Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jumali SHABANOV: TDTga uch yil oldin a’zo bo‘lgan O‘zbekiston bugun tuzilmadagi eng faol mamlakatga aylandi
13:45 / 2023-03-18

Xabaringiz bor, 16 mart kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti favqulodda sammitiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qildi.

Yuqori darajada tashkil etilgan tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga batafsil yetkazish maqsadida O‘zA muxbiri Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti Turkshunoslik fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Jumali Shabanov bilan suhbatlashdi.

— Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekiston uch yil avval, aytmoqchimanki, biroz kech qo‘shildi. Qisqa fursat o‘tganiga qaramay, mamlakatimiz bugungi kunda tuzilmaning eng faol, ishonchli a’zolaridan biri sifatida tan olinmoqda. O‘tgan yil Samarqandda TDTning navbatdagi sammiti yuqori darajada tashkil etildi. O‘shanda mamlakatimiz a’zo davlatlar hamkorligini rivojlantirish yuzasidan muhim taklif, tashabbuslarni ilgari surgani, qarorlar qabul qilgani tashkilotdagi mavqeimizni yana bir pog‘ona ko‘tardi.

Navbatdan tashqari sammitda turk qardoshlarimiz boshiga tushgan kulfat tufayli, shuningdeye, boshqa a’zo davlatlar hududida ham tabiiy ofatlar kuzatilayotgani bois suv toshqini, zilzila va insoniyat uchun xavf tug‘diradigan turli ofatlarning oldini olish, muammolarni imkon qadar tez bartaraf etish masalalari ko‘tarildi.

Mutaxassis suhbat davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, uchrashuv yakunida qabul qilingan Anqara deklaratsiyasi, Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish hamda fuqaro muhofazasi mexanizmini shakllantirish to‘g‘risidagi bitimlarni tayyorlash qarori mazmuniga alohida to‘xtaldi:

— Zilziladan jabrlangan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylar yurtimizda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishi, shuningdek, tarixiy ob’ektlarni ziyorat qilishi uchun shart-sharoit yaratish, yoshlarning yoz mavsumida diyorimizga safarini tashkil etish tashabbusi nihoyatda oqilona, sog‘lom fikr, degan bo‘lardim. Zero, qalban yaralangan, jiddiy jabr tortgan birodarlarimizga madadkor bo‘lishimiz kerak.

Izmirda joylashgan Marmara universitetida Turkiya yoshlar ittifoqi vakillari bilan uchrashib, muassasada tahsil olayotgan talaba yoshlarning ta’til paytida O‘zbekistonga kelishi bilan bog‘liq masalada aniq kelishuvga erishganmiz.

O‘tgan yil Turkistonda o‘tgan yirik konferensiyada TDT davlatlari universitetlari uyushmasi tashkil qilingan. Uyushmaga sakkiz davlatning turli o‘quv yurtlari qabul qilingan. O‘zbekistonning ushbu ittifoqqa a’zo yetti oliy ta’lim dargohi qatorida TDSHU ham bor.

Ta’sis etilayotgan Turkiy investitsiya fondi davlatlar boshiga og‘ir musibat tushgan damda o‘ta zarur ko‘mak beradi. Bunda har bir davlat byudjetidan qo‘lidan kelgancha, ma’lum miqdorda mablag‘ ajratadi. Jarayon hujjatlarda tasdig‘ini topadi. Shuningdek, hujjatlar asosida har bir davlatga aniq vazifa, majburiyat belgilanadi.

Mutaxassisning batafsil fikri bilan tez kunlarda e’lon qilinadigan video suhbatimiz orqali tanishish mumkin.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA