Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jurnalist O‘zbekiston tabiati haqida muhim qo‘llanmani e’lon qildi
11:48 / 2022-06-08

Ko‘hna Qashqadaryo va Surxondaryoning tabiati, hayvonot olami va o‘ziga xos xususiyatlari haqida hikoya qiluvchi yangi kitob nashr etildi. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» nomli mazkur nashr muallifi «Ekspeditsiya» ko‘rsatuvi orqali tomoshabinlariga yaxshi tanish bo‘lgan jurnalist Abdulla Mamasodiqovdir.

Muallif 2013-2018 yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo bo‘ylab» telekanalida faoliyat yuritib, O‘zbekiston tabiatiga oid qator turkum ko‘rsatuvlar tayyorlagan. Shuningdek, o‘lkamizning tilsimlarga boy eng chekka hududlariga xizmat safari bilan borgan. Ushbu kitob iqtidorli jurnalistning sayohatlari davomida ko‘rgan-kechirganlari, taassurotlari, hayajonlari asosida yuzaga kelgan.

Kitobda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining yovvoyi tabiati, xususan, «Hisor» va «Surxon» davlat qo‘riqxonalari, o‘rmon xo‘jaliklari hududidagi noyob tabiiy yodgorliklar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tog‘ qishloqlarining maftunkor manzaralari, aholisining o‘ziga xos turmush tarzi, qadriyatlari keng yoritilgan. Mazkur kitob o‘lkamiz tabiatiga, ekoturizmga qiziquvchi barcha kitobxonlarga mo‘ljallangani bilan ahamiyatli.

Nashr ma’lumotlarga boyligi bilan o‘quvchi uchun qimmatli manba bo‘la oladi, chunki unda yurtimiz tabiatining ko‘pchilik bilmagan, eshitmagan, borib ko‘rmagan makonlariga oid qarashlari aks etgan.

Kitobda qo‘riqxonaning hayvonot olami xilma-xilligi haqida ham aniq ma’lumotlar berilganini kuzatish mumkin. Masalan, qor qoploni, Turkiston silovsini, qo‘ng‘ir ayiq, O‘rta Osiyo qunduzi, jayra, qizil sug‘ur, Sibir tog‘ echkisi, burgut, boltayutar, itolg‘i, qumoy kabi jonzotlar juda noyob va kamyob hisoblanishi, keyingi yillarda qo‘riqxonada muhofaza ishlarining kuchaytirilganligi natijasida ushbu jonivorlar soni birmuncha ko‘payib, Hisor tog‘ining bezagi va gultoji bo‘lib borayotgani aytilgan.

Shuningdek, kitobda tarixiy joylar, tabarruk ziyoratgohlar, odamlarining yashash tarzi, urf-odatlari, qadriyatlariga ham alohida urg‘u berilgani asarning qimmatini yanada oshirgan.

Bir so‘z bilan aytganda, keng omma uchun mo‘ljallangan ushbu kitob geografiya, biologiya, zoologiya, ekologiya mutaxassisligi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun qimmatli manbadir. O‘ylaymizki, uni o‘qib chiqqan har bir o‘quvchida ona yurtimizning betakror tabiatiga bo‘lgan havas yanada ortadi.

Shuhrat HAYITOV, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi