Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jumadan jumagacha
20:02 / 2023-04-21

“O‘smirlar o‘yini” dunyoni shoshirganda...

Pentagonning maxfiy hujjatlarini Internetga sizdirgan shaxs ma’lum bo‘ldi, ungacha ne-ne taxmin-u farazlar o‘rtaga chiqdi. AQSH Milliy gvardiya Harbiy-havo kuchlari xizmatchisi 21 yoshli Jek Teysheyra qo‘lga olindi, davlatning sirli ma’lumotlarini “saqlash va uchinchi shaxslarga berish” ayblovi e’lon qilindi. Ma’lumotlarning aksariyati AQSHning Ukraina rejalari va Kiyev armiyasidagi holatga oid edi. 

Avvaliga Mudofaa vazirligi ma’lumotlari maktab o‘quvchilari va kompyuter o‘yinlari ommalashgan Discord platformasiga joylashtirildi. Keyin u Lucca yirik serveriga qo‘yildi. ABC telekanali bu ishni “hamma bilan qiziqarli xabarlar ulashish istagidagi giperfaol” maktab o‘quvchisining ishi, deb ta’rif berdi.

The New York Times nashri Teysheyra ma’muri bo‘lgan 20-30 kishilik Discord chati asosan bolalar va o‘smirlarga moslashganini aytadi. 

“Urushga qarshi bo‘lgan xristian bolasi Internetdagi “do‘stlari”ga sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor qilmoqchi bo‘lgan”, deydi 17 yoshli sayt o‘yinchisi Jek haqida gapirib.

“O‘ta maxfiy” yuzlab hujjatlarni bir yil atrofida xizmat qilgan yosh ofitser o‘g‘irlagani oshkor bo‘ldi, ammo Internetga boshqalar joylashtirishadi... 

Teysheyra 2021 yilda Massachusets shtatining milliy gvardiya 102-razvedka qanotida xizmatni boshlagan.

Maxfiy hujjatlarning saqlanishi va himoyasi bir taraf, Teysheyra “jasorati”ning orqasida nimalar bor, savoliga ekspert va tahlilchilar fikrlari asosida javob topishga unnab ko‘ramiz.

Jekning vazifasiga kompyuter va aloqa tizimi ishlashini ta’minlash kirgan. “Tajribasiz xizmatchi”ga AQSH Mudofaa kompyuter tizimi ishonib topshirib qo‘yildi, u erkin ravishda istagan hujjati bilan tanishishi, zarur holda undan nusxa olish imkoni yarratilgan. 

Yosh harbiy tahliliy bo‘limga uzatiladigan ma’lumotlarning maxfiylik darajasi, dolzarbligini belgilaydigan bo‘limda ishlagani taxmin qilinadi. 

Mazkur ma’lumotlar tajribali xizmatchi tomonidan qayta ishlanib, tayyor hujjatlar sizdirilganida boshqacha xulosa chiqarilar edi. 

Boshqa tomondan ma’lumotlar atayin Moskva va Pekinni chalg‘itish uchun sizdirilgani to‘g‘risida fikrlar chiqdi. Bu o‘rinda dangasalik, beparvolik elementi, ya’ni jinoiy beparvolik borga o‘xshaydi. 

Edvard Snouden va Julian Assanj singari Teysheyra ham e’tiqoddan kelib chiqib harakat qilgan, degan farazlar ilgari surilmoqda.

“Jinoyatchi”ning boshqa do‘sti Amerika OAVga intervyuda uni vatanparvar xizmatchi, xudojo‘y katolik, qurollarga qiziqadigan va  Amerikaning kelajagiga shubha bilan qaraydigan inson, deb ta’riflaydi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Teysheyra bilan 2020 yilgacha Discord servirida tanishgan, «Glok» to‘pponchasi va katolitsizmga qiziqish ularni birlashtirgan. Keyinchalik hayotda ham ko‘rishib, do‘stlashganini aytadi. 

Yigitning ta’kidlashicha, Teysheyra Ukraina inqirozi boshlangan 2022 yilning fevral oyidan beri maxfiy hujjatlarni Discord serveriga joylashtirib kelgan. 

Hujjatlar turli tashviqotdan yiroq, maqsad o‘zining “do‘stlari”, ishongan odamlarini voqea-hodisalardan xabardor qilish bo‘lgan, xolos. Server ishtirokchilari, aqllari yetib, AQSH manfaatlariga zarar keltirishining oldini olish uchun hujjatlarni tashqari tarqatmaslikka kelishib ham oladilar. 

“Do‘stlar”dan biri maxfiy hujjatlarni  Thug Shaker Central serveriga joylaydi, oqibatda ular keng ommaga yetib boradi. “O‘yin qoidasi”ni buzish sababi faqat o‘ziga ayon. 

Sho‘rlik yosh ofitser Teysheyra va uning kompyuterdosh “do‘stlari” kelgusi taqdirini dunyo hamjamiyatini ham qiziqtiradi...

14 may saylovining ramziy ma’nosi...

