirilgan gaz yetkazib berish va quvurlar orqali suyultirilgan gazni qabul qilib olish, tarqatish, gaz ballonlarni to‘ldirish kabi jarayonlarni ko‘zdan kechirdi. Maishiy gaz ballonlar omborxonasida bo‘lib, ularni bosim ostida sinash, og‘ir qoldiqlarini to‘kish, maishiy gaz ballonlarni bo‘yoqlash ishlari bilan tanishdi. Gaz to‘ldirish stansiyasining quvvati, xizmat ko‘rsatish tartibi va keyingi yillarda yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi.  

Tadbir ishtirokchilari Denov tumanidagi Lochin mahallasida qad rostlagan 16 qavatli zamonaviy turar-joy binolarini tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni borib ko‘rdi. Xonadonlar bekalari bilan suhbatlashib, uylarga o‘rnatilgan tejamkor va xavfsiz uskunalar, gaz hidini sezuvchi, suv isitib beruvchi yangi jihozlarning afzalliklari bilan qiziqdi.  


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA