Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jumadan jumagacha
21:48 / 2022-10-28

Xitoy kelajagi...

Xitoy kelajagi...

23 oktyabrda Xitoy raisi, 69 yoshli Si Szinpin uchinchi besh yillik muddatga Kommunistik firqa Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylandi.

Kommunistlarning 20-qurultoyi ishida MQ Siyosiy byurosi va Doimiy faoliyat yuritadigan qo‘mita tarkibi yangilandi.

Oliy rahbariyat tarkibiga yangi nomlar qo‘shildi, ishonchni oqlamaganlar vazifasidan chetltildi. Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Xalq vakillari umumxitoy yig‘ini (parlament) raisi Li Chjanshu, Xalq siyosiy maslahatlashuv umumxitoy qo‘mitasi raisi Van Yan hamda Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Xan Chjen yangi ro‘yxatdan tushib qoldi. Demak, bu to‘rtlik kelasi yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan xalq vakillari umumxitoy yig‘ini – parlament sessiyasidan so‘ng o‘z vakolatini topshirib, nafaqaga chiqadi.

Partiya Siyosiy byurosi a’zosi Li Syan Shanxay partiya qo‘mitasini ham boshqargan. U Davlat kengashi Bosh vaziri lavozimiga asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilyapti. Yangi rahbar hukumatni 10 yil boshqargan 67 yoshli Li Ketsyanni almashtiradi. Aslida, Shanxayda ishlagan siyosatchilarning ko‘pchiligi partiya va davlat arbobi bo‘lib yetishgan.

65 yoshli Chjao Letszi Siyosiy byuroga a’zo bo‘lishi bejiz emas, demoqda tahlilchilar. So‘nggi to‘rt yil Kompartiya markaziy komissiyasining tartib-intizomni tekshirish bo‘yicha kotibi bo‘lib ishlagan bu siyosatchining parlament raisi bo‘lishi ehtimoli yuqori. Aytilishicha, Chjao Letszi i Si Szinpinning otalari qalin do‘st bo‘lishgan, oilaviy bordi-keldi qilishgan.

Tashqi ishlar vaziri Van I va Xitoyning AQSHdagi elchisi Sin Ganning Siyosiy byuroga kirishi Pekin va Vashington munosabatini yanada rivojlantirish maqsadi alomati, deyishyapti ekspertlar.

Sin Gan Van Ining o‘rniga tashqi ishlar vaziri bo‘lishi kutilmoqda, uning Amerikadagi faoliyati yaxshi baholanmoqda.

69 yoshli Van I 2013 yildan buyon tashqi siyosiy mahkamani boshqarib keladi. Ehtimol, u o‘n yildan beri Kompartiya MQ tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Yan Szechi o‘rnini egallar... AQSH va XXR o‘rtasidagi munosabatni barqarorlashtirishda bu siyosatchining hissasi katta.

Tahlilchilar Si Szinpin to‘rtinchi muddat ham, ya’ni 2033 yilgacha Xitoyni boshqarishini taxmin qilishyapti. Bunga asos o‘laroq, davlatning turli rivojlanish dasturlari 2035 yilgacha qabul qilinayotgani keltirilmoqda.

Komfirqaning 20-s’ezdi nafaqat Xitoyda, balki butun dunyoda ko‘p yillar tildan tushmaydigan voqea sifatida tarixga kiradi. Davlatni o‘n yil (2003-2013 yillar) boshqargan Xu Szintao 22 oktyabr kuni qurultoyning yopilish yig‘ilishida qatnashayotgan edi. Marosim tugashiga oz vaqt qolganda ikki kishi qo‘ltig‘idan olib, uni zaldan olib chiqdi. Ketar chog‘i u Si Szinpinga bir nimalar dedi, hukumat rahbari Li Ketsyanning yelkasiga qoqib qo‘yadi.

Bu xabarni dastlab “Sinxua” agentligi tarqatib, sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Xu Szintao zaldan chiqib ketishga majbur bo‘ldi, deb yozdi.

Aslida-chi, nima bo‘lgandi?

Oradan bir necha kun o‘tib, ijtimoiy tarmoqda avvaliga qisqa, keyin biroz chshzilgan o‘sha kungi voqea aks etgan tasvirlar paydo bo‘la boshladi. Hozir aytmoqchi gapimizning bari taxmin. Bo‘lgan voqeaga, hatto, Tashqi ishlar vazirligi ham javob berishni ep ko‘rmadi.

Rasmiy vakil Van Venbin mazkur hodisa diplomatik savol emasligini aytib, vaziyatni sharhlashdan qochdi.

Xullas, Xu Szintao Si Szinpinning yonidagi qog‘ozga qo‘l cho‘zadi, rais esa hujjatni olib ko‘rishga qo‘ymaydi. Orada qisqa so‘zlashuv bo‘lib o‘tadi. Bir ozdan keyin yordamchilarini imlab chaqirgan davlat rahbari 79 yoshli Xu Szintaoni zaldan chiqarib yuborish buyrug‘ini beradi.

Boshqa bir taxminga ko‘ra, sobiq rahbar Si Szinpindan nutq so‘zlashga izn so‘ragan.

Asl voqea tafsilotini bundan keyin ham hech aytib berolmasa kerak, chunki kommunistik rejim bunga yo‘l qo‘ymaydi...

Yangi yetakchi Sunak...

Liz Trass Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimini tark etgach, Rishi Sunak 2-3 kun ichida avval konservatorlar partiyasi va keyin hukumat rahbari etib saylandi.

Xo‘sh, Rishi Sunak kim o‘zi?

Uning oilasi o‘tgan asrning 60-yillarida Keniyadan Angliyaga ko‘chib o‘tgan. 2019 yil “BBC”ga bergan intervyusida Rishi “Mening ota-onam bu yerga o‘z hayotini qurish uchun kelgan”, degandi.

42 yoshli, hind migranti oilasidan chiqqan ilk Bosh vazir avvalroq moliya vaziri bo‘lgan. Doim o‘ziga oro berib, chiroyli kiyinib yurishi bilan diqqatni tortadi. Spirtli ichimlikning yaqiniga ham yo‘lamaydi.

Sinfdoshi ta’biri bilan aytganda, “yetarlicha aqlli, yetarlicha bilimli, martaba-karera qilish uchun yetarli farosatga ega”.

Intervyularidan birida irqchilikka, deyarli, duch kelmaganini aytgan. Oilasining obro‘si va nisbiy farovon turmush tarzi shuni taqozo etgan.

- Madaniy kelib chiqishim shunday-ki, dam olish kunlari ibodat qilish uchun cherkovga boraman, “Sautgempton” futbol klubi o‘yinlarini tomosha qilib turaman, - deydi u.

Otasi vrach, onasining xususiy dorixonasi bo‘lgan. Hindlarning mashaqqatli mehnat va akademik muvaffaqiyat qadrlanadigan an’analariga sodiq qolgan oilaning farzandi.

Vinchester kollejida, qimmat xususiy maktabda o‘qib, Oskfordgacha yetib borgan. Keyin Amerikada iqtisod bo‘yicha ta’lim olgan.

Stenfordda o‘qib yurgan kezlari bo‘lajak rafiqasi, xalqaro dasturiy ta’minot giganti bo‘lmish “Infosys” kompaniyasi hamta’sischisining qizi Akshat Murti bilan tanishadi. Londonga qaytgach, iqtisod va moliya sohalarida ishlaydi.

Sunak Britaniya parlamentining eng boy deputatlaridan sanaladi. Uning shaxsiy boyligi 240 million dollarga baholangan.

Siyosiy martabasi konservativ partiya deputati bo‘lib saylangan 2015 yildan boshlangan, besh yildan keyin Boris Djonson uni moliya vaziri etib tayinlaydi.

Joriy yil bahorida Rishining rafiqasi soliq firibgarligida ayblanadi. Hindiston fuqarosi ekani, “Britaniyada doimiy yashamagani” uchun millionlab funt soliq to‘lamagani oshkor bo‘ladi.

Jamiyatda bunday voqea juda yomon qabul qilinadi. Parlament quyi palatasi odob-ahloq qo‘mitasi Sunakning ayoli mamlakat qonunlarini buzmagan, deb qaror chiqarib beradi.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga qaraganda, uning boyligi 600-900 million dollar atrofida. Bu yil er-xotin “The Sunday Times” gazetasiga ko‘ra, Birlashgan Qirollik boylari ro‘yxatida 222-o‘rinni egalladi.

Sunakning qo‘lida AQSHda yashash va ishlash huquqini beradigan “yashil karta” bor. Oilasida ikki qiz o‘syapti.

“YouGov” ijtimoiy tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, 68 foiz britaniyaliklar yangi Bosh vazir vazifasini Liz Trassdan yaxshiroq bajaradi, deb hisoblagan.

Respondentlarning, qariyb, 29 foizi uning “yomon yoki dahshatli” rahbar ekanini aytgan. So‘rovda qatnashgan 52 foiz aholi Sunakning 2020 yil fevral - 2022 yil iyul oralig‘ida moliya vaziri sifatida olib borgan faoliyatini yuqori baholagan.

Sunak hukumatni qanday boshqarishini esa vaqt ko‘rsatadi...

Eronda nima gap?

26 oktyabr kuni Maxsa Aminiy tug‘ilgan Sakkez shahridagi qabristonda uning vafotiga 40 kun to‘lishi munosabati bilan yuzlab kishilar namoyishga chiqdi. Ular “Ayol, hayot, erkinlik!”, “Diktatorga o‘lim!”, deb baqirib-chaqirib turishdi.

Bir guruh odamlar Eronning oliy yetakchisi Oyatulla Ali Humayniyga ishora qilib, “Bu yil – qon yili bo‘ldi, Sayid Alini ag‘darib tashlaymiz”, deya ovozlarini balandlatdi.

13 sentyabr kuni 22 yoshli Maxsa Aminiy Tehrondagi politsiya idorasiga olib kelinganda, qizda yurak xuruji ro‘y beradi. Uch kundan keyin u kasalxonada vafot etadi. Ertasiga ijtimoiy tarmoq orqali yosh qiz politsiya xodimlari kaltagi natijasida o‘lim topgani to‘g‘risida xabar tarqalgach, butun mamlakat bo‘ylab norozilik to‘lqini boshlanib ketadi.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy marhumaning oilasiga telefon qilib, ta’ziya bildiradi.

Maxsaning o‘limi, uch yildirki, yirik namoyish kuzatilmagan mamlakatda odamlarni ko‘chaga chiqardi. Maktab o‘quvchi-qizlari, yosh ayollar norozilik boshida turishdi. Ular egnilaridagi hijob va ro‘mollarini yoqdi, politsiya bilan janjallashdi.

Mamlakat Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, birgina poytaxtda bo‘lib o‘tgan aksil hukumat namoyishida ayblanganlar soni 300 dan oshdi, qo‘zg‘olonchilarning ayrimlariga nisbatan qamoq jazosi belgilangan.

Tehron prokurori Ali Solihiyning aytishicha, “moxarebe" – “Allohga qarshi jihod”da ayblangan to‘rt mahkumni o‘lim jazosi kutmoqda. Ularning qilmishi Eron qonunchiligida o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanadi.

To‘rt “isyonchi”, shuningdek, noqonuniy qurol olib yurish, huquq-tartibot idorasi xodimiga ozor berish, mamlakat xavfsizligiga putur yetkazish, davlat mulkini yo‘q qilish hamda o‘t qo‘yishda ayblangan.

Eron poytaxtida jami 315 kishiga “mamlakat xavfsizligiga rahna solish maqsadida yig‘ilish va til biriktirish”, “hukumatga qarshi targ‘ibot olib borish” va “jamoat tartibi va tinchligini buzish” ayblovi qo‘yildi.

Mamlakatning yuzga yaqin shahrida norozilik namoyishlari tinmayapti. Ular Maxsa Aminiyning o‘limi aybdorlari jazolanishini talab qilayotgan bo‘lsa, hukumat namoyishlar xorijdan uyushtirilmoqda, deya harakatlarni ayovsiz bostirishda davom etmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida bir yarim ming odam hibsga olingani yozildi. Erondagi inson huquqlari va xalqaro “Human Rights Watch” tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, “isyonchilar”ning 200 dan ko‘pi, jumladan, 23 bola halok bo‘lgan.

Bu yaxshilik alomati emas, afsuski...

Buguncha shu!

Kelasi jumada xabarlashguncha!

Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi