Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalist va bloger feyk xabarni ajrata bilishi kerak (+video)
15:32 / 2025-11-06

Toshkentda Markaziy Osiyo yoshlari ishtirokida ikki kunlik mintaqaviy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda “Radikallashuv va terrorizmning oldini olish kontekstida yoshlarning media savodxonligi” mavzusi diqqat markazida bo‘ldi.

Tadbirni YeXHT loyihalarining O‘zbekistondagi koordinatori hamda O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorlikda tashkil etdi. Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va tadqiqotchilar, yosh mutaxassislar ishtirok etdi.  

So‘zga chiqqan YeXHT loyihalarining O‘zbekistondagi koordinatori, elchi Antti Kartunnen media savodxonlik va axborot xavfsizligini milliy xavfsizlik bilan uzviy bog‘liq sohalar sifatida ta’rifladi.  

“Bugungi raqamlashgan dunyoda fakt bilan dezinformatsiyani ajratish qiyin bo‘lib bormoqda. Yoshlar internetning eng faol foydalanuvchilari sifatida yolg‘on ma’lumot ta’siriga ko‘proq tushmoqda. Shuning uchun mediasavodxonlik ularni himoya qiluvchi qalqon bo‘lishi lozim,” — dedi u.  

Elchining fikricha, YeXHTning bu yo‘nalishdagi loyihasi nafaqat axborot tahlili ko‘nikmasini oshirishni, balki faktcheking, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida yoshlarning salohiyatini kengaytirishni ham nazarda tutadi.  

“Yoshlar faqat bilim oluvchi emas, balki uni tarqatuvchi bo‘lishi kerak. Ular oilalari va do‘stlariga tanqidiy fikrlash madaniyatini yetkazsa, jamiyatdagi immunitet mustahkamlanadi,” — deya qo‘shimcha qildi Kartunnen.  

O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari Gulnora Bobojonova mediasavodxonlikni radikallashuvga qarshi kurashish bilan bir qatorda, jurnalistikaning ichki mas’uliyatini kuchaytiruvchi omil sifatida ta’kidladi.

“Jurnalist — faqat axborot yetkazuvchi emas, balki jamiyat ongini tarbiyalovchi shaxs. Yosh bloger yoki OAV vakili har bir xabar orqali tinchlik va bag‘rikenglikni ilgari surishi zarur. Bu —kasbiy etikaning eng muhim jihati,” — dedi Bobojonova.

Uning ta’kidlashicha, Markaz YeXHT bilan hamkorlikda viloyatlarda mediasavodxonlik bo‘yicha qator kurslarni tashkil etdi. Bu orqali jurnalistlar va blogerlar dezinformatsiyani fosh etish, feyk yangiliklarni tahlil qilish va kontent orqali ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish bo‘yicha bilim oldi.

Anjumandagi muhokamalarda radikal g‘oyalar ko‘p hollarda axborot makonidagi yolg‘on yoki noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumotlar orqali tarqalishi aytib o‘tildi. Elchi Kartunnenning ma’lum  

qilishicha, kelasi hafta O‘zbekistonda YeXHTning Ommaviy axborot erkinligi bo‘yicha vakili tomonidan tashkil etiladigan 25-Markaziy Osiyo media konferensiyasi o‘tkaziladi. Unda ham mediasavodxonlik, feyk yangiliklar va sun’iy intellektning axborot siyosatiga ta’siri kabi masalalar muhokama etiladi.  

Bu tashabbuslar nafaqat media sohasi, balki jamiyat barqarorligi va tinchlik madaniyatini mustahkamlash  yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/umoPSk679Ls" title="Jurnalist va bloger feyk xabarni ajrata bilishi kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>  

Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA