Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalist va blogerlar Farg‘ona viloyatining turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi
07:29 / 2022-11-24

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun info-tur tashkil etildi.  

Farg‘ona viloyatining turizm salohiyati katta. Sohani rivojlantirish imkoniyatlari esa keng. Keyingi yillarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, uning logistikasi bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. bugungi kunda viloyatda qishloq turizmi, eko turizm, ziyorat turizmi, agroturizm, sport turizmi, tibbiyot turizmi, tog‘ turizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan. Muhim jihatlaridan biri viloyatda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishni maqsad qilgan sayyohlik tashkilotlarining soni yildan-yilga ortib bormoqda. Hududda 45 ta mehmonxona, 22 ta xostel, 231 ta mehmon uylari mavjud.

[gallery-9708]

Info-tur ishtirokchilari dastlab Farg‘ona davlat universiteti tizimidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”da bo‘ldi. 2018 yilda tashkil etilgan mazkur muzeyning “Universitet o‘tmishi va buguni”, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi”, “Paxta ishi”, “Mustaqillik yillari” bo‘limlaridan joy olgan eksponatlar nafaqat oliygoh tarixi va bugunidan, balki viloyatning uzoq va yaqin o‘tmishidan so‘zlaydi.  Bu yerga tashrif buyurgan inson ko‘z o‘ngida o‘zbek xalqining tarixga aylangan mashaqqatli ijtimoiy hayoti, og‘ir sinovlarga bardoshi, emin-erkinlik ne’matlari gavdalanadi.  

Jurnalistlar va universitetning chet tillari fakulteti Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha talabalar bilan ochiq muloqotda viloyat hokimi o‘rinbosari X. Ahmedov viloyat turizm salohiyatini oshirishda, xalqaro munosabatlar sohasida bo‘lajak mutaxassis kadrlarning o‘rni kattaligini ta’kidlab o‘tdi. “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” loyihasi va uning turistlar uchun afzalligi haqida ma’lumot berdi. Oliygoh muzeyiga turizm faoliyatiga oid kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

So‘ngra jurnalist, bloger va talabalar Farg‘ona shahrida yaqinda foydalanishga topshirilgan “Emin” mehmonxonasida bo‘lishdi. Ixcham, qulay shart-sharoitlar va servis xizmatlariga ega bo‘lgan maskan bir yo‘la 30 nafar mehmonlarni qabul qila oladi.

Shuningdek, info-tur ishtirokchilari viloyat otchoparida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan “Chavandozlar maktabi” faoliyati bilan ham tanishdi, ot sportining “tentpengging” turi bo‘yicha viloyat ochiq chempionati va 35-umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan “Yurt qalqonlari” to‘garagi a’zolarining ko‘rgazmali chiqishlarini tomosha qildi.

Navbatdagi manzil – viloyat “Asalarichilar” uyushmasida mutaxassislar bilan sohada olib borilayotgan innovatsion loyihalar, ularning istiqbollari, asalarichilik naslchiligi, tizimga sayyohlarni jalb etish imkoniyatlari bo‘yicha suhbatlashildi.  

Ishtirokchilar Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘ida joylashgan “Huvaydo” ziyoratgohiga tashrifi chog‘ida esa buyuk mutafakkirning hayoti va ijodiy faoliyati bo‘yicha uning avlodlari bilan muloqot qildi, allomaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish, sayyohlar uchun ma’lumotlar manbasini yaratish, kitoblarini qayta nashr etish yuzasidan amaliy reja belgilab olindi.  

Info-tur natijasi va ijodiy xodimlar taassurotlari bo‘yicha “Ruxsor TV” teleradio kanalida muloqot tashkil etilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Jurnalist va blogerlar shu kuni Rossiya Federatsiyasining “Sheremetevo” aeroporti orqali ilk marta Farg‘onaga uchgan samolyotni tantanali kutib olish marosimida ishtirok etdi.

 

 

Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA