BRIKS kengaymoqda
O‘tgan hafta Misr va Bangladesh BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi ittifoqi)ga kirish uchun ariza berdi. Afrika mamlakati rasmiylari BRIKS tashabbusi – savdo-sotiqni mahalliy yoki muqobil valyutada amalga oshirishdan Misr ham manfaatdorligini tasdiqlagan.
2022 yil Eron va Argentina ushbu tuzilmaga qabul qilishlarini so‘ragan, Jazoir ham qo‘shilishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Iyun oyigacha arizalar soni 14 taga yetgani, jami 20 dan ziyod davlat rasmiy yoki norasmiy ravishda a’zolikdan manfaatdor ekanini bildirgan.
“Bloomberg” agentligi Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga tayanib, BRIKS mamlakatlari iqtisodi 2028 yilga kelib, dunyo nisbatining 35 foizini ta’minlashga erishadi, deb yozdi.
Mazkur tashkilot Rossiya tashabbusi bilan 2006 yil tashkil topgan. O‘shanda BRIKS asoschilarini jahon iqtisodiyoti va siyosatida o‘z qarashini kuchaytirish, mavjud xalqaro moliya munosabati tizimini isloh qilishdek umumiy maqsad birlashtirgan. Bugun ayni tarkibga qo‘shilishni istagan davlatlar soni oshib bormoqda.
So‘nggi yillarda tuzilma G‘arb davlatlaridan tashqari ko‘p o‘lkalarni o‘ziga jalb qilmoqda. Ayniqsa, iqtisodi rivojlanayotgan va kelajakda o‘sish darajasi yuqori bo‘lishi kutilayotgan Yaqin Sharq davlatlari uchun jozibali ko‘rinmoqda. Bu holat tashkilotning muqobil global integratsiya maydoniga aylanishi uchun yaxshi imkoniyat yaratmoqda.
Ayrim G‘arb davlatlari yetakchilari BRIKS tadbirlarida ishtirok etish istagini bildirmoqda. Masalan, Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron Janubiy Afrikada avgust oyida o‘tadigan sammitda qatnashishni xohlamoqda. Aslida, bunday maqsad doim ham samimiy bo‘lmasligi mumkin...
BRIKSga a’zolikning aniq talabi yo‘q. Yangi a’zoni safga qo‘shib olish uchun ovoragarchilik, tashvish shart emas. Kelajakda alyansning institutlashuvi masalasi ko‘rib chiqiladi, albatta.
Yangi nomzodlar safi jadal kengayib borishi mavjud dunyo tartibi va tizimi, qolaversa, G‘arb, ayniqsa, okean orti bosh mamlakatiga bo‘lgan ishonch tobora susayib borayotgani bilan bog‘liq, deb hisoblaydi tahlilchilar.
Masalan, Misr iqtisodiyoti tang ahvolga tushib qolgani haqida bong urilyapti. BRIKSga qo‘shilish Qohiraga iqtisodiy muammolarini hal etish uchun keng imkoniyat ochishiga umid bildirilyapti.
Mart oyida Misr Bretton-Vudsk tizimi (Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki)ga muqobil tarzda yaratilgan BRIKSning yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘ldi.
Qohira Xitoy, Hindiston, Braziliya va Rossiya tomonidan investitsiya hajmi oshishi, qit’adoshi Janubiy Afrika bilan savdo-iqtisodiy munosabat mustahkamlanishidan umidvor. Sherik davlatlarning yangi yuqori texnologiyalari sari keng yo‘l ochilishidan manfaatdor.
Bir mahallar xalqaro moliya institutlaridan yordam istagan Misr siyosiy talablar oldida ojiz qolgan ekan...
Qo‘shma Shtatlar Misrga muntazam ravishda moliyaviy ko‘mak berib keladi. O‘tgan yil sentyabr oyida belgilangan yillik mablag‘ning o‘n foizi – 130 million dollar ushlab qolindi. Sabab – mamlakatda inson huquqiga oid vaziyat yomonlashgan.
Talabgorlar orasida Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Qatar ham bor.
Rasmiy Pekinning “fikrdosh hamkorlar tezroq safimizga qo‘shilishini olqishlaymiz”, mazmunidagi bayonotiga izoh berishning hojati yo‘q, deb o‘ylaymiz.
Hali bu masalada ochiq munosabat bildirilmagan esa-da, G‘arbning pozitsiyasini taxmin qilish qiyin emas...
Polsha, Afrika missiyasi va Brazzavil...
15-17 iyun kunlari Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa boshchiligidagi davlat yetakchilaridan iborat qora qit’a vakillari Kiyev va Sankt-Peterburgda bo‘lib, Ukraina atrofidagi ziddiyatni hal etish masalasini muhokama qildi.
Delegatsiya avval Varshavaga yetib keldi. Kutilmaganda Frederik Shopen nomli aeroportda JAR Prezidenti samolyoti o‘n soat davomida “ushlab” qolindi. Keyinroq xizmat boshlig‘i, general-mayor Valli Ruude “Ramafosa xavfsizligiga putur yetkazdi”, deya Polsha hukumatini ayblab chiqdi.
OAV bu hodisani Varshava tomonidan Afrika milliy kongressi hukmron partiyasi yetakchisi Krisa Xanining qotilini ozod qilishga qaratilgan aksiya sifatida baholadi. 1993 yildagi qonli janjal qotili – etnik polshalik Yanush Valus. U umrbod qamoq jazosiga hukum qilingan. 2022 yil shartli ravishda qamoqdan ozod etilgan mahbus hozir maxsus joyda saqlanmoqda.
Matbuot yozishicha, Varshava va Pretoriya ko‘p yil davomida Valus taqdiri ustida bahslashib keladi...
Polsha TIV avvaliga layner ichida xavfli materiallar, ro‘yxatda qayd etilmagan shaxslar bo‘lgani uchun samolyot to‘xtatib turilganini aytdi. Keyinroq bu vaziyat Polsha tomoni talab qiladigan standart tartib-qoidaga rioya qilmaslik natijasi, deya qo‘shimcha qilindi.
Voqeadan bir kun oldin Polsha matbuoti “Ramafosaning missiyasi muvaffaqiyatsizlikka mahkum, JAR og‘ir muzokarachi, Rossiya tarafdori”, deb yozib chiqdi.
“Qora qit’a” ekspertlari fikricha, polshaliklarning Afrika yetakchilari tashabbusiga qarshi chiqishi xuddi NATOdagi amerikaparast fraksiyaning “tinchlikparvar jarayon va Qo‘shilmaslik harakatini mustahkamlashga qarshi chiqishiga o‘xshaydi.
Taxminlar orasida aeroport voqeasi Ukraina masalasida JARning Moskvaga qarshi chiqmagani, Rossiyaga qurol-yaroq yetkazib berayotgani bilan aloqadorligi ham bor.
Mazkur hodisa Polshaning tashqi siyosiy salohiyati sezilarli darajada cheklangani va hatto, Kiyevga yo‘l olgan xalqaro delegatsiya uchun tranzit platforma vazifasini o‘tash uchun zaifligini ham ko‘rsatdi, deydi tahlilchilar.
Afrika yetakchilari delegatsiyasi safariga Ramafosaning bayonoti xulosa yasaydi: Tinchlik missiyasining asosiy yutuqlaridan biri bizni har ikki tomon iliq kutib olganida. Takliflarimiz ko‘rib chiqilishi aytildi. Bularning bari kelajakka yaxshi umid beradi.
Ushbu “tinchlik tashabbusi” o‘tgan yil boshida mojaro chiqishi bilan boshlangan. Bu biroz farqli tarkibdagi delegatsiyaning inqiroz hududidiga uchinchi tashrifi.
Norasmiy tashkilotchi, g‘oyaviy rahbar – fransiyalik 78 yoshli Jan-Iv Olive o‘z davrida Jak Shirakning yaqin do‘sti bo‘lgan, afrikalik qator yetakchilar bilan ham yaxshi munosabatda.
Jazoirda tug‘ilgan Jan-Iv rivojlanayotgan mamlakatlar bozorida xom ashyo sohasida haligacha faoliyat yuritadi. Davlat rahbarlari bilan shaxsiy aloqalariga tayanib, Afrikada vositachilik va tinchlik jarayonini ilgari suruvchi yaxshi niyat elchisi sifatida tanilgan.
Olive shu maqsadda Brazzavil jamg‘armasini tuzgan. Mazkur notijorat tashkiloti inqirozlarni hal etish va tabiatni asrab qolish bilan shug‘ullanadi.
Jamg‘arma qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida maxfiy ravishda adolatli vositachi vazifasini bajaradi. Vaziyatga qarab ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib boradi.
Afrika tinchlik missiyasi haqida Olive shunday deydi: Rossiya – Ukraina nizosidan faqat Afrika qit’asi jabr ko‘ryapti. Sezilar-sezilmas inflyatsiyani hisobga olmaganda, AQSH va Yevropa qiynalayotgani yo‘q. Mabodo, Afrikada o‘g‘it yetishmasligi sababli kelasi yil hosil bo‘lmasa, millionlab odamlar halok bo‘ladi...
Yevropadagi turk davlati...
Qator mamlakatlar borki, jo‘g‘rofiy joylashuvi va etnik kelib chiqishi bilan Yevropaga talluqli emasdek. Hududi ko‘hna qit’aga kirmasa-da, Yevropa tizimlariga a’zo. Masalan, Gruziya, Qozog‘iston, Turkiya UEFA tarkibida.
Yevropa qit’asidagi bir davlat kelib chiqishini Osiyo bilan bog‘laydi – Vengriya.
Rasmiy Budapesht aytishicha, vengrlarning ildizi Osiyoga borib taqaladi. E’tibor berilsa, demokratiya va geosiyosiy ustuvorlikda o‘z qarashiga ega. Hukumat va YeI o‘rtasida kelishmovchilik chiqib turadi, bu xalqning “tabiati”dandir, ehtimol...
Shu oy boshida Yevropa parlamenti Vengriyaning 2024 yil ikkinchi yarmida Yevropa Ittifoqi kengashida raislik qilishiga shubha bildirdi. Sabab YeI qonunchiligi va Yevropa qadriyatlariga rioya qilmaslik oqibati emish.
Budapesht va Bryussel munosabatidagi nozik nuqta – Rossiyaga qarshi sanksiya. 8 iyun kuni “Politico” nashri Vengriya va Gretsiya tufayli 11-paket qabul qilinmadi, deb yozdi.
Yangi sanksiya talabiga Moskvaga yordam berayotgan mamlakatlarga nisbatan kiritilgan cheklov va jazo choralarini chetlab o‘tishga qarshi kurash masalasi kiritilgan edi. Gap, avvalo, Turkiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari haqida. Aftidan, Vengriyaning bu qarorida “turk qardoshlar” bilan birdamlik muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin.
XIX asr oxirida Vengriya milliy harakatida turonchilik mafkurasi tarqala boshladi. Ural-Oltoydan kelib chiqishi vengrlarning turklar va O‘rta Osiyo xalqlari bilan qardoshlik aloqasi borligini tasdiqlaydi.
1910 yil Budapeshtda “Turon” jamiyatiga asos solinadi, tuzilmaning maqsadi etib “Yevropadan Osiyogacha Turonni izlash” va “Turon birligi”ni targ‘ib qilish belgilanadi. Ikkinchi jahon urushi davrida Vengriyadagi o‘ng qanot orasida mashhurlikka erishgan turonchilik harakati mamlakat fashist mafkurasining ajralmas elementiga aylanadi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Vengriyaning 1944-1945 yillardagi milliy yetakchisi va “Chala o‘qlar” milliy-sotsial partiyasi rahbari Ferens Salashi Turon-Vengriya mavjudligi tarafdori edi.
Zamonaviy davlatchilik tarixida turonchilikka yangicha e’tibor 2000-yillarda o‘ng qanot “Yobbik” partiyasi tomonidan tiklanadi. 2009 yildan boshlab guruhning mahalliy va Yevropa parlamentida a’zolari bor.
Bosh vazir Viktor Orban ma’qullaydigan ushbu partiya g‘oyasining mamlakat tashqi siyosatiga ta’siri kuchayib boryapti. Orban ochiqdan-ochiq vengrlar turk qipchoqlaridan, deya bayonot berdi va Turkiya, Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi “qardosh xalqlar” bilan samimiy munosabat o‘rnata boshladi, deyishadi mahalliy tahlilchilar.
2018 yil Vengriya Turkmaniston bilan birga Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini oldi.
Budapesht Turkiyaning Suriyadagi amalini to‘la qo‘llaydi, ayni masalaga doir YeI ayblovlari otashini pasaytirishga harakat qilib keladi. Yevroittifoq bilan muloqotda Anqaraga yon bosadi.
2019 yil Qozog‘istonga tashrifi davomida Orban vengrlarni mintaqamiz xalqlariga qardosh, deb hisoblashini ta’kidladi: Bizning Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan xalqlar bilan qardoshligimiz bor.
G‘arb tahlilchilari Vengriya hukumati turk qardoshlari bilan munosabatda pragmatik qarashdan kelib chiqmoqda, vengrlarni turk dunyosi davlatlarining tabiiy resurslari, infratizimi qiziqtiradi, deyishadi.
Boshqa toifa ekspertlar esa Vengriya rahbariyatini iqtisodiy o‘lchov emas, balki zamonaviy Buyuk Turon g‘oyasi qiziqtirishini uqtiradi...
Buguncha shu.
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi