Jurnalist Chey Bouz ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiyaga qo‘ygan talabini kinoya bilan quyidagicha izohladi:
- Prezident Tramp Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun hamkasbi Putinga 50 kun muddat berdimi? U o‘ziga ham Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun 24 soat bergandi. Hokimiyat tepasiga kelganiga 174 kun bo‘lsa-da, jang hamon davom etmoqda. Ayni mantiqqa ko‘ra, Putinda mojaroga barham berish uchun 8700 kun bor. Shu muddat yetarli bo‘lishi kerak.
Ma’lumki, o‘tgan dushanba Amerika yetakchisi Kiyev bilan tinchlik kelishuvi talab qilib, Moskvaga 50 kun vaqt berdi. Shart bajarilmasa, neft, gaz va boshqa energiya resurslarini sotib oluvchi davlatlar uchun ikkilamchi boj, shuningdek Rossiya tovarlari importiga 100 foizlik tarif joriy etilishi bilan tahdid qildi.
Shu bilan birga Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar va YeI Kiyevga Amerika qurollarini jo‘natishga kelishib olgani, buning uchun xarajatni Yevropa Ittifoqi ko‘tarishini aytdi. Kelgusida Ukrainaga nafaqat raketa, balki "Patriot" batareyalari ham yetkazib beriladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning ushbu bayonoti juda jiddiyligini ta’kidlab, Rossiyaga tahlil qilish uchun vaqt kerakligini qo‘shimcha qildi.
Keyinroq Oq uy rahbari "Patriot" raketalari allaqachon Ukrainaga yuborilayotgani haqida bayonot berdi:
- Allaqachon jo‘natilyapti, har qanday holatda Qo‘shma Shtatlar to‘lovni to‘liq olyapti. Holbuki, bir kun avval Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Kiyevga zenit raketa majmuasi yetkazib berish Vashington bilan kelishuvga erishilgandan keyin bir necha oy davom etishini tan olgandi.
Ta’kidlanishicha, tomonlar tizim soni haqida xabar bermaslikka qaror qilgan.
S.Rahimov, O‘zA