French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalist va blogerlar EPS-Topik test imtihoni jarayoni bilan tanishdi
22:38 / 2022-07-01

Bugun, 1 iyul kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolar uchun bo‘lib o‘tayotgan EPS-Topik test imtihoni jarayoni bilan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari o‘rtasida imzolangan Memorandumga asosan mamlakatimiz fuqarolarini malaka talab etilmaydigan Ye-9 ishchi vizasi bo‘yicha ushbu davlatda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangani qayd etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur viza orqali ishchi fuqarolar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb etiladi.

2020 yilda pandemiya sababli barcha ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatlar qatorida, yurtdoshlarimizning ushbu davlatga oqimi sezilarli darajada qisqardi. 2021 yil 5 noyabr kuni Koreya Respublikasi maxsus komissiyasining qaroriga asosan chet ellik ishchilarni Koreya davlatiga kirishiga ruxsat berilgach, 2021 yil noyabr-dekabr oylarida pandemiya cheklovlari sharoitida jami 915 nafar fuqaro tashkiliy tarzda jo‘natildi.

Joriy yil yanvar-iyun oylari davomida Koreya Respublikasidan mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan fuqarolarning 1896 nafari ish joyiga qaytib ketgan hamda Ye-9 viza turi bo‘yicha 2026 nafar fuqaro tashkiliy tarzda jo‘natilgan.

Hozirgi vaqtda ikki davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, ushbu jarayonlar to‘liq tiklandi.

Koreyada ishlash istagidagi fuqarolar uchun 2022 yilda belgilangan koreys tili bo‘yicha EPS-Topik hamda malaka test imtihonlarida ishtirok etish uchun joriy yil 28 aprel kuni labormigration.uz dasturiy majmuasidan 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan 16 ming 601 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan.

Respublikaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining EPS-Topik agency bazasiga ro‘yxatdan o‘tgan 16 ming 601 nafar nomzoddan 1391 nafari talablarga mos kelmagani tufayli qabul qilinmagan.

Shunday qilib, barcha talablarga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar uchun 2022 yil 2 iyun kuni Toshkent shahrida koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni boshlangan va 15 iyulgacha davom etadi.

Ta’kidlash joiz, ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar malaka test imtihonlaridan ham o‘tishi lozim.

Aytishlaricha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi.

Test imtihonlari bevosita Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan o‘tkazilmoqda va baholanadi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ro‘yxati Inson resurslarini rivojlantirish xizmati va Agentlik veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Keyingi bosqichda Agentlik tomonidan sinovlardan o‘tgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (anketa ma’lumoti, skaner qilingan pasport nusxasi, fotosurat) Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining SPAS elektron bazasiga kiritiladi. Ushbu bazaga kiritilgan ma’lumotlar qachon kiritilishidan qat’iy nazar nomzod ro‘yxati KIRRX tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, 1 yil muddatga amal qiladi va bu muddat ichida nomzod koreys ish beruvchilari tomonidan tanlanmagan taqdirda KIRRX tomonidan yana 1 yil muddatga qayta tasdiqlanadi.

Ikkinchi yilda ham tanlab olinmagan fuqarolar ro‘yxati elektron bazadan chiqarib yuboriladi va Koreyada ishlash istagida bo‘lgan fuqaro sinovlardan qaytadan o‘tishi lozim bo‘ladi. Mazkur bazada shakllangan nomzodlar to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan istalgan nomzodni tanlab olish uchun koreys ish beruvchilariga taqdim etib boriladi.

Koreys ish beruvchilari tomonidan tanlab olingan nomzodlarga mehnat shartnomasi loyihasi yuboriladi. Shundan so‘ng, Koreya Adliya vazirligi tomonidan berilgan viza tasdiqnomasi asosida nomzod mamlakatga yuboriladi.

Yuqoridagi ma’lumotlarda keltirilganidek, fuqarolarni koreys ish beruvchilari tomonidan tanlash jarayonlarida Agentlikning hech qanday ishtiroki mavjud emas.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Koreya tomonidan xorijiy fuqarolarni, jumladan, yurtdoshlarimizni ishga jalb qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining EPS.GO.KR veb-saytida har bir nomzodga shaxsiy kabinet ochilgan.

Shaxsiy kabinet orqali fuqarolar o‘zi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ya’ni, uning sinovlardan o‘tish bali, anketa ma’lumoti, ish beruvchi tomonidan tanlangani yoki yo‘qligi, tanlangan bo‘lsa, mehnat shartnomasi va ishchi viza tasdiqnomalarini yuborilgan vaqti to‘liq yoritib boriladi.

O‘zA