French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jumadan jumagacha
19:21 / 2022-09-30

Qo‘poruvchilikmi yoki avariya?.

O‘tgan haftaning tashvishli xabarlaridan biri Yevropaga rus gazini yetkazib beruvchi “Shimoliy oqim”ning ikkala quvuri ham bir paytning o‘zida uch joydan teshilgani edi. G‘arb mamlakatlari Kremlning Yevropa Ittifoqiga qarshi energiya urushi e’lon qilganini aytishmoqda. 

Rossiya-Ukraina inqirozi keskin bo‘lib turgan chog‘da bunday noxush voqea shunday tusmollikka yo‘l ochdi. Eng yomoni, Yevropada 1 oktyabrdan isitish mavsumi boshlanmoqda va ayni hodisa Boltiq dengizining xuddi shu sektorida - Bornxolm oroli atrofida Norvegiyadan Polshaga suv osti yo‘lidan muqobil gaz quvuri ochilishi arafasida sodir bo‘lganidir.

Daniya va Shvetsiya hukumatlari seysmologiya stansiyalari darhol suv ostida qudratli portlash bo‘lgani xabarini berdilar.

Bugungacha voqea tafsiloti hali ko‘pam aniq emas. Turli taxminlar ko‘rib chiqilmoqda.

Norvegiyaning neft va gaz xavfsizligini ta’minlash idorasi “PSA” o‘sha sirli avariya kuni dengiz platformalarida noma’lum uchuvchi jismlar  kuzatilganidan xabardor qildi.

Rossiya fevral oyidan beri “gaz bilan o‘ynashmoqda”. Sentyabr oyiga kelib, “Gazprom” “Shimoliy oqim-1”ni birdan o‘chirib qo‘ya qoldi.

Yevropa Rossiyani energetika blokadasi bilan ayblab turgan bir paytda Kreml “o‘zingiz aybdorsiz, sanksiya e’lon qildingiz, “Shimoliy oqim-2” uchun sertifikat berishdan voz kechdingiz”, deb javob qaytardi.

Yevropa ham alamdan, ham majburlikdan kechiktirmasdanoq harakatga tushdi: AQSH va arab mamlakatlaridan suyultirgan gaz sotib olishga shoshilmoqda. Hozircha dengizdan neft va gaz qazib oladigan Norvegiya quvurlaridangina uncha-muncha gaz oqib turibdi. 

Yevropa Rossiya gazidan umidini uzdi, boshqa gap yo‘q. Ukraina esa tranzit yo‘lini  va daromadni yo‘qotdi. Axir, Yevropaga gazning teng yarmi shu yo‘l orqali borardi. Amalda hozir faqat Turkiya marshruti ishlab turibdi.

“Gazprom” bilan Ukrainaning tranzit bo‘yicha operatori - “Naftogaz” kompaniyasi o‘rtasida ham gap-so‘z o‘tgan. Ular bir-biriga da’vogar. Ukrain kompaniyasi may oyida Rossiyadan keladigan gazni qabul qilishdan voz kechdi. Rus gazchilari Ukraina ustidan arbitrajga murojaat qilish niyatini bildirgan.

Qolaversa, “Gazprom” da’vosidan voz kechmasa, “Naftogaz”ga nisbatan sanksiya qo‘llashi to‘g‘risida ogohlantirdi. Ukraina gaz tranziti uchun  haq ololmay qolishi mumkin. Ukrainaga tanlov huquqi beriladi: bepul gazni erkin qabul qilish va o‘tkazib yuborish yoki quvurni batamom to‘sib qo‘yish.

Bu ko‘ngilsizlik Yevropa uchun qo‘shimcha tashvish keltirdi. Yevropa so‘nggi 50 yil ichida keng miqyosdagi energiya inqirozini boshidan kechirmoqda. Hali isitish mavsumi boshlanmasdan gaz uchun yarim trillion yevro sarflab qo‘ydi.

“Gazprom” Yevropaga mahsulot yetkazib berish qisqarganini texnik sabablar va sanksiyani bahona qilib ko‘rsatgan bo‘lsa, rus rahbariyati yevropaliklardan gaz uchun rublda hisob-kitob amalga oshirishni talab qilmoqda. 

Asosiy voqeaga qaytamiz. Rosa bir hafta o‘tgach, Rossiya yetakchisi avariyani “mutlaqo misli ko‘rilmagan holat, kerak bo‘lsa, bu xalqaro terrorizm”, deb aytdi. Hatto, Rossiya mazkur masala zudlik bilan BMT Bosh Assambleyasida ko‘rib chiqilishi zarurligini qo‘shib qo‘ydi.

Xitoyning “Global Times” nashri “Agar Rossiya va Yevropa davlatlari ushbu hodisa sababini o‘rganish uchun sa’y-harakatni muvofiqlashtira olsa, bu hamkorlik dushmanlikdan ko‘ra, tinchlikka ishora bo‘lardi. Qarama-qarshilik yumshashiga olib kelardi”, deb yozdi.

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays qo‘poruvchilikka ishora qildi. Nomini ochiqlamagan Amerika Mudofaa vazirligi vakili “Pentagonning bu ishga aloqasi yo‘q”, deb, “aksariyat hamkorlarimizning fikri bir joydan chiqmoqda – bu qo‘poruvchilik oqibati”, deya qo‘shimcha qildi.

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Daniya hukumatiga gaz quvurlaridagi hodisani o‘rganish bo‘yicha yordam taklif qildi. Daniya mudofaa vaziri Morten Byodskov esa “zarurat bo‘lsa, murojaat qilamiz” deb qo‘ya qoldi.

Boltiq dengizi atrofidagi xavfsizlik masalasi va “Shimoliy oqim” gaz quvurlaridagi avariya tafsilotini o‘rganish ancha vaqt talab etganidek, qarama-qarshi tomonlar bir-birini ayblashdan charchamaydigan ko‘rinadi. Bu ketishda Yevropa sovuq qishda issiq gazsiz qoladiganga o‘xshaydi...

Eronda nima gaplar?

So‘nggi ikki hafta ichida Eron tashqi siyosatda faollikni ancha oshirdi. Bugun esa bu davlatga ko‘z tegdi, deyish ham mumkin. AQSH bilan yadro bo‘yicha muzokara uzil-kesil hal bo‘lmay turib, Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a’zolik bo‘yicha dadil qadam tashlandi. Ketidan Nyu-Yorkka yetib borgan Prezident Ibrohim Raisiy BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasida nutq so‘zladi, Antoniu Guterrish va Emmanuel Makron bilan muzokara o‘tkazdi.

Amerikaning “EurasiaNet” nashri Ozarbayjon-Armaniston chegarasida vaziyat keskinlashgach, kutilmaganda Ozarbayjon va Eron o‘rtasida axborot urushi boshlanib ketganini yozdi. Bu Bokuning Zangezur (Armanistonning Syunik viloyatidan Ozarbayjonning Naxichevan anklaviga olib boradigan) yo‘lagini qurish g‘oyasi bilan bog‘liq. Eronda agar Yerevan Bokuning istagini qondirmasa, Armaniston bu hududidan ajralib qolishi mumkin, degan vahimachilar topilib qoldi.

Eronlik ekspertlar mazkur keskinlashuvdan AQSH va Isroil manfaatdor, deb bilishadi. Shuning uchun noma’lum kuchlar Eron Ozarbayjonni siyosiy to‘qnashuvga tayyorlamoqda, degan taxminlarni ilgari surish bilan ovora.

Kutilmaganda voqealar boshqa ssenariy asosida rivoj topdi. Tehronda kurd millatiga mansub 22 yoshli Maxsi Aminiy politsiya tomonidan ushlanishi va uning sirli ravishda o‘limi yuz berdi. Natijada avvaliga mamlakatning kurdlar ko‘p yashaydigan viloyatlarida, keyin butun  mamlakat bo‘ylab qattiq diniy qonunlar va ruhoniylar hukmronligiga qarshi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Aslini olganda, Eronda namoyish bo‘lib turishi yangilik emas. Keyingi yillarda tartibsizliklarning aksariyati iqtisodiy mushkulliklar sababli tashkil etilmoqda. 83 yoshli oliy yetakchi Oyatillo Ali Humayniyning sog‘lig‘i ancha yomonlashayotgani to‘g‘risida gap-so‘z urchib, voris kim bo‘lishi haqida tortishuv boshlab yuborildi.

Shundan keyin amerikalik amaldorlar va yevropalik siyosatchilar Eronda inson huquqi toptalmoqda, mamlakatda siyosiy vaziyat beqaror bo‘lib turibdi, degan shov-shuvga berilishdi.

“The New York Times”ga ko‘ra, kurd muammosi Eron muxolifati va g‘arb ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmoqda.

Aminiy bilan bog‘liq inqiroz Erondagi hozircha bizga ma’lum bo‘lmagan qandaydir mavhum sabablarga asoslanishi mumkin. G‘arb va Isroilning qo‘llab-quvvatlashi bilan ko‘plab kurdlar, terror guruhlari Tehronning tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatini ko‘rolmay, qarshi “kurash”ni boshlab yuborgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.

Yevropa uchun bu yil qish og‘ir kelishi aniq ko‘rinib qoldi. Endi qit’aga Rossiyaning o‘rnini to‘ldiradigan Yaqin Sharq gazi suv bilan havodek zarur. Buning uchun Eron bilan muzokara olib borish kerak-ki, bu davlatni AQSHga qarshi da’vo qilishdan qaytarish lozim.

Buning oqibatida Eronning o‘zida liberallar va konservatorlar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi takrorlanishi mumkin.

Aminiyni qamoqqa olgan ma’naviy politsiya boshlig‘i ishdan haydaldi. Hazilmi, ikki haftada qirqdan ziyod odam vafot etdi. Binobarin, bu chora norozilik shiddatini sovutishga yordam beradimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi...         

AQSH va Xitoy orasidagi Tayvan

O‘tgan hafta Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 77-sessiyasidagi chiqishida Prezident Jo Bayden AQSH Xitoy bilan ziddiyatga borishdan va sovuq urushdan o‘zini tiyadi, deb bayonot berdi. 

Ketidan Amerika “yaxlit Xitoy” tarafdori ekani, Tayvan bo‘g‘ozini status-kvoga qaytarishga qarshi ekaniga diqqat qaratdi.

“Biz mazkur orolda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishiga intilamiz”, deya qo‘shimcha qilishni ham unutmadi. 

Xorijiy tahlilchilar Baydenning bor-yo‘g‘i bir necha kun ilgari, ya’ni 18 sentyabr kuni “CBS” telekanaliga intervyusida AQSH Qurolli kuchlari Xitoy bosqini bo‘lgan taqdirda Tayvanni himoya qiladi, tarzidagi bayonotiga e’tibor berdilar. Bir paytning o‘zida Vashington orolning mustaqilligini qo‘llamaydi, deb qo‘shib ham qo‘ygan edi o‘shanda Qo‘shma Shtatlar rahbari.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi kechiktirmasdan Amerika Prezidenti bayonotiga norozilik bildirdi. Baydenning ikki xil gapirishi “yaxlit Xitoy” tamoyili va Xitoy-Amerika uchta qo‘shma kommyunike nizomi qo‘pol buzilishini ko‘rsatmoqda, dedi. Pekin bayonotiga ko‘ra, bunday chiqishlar mustaqillikka intilayotgan Tayvanning ayrim kuchlarini ilhomlantiradi.

Keyinroq Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan yetakchining gapini silliqlamoqchi bo‘ldi: AQSH ma’muriyati Xitoy va Tayvan uchun yangi siyosat ishlab chiqmaganini bildirdi.

Tarixdan qisqa bahs etsak, Tayvan 1949 yildan beri o‘zini-o‘zi boshqarib keladi. Xitoy bilan fuqarolar urushida yengilgan Chan Kayshi orolga qochib, joylashadi. O‘sha paytdan Tayvan o‘z bayrog‘i va boshqa milliy ramzlarini saqlab kelmoqda. Xitoy doimiy ravishda va charchamay Tayvan davlatimizning bir viloyati, deydi.

AQSH Tayvan bilan diplomatik munosabatni 1979 yilda uzib, XXR bilan aloqa o‘rnatgan. Shu bilan birga hozirgacha Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni uzmagan, orolga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda.  

2020 yil Donald Tramp Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabat keskinlashuvidan foydalanib, Tayvan bilan aloqani faollashtirgan edi. Pekin bunga qarshi jiddiy norozilik bildirgan.

Orol atrofidagi keskinlik AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining avgust oyidagi Tayvanga tashrifidan keyin yana avj oldi.

Qo‘shma Shtatlarning turli davralarda vaziyatga qarab berayotgan har xil bayonoti chigallik davom etishidan darak bermoqda...

Hozircha shu gaplar...

Xabarlashguncha!

Abror G‘ULOMOV,

O‘zA siyosiy sharhlovchisi