14 mayda Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkaziladi. Ular muddatidan oldin o‘tadi. Avvaliga 18 iyunga mo‘jallangan edi saylovlar. Bu kun mamlakat uchun ramziy ma’noga ega...

1950 yil 14 may kuni mamlakatda birinchi marta ko‘p partiyaviylik asosida erkin saylovlar o‘tkaziladi, unda katta farq bilan “Demokratik partiya” g‘olib chiqadi. Birinchi prezident Mustafo Kamol Otaturkning Respublikachi xalq partiyasi (RXP)ning 27 yillik monopoliyasiga chek qo‘yiladi.

Adnan Menderes hukumatni o‘n yil muvaffaqiyatli boshqaradi. 1960 yil 27 maydagi harbiy to‘ntarish natijasida lavozimidan chetlashtiriladi, davlatga xiyonatda va korrupsiyada ayblanib, osib o‘ldirishga hukm qilinadi. U bilan birga qator vazirlar qatl etiladi. Bu qazolar munosabati bilan  Turkiyada “Sharmandalik kuni” va “Qora kun” terminlari muomalaga kiradi. 

Mamlakatning amaldagi prezidenti boshqarayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) o‘zini Menderesning Dempartiyasi davomchisi, deb biladi. 

Britaniyaning “The Economist” jurnali Menderes o‘limi keyingi qirq yilda uch marta hukumatni ag‘darishga yo‘l ochib berganini qayd etadi va bu jarayon may saylovlaridan keyin davom etishiga ishora qiladi... 

Mahalliy Milli Gazete Erdog‘anni Menderes faoliyati bilan taqqoslab, uning “mamlakat tashqi siyosatini G‘arb tomon o‘zgartirishga harakat qilgani uchun lavozimidan ketganini” yozadi. 

Bugun Turkiya saylovga tayyor, nomzodlar ro‘yxati shakllangan, uchastkalar hozirlanmoqda, prezidentlikka nomzodlarning qizg‘in saylovoldi kampaniyalari davom etmoqda.

Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, asosiy kurash oltita muxolif partiya birlashgan “Milliy ittifoq” alyansi nomzodi RXP yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li va amaldagi davlat rahbari o‘rtasida bo‘lishi kutilmoqda. 

Qolgan nomzodlarning imkoniyatlari ancha kamligi aytiladi.

Saylovlarda kurdlarning Xalqlarning demokratik partiyasi alohida o‘rni bor. Partiya raisi Salohittin Demirtoshning nomzodi 2014 yilda va qamoqda bo‘lishiga qaramay ikkinchi mart 2018 yilda prezidentlikka ko‘rsatilgan, tergov izolyatoridan turib, kampaniyani olib borgan edi. Bu safar u saylovlarda qatnashmaydi, katta ehtimol bilan kurd saylovchilarining o‘n foizi Qilichdoro‘g‘liga ovoz berishi mumkin...

Tahlilchilar muxolifatning nafaqat hokimiyatni qo‘lga olishni, balki amaldagi rahbariyatga qarshi turishni istayotganliklarini yashirishmaydi. “Oltilik guruhi”da millatchilar, islomchilar, g‘arbparastlar, “kamolchilar”, panturkchilar, aksilg‘arbchilar va boshqalar bor. 

Bu ma’noda Erdog‘anning millatchilar bilan koalitsiyasi ancha mustahkam. Shunga qaramay, davlat rahbari so‘nggi yigirma yil ichida jiddiy sinovdan o‘tadi. Ommaviy so‘rovlar ham shuni ko‘rsatmoqda. 

Amaldagi hokimiyatning bosh g‘oyasi siyosiy va iqtisodiy jihatdan Turkiyani jahonning yetakchi mamlakatlaridan biriga aylantirish.

Bugun mamlakatning ovozi xalqaro maydonda ancha baland. Rossiya-Ukraina ziddiyatdan tashqari, NATO, Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasida, Siriya, Iroq, Liviya, Kavkazda xavfli geosiyosiy eksprementlar o‘tkazayotgani ta’kidlanadi. 

Muxolifat bularning kasofati 2017 yildan amalda kelayotgan prezidentlik tizimida, deydi. Uning o‘zi mamlakatni parlament respublikasiga aylantirish niyatida. 

Davlat rahbarini mamlakatni kataklizmga tayyorlamagani va 48 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan fevral zilzilalarida ayblashadi. 

Erdog‘anning o‘zi “biz ishimizni bilamiz”, deydi va mudofaa sanoati ehtiyojlarimizning 80 foizini qoplash darajasiga yetdi, deb mag‘rurlanadi. 

Muxolifat g‘alabadan keyin Turkiyani NATOdan chiqarishni va YeIga kirish harakatlarini to‘xtatishga chog‘lanmoqda. 

Avvalgi “jumalar”da ta’kidlaganimizdek, Erdog‘anning yetakchilik tajribasi katta, qolganlarda u ancha sust. Bu ham jiddiy muhim omil.

Saylov kurashi endi avj olmoqda, syurprizlar hali oldinda, deydi ekspertlar. Vaziyat beqaror, hammasi ovoz berish kuni hal bo‘ladi. Ungacha esa nomzodlar bir-birlarining asablarida o‘ynashda davom etishadi...

Azobda qolgan Sudan xalqi...

Ramazon oyida, 15 aprel kuni Afrika davlatlari ichida eng diniy, deb bilinadigan poytaxt Xartum ahli sahar payti to‘satdan tinimsiz otishmalardan uyg‘ondi. Armiya va tezkor harakat (maxsus) kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qisqa paytda mamlakatning 18 shtatidan oltitasiga ko‘chadi. Shu kunning o‘zida Yevropa va AQSH, shuningdek, BMT otishmani to‘xtatish, inqirozni kuchaytirmaslik va muzokaralar boshlashga da’vat qilishadi.

Переворот в Sudanе: тысячи людей протестuют против захvaта влasти военными,  трое uбиты - BBC News Рuсская слuжба

Sudanda so‘nggi ikki yilda bu uchinchi harbiy to‘ntarish, agar mustaqilikka erishgan 1956 yildan hisoblansa, bu oltinchisi. Bu orada 12 marta to‘ntarishga urinish bo‘lgan, 17 marta fitnaning oldi olingan.

Sobiq prezident Umar al-Bashir armiya, diniy radikallar va partiyasiga tayanib, davlatni boshqargan. 2019 yilning aprelida sotqinlik yo‘liga o‘tgan armiya hukumatni qo‘lga oladi va uni hibsga tashlaydi. O‘tish suveren kengashi raisi etib, xalqqa noma’lum shaxs - Abdalla Hamdok tayinlanadi. Mamlakatdagi konstitutsion tartib buzila boshlaydi. 

2021 yilning oktyabridagi navbatdagi to‘ntarish natijasida hokimiyat armiya qo‘liga o‘tadi, general Abdel Fattoh al-Burxonga kengashga rahbarlik qilish topshiriladi.

Eng muhimi bu putchni asli ismi Muhammad Hamdon Daglo bo‘lgan Hamedti laqabli tezkor kuchlar qo‘mondoni qo‘llaydi. Oqibatda u kengashning vitse-prezidentligiga erishadi.

Sudan logistika va Afrikaning shimoliy-sharqiy va sharqiy qismlarini umumiy nazorat qiladigan muhim ahamiyatga ega. Lavozimdan ag‘darilgan Abdalla Hamdok orqasida AQSH turgan edi, armiya generali Abdel al-Burxonni mintaqaning yetakchi mamlakatlaridan Misr qo‘llaydi. 

Umar al-Bashirning oson “ag‘darilishi” Tramp va Isroil ma’muriyatining manfaatlariga to‘g‘ri kelgan ko‘rinadi, deydi ekspertlar. 

AQSH tashabbusi bilan arab davlatlari Isroil bilan munosabatlarini tiklash jarayoni davom etmoqda. Sudan ham birinchilardan bo‘ldi. Buning evaziga unga qo‘llanilgan sanksiyalar va qarzdorlik muammolari hal etildi. 1958 yildan beri Isroilni boykot qilish 2021 yilda barham topdi. 

Sudan armiyasi Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori, chunki u hokimiyatga o‘zida saqlab qolmoqchi. Omma fikriga quloq soladigan muxolifat bu davlat bilan aloqalarni istamaydi.

Abdel Fattoh al-Burxon Qohirada harbiy ta’lim olgan, Wall Street Journal nashriga ko‘ra, to‘qnashuvdan bir necha kun oldin Misr prezidenti Abdel Fattoh as-Sisi bilan ko‘rishgan...

Qohiraning siyosiy va moliyaviy  ko‘magida Burxon maxsus kuchlarni armiya tizimiga qo‘shib olmoqchi. 

Mish-mishlarga ko‘ra, Meroedagi bazada Misr Harbiy havo kuchlari joylashgan, Burxon aeroportni misrliklarga doimiy foydalanishga berish niyati bo‘lgan.

To‘qnashuvning dastlabki soatlarida maxsus kuchlar aeroportni egallashga intilishgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda Misrning o‘nlab MiG-29 uchoqlari turgan. Shuningdek, poytaxt yaqinidagi Maravida misrlik ofitser va askarlar qo‘lga olingan.

Tezkor kuchlar va armiyada taxminan yuz ming nafardan askar bor.

Mamlakatning 40 foiz oltini eksportini Hamedtining akasi al-G‘aniy Daglo nazorat qiladi. Bu boylik arab davlatlari bilan aloqalar va siyosiy qo‘lloviga ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Sudan armiyasi va tezkor kuchlari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyada turib, Yamanda xusitiylarga qarshi janglarga qatnashishgan. Harbiy tajriba orttirib, 2019 yilda vatanga qaytishgan... 

Armiya ham, maxsus kuchlar ham janglarni davom ettirishlari haqida gapirmoqdalar. Ikkala kuch ham o‘z xalqini o‘ylamayapti. Muborak ramazon oyidaki shunday qirg‘in-barotga borishdi, boshqa oylarda ulardan yana nimalar kutish mumkin? Buni taxmin ham qila olmaymiz... 

Bugungcha shu.

Kelasi jumada xabarlashguncha!

 

Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